Jurnalistlar Trampni sudga berdi
Olam
−
19:41 365 2 daqiqa
O‘tgan haftada jurnalistlari Oq uyga kirishi taqiqlangan uchta yangiliklar nashri AQSH Prezident Donald Trampga qarshi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qildi. Bu haqda “Politico” xabar berdi.
Xabar qilinishicha, Amerikaning CNN, Politico va MS NOW nashrlari federal sudga Donald Tramp va uning administratsiyasidagi uchta bosh maslahatchisiga qarshi da’vo arizasi kiritgan.
Ular to‘satdan joriy etilgan taqiqni “Konstitutsiyaga kiritilgan Birinchi tuzatishga bevosita tajovuz” hamda hukumat matbuot nima haqida xabar berishini hal qilmasligi to‘g‘risidagi tamoyilning buzilishi deb atab, o‘z jurnalistlarining Oq uyga kirish huquqini tiklashni talab qilgan.
“Oq uy oldindan ogohlantirmasdan va protsessual normalarga rioya qilmasdan, reportajlarimizga e’tiroz bildirgani sababli jurnalistlarimizning akkreditatsiyasini bekor qildi. Agar bu (Tramp administratsiyasining taqiqi) javobsiz qoldirilsa, matbuot erkinligiga hamda jamoatchilikning hokimiyat aralashuvidan xoli bo‘lgan mustaqil jurnalistikaga bo‘lgan huquqiga tahdid tug‘iladi”, deyiladi OAVlarning qo‘shma bayonotida.
Tashkilotlar Vashingtondagi AQSH Okrug sudidan administratsiya harakatlarini shoshilinch tartibda konstitutsiyaga zid deb tan olishni va ularning keyingi ijrosini taqiqlashni so‘ragan.
Da’vo bo‘yicha Trampdan tashqari, Oq uy apparati rahbari Syuzi Uayls, kommunikatsiyalar bo‘yicha direktor Stiven Cheng va Maxfiy xizmat direktori Shon Karran javobgar sifatida tortilgan.
Ma’lumot uchun, 18 sentyabr kuni AQSH Prezidenti CNN, MS NOW va “Politico” muxbirlariga Oq uyga kirishni taqiqlashini, chunki ushbu nashrlar go‘yoki feyk yangiliklar tarqatayotganini ma’lum qilgan. Ertasi kuniyoq ushbu nashrlar jurnalistlari o‘zlarining Oq uyga kiritilmagani haqida xabar bergan. Shundan so‘ng, Donald Tramp CNN, MSNBC va “Politico” logotiplari tushirilgan axlat xaltalari tasvirini e’lon qilgan.
Live
Barchasi