Jurnalistlar ta’qibga olinganmi? IIV munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Avvalroq, Ichki ishlar organlari xodimi Oyina.uz portali Bosh muharriri o‘rinbosari Inobat Ahatova hamda Gazeta.uz nashri fotomuxbiri Shohruh Haydarovning oila a’zolari bilan farzandlarining ijtimoiy tarmoq, xususan Facebook’dagi izohlari sabab suhbat o‘tkazgani, Ahtovaning ota-onasi Samarqand viloyati Narpay tumani IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga chaqiritirilib, suhbat o‘tkazilgani, Haydarovning Qarshi shahridagi uyiga esa IIB xodimlari qidirib kelgani haqida xabar bergan edik. Jamoatchilik orasida ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘layotgan ushbu hodisa bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov bayonot berdi. 

“Oyina.uz portali Bosh muharriri o‘rinbosari Inobat Ahatova hamda Gazeta.uz nashri fotomuxbiri Shohruh Haydarovning yaqinlari IIB xodimlari tomonidan chaqirilganligi holati o‘rganildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand viloyati Narpay tumani hamda Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar IIB rahbariyatining shaxsiy tashabbuslari bilan jamoatchilik faollari tomonidan jamiyatdagi turli hodisalarga hamda vaqtinchalik qiyinchiliklarga xolis yondashishlarini so‘rab, I.Ahatova va Sh.Haydarovning yaqinlari bilan suhbat uyushtirilgan”, deyiladi G‘iyosovning bayonotida.

Ta’kidlanishicha, I.Ahatova va Sh.Haydarovning oila a’zolariga qo‘ng‘iroq qilgan IIB xodimlariga tanbeh berilgan va bu holat yana takrorlansa, Ichki ishlar organlarining Axborot xizmatlari bilan bog‘lanish tavsiya qilingan. 

“Hurmatli jurnalistlar va jamoatchilik faollari, yuqoridagi holat o‘rganildi va mas’ullarga tanbeh berildi, kelajakda Ichki ishlar organlari xodimlarining jamoatchilik nazorati bilan bog‘liq faoliyatingiz bo‘yicha so‘rovlar yoki takliflar kelib tushganda Ichki ishlar organlarining Axborot xizmatlariga bog‘lanishingizni so‘raymiz”, deyilgan bayonotda.

Shuningdek, vazirlik voizi jamiyatda ochiqlik va shaffoflikning ta’minlanishi, ijtimoiy hodisalarga tanqidiy yondashuv faqatgina quvvatlanishini qo‘shimcha qilgan.

 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

158

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing