BBC jurnalisti Ibrat Safo IIBga chaqirtirildi

Jamiyat

image

BBC O‘zbek xizmati jurnalisti Ibrat Safo Toshkent shahri Chilonzor tumani Ichki ishlar bo‘limiga “suhbatga” chaqirilganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Facebook`dagi sahifasida yozdi.

“Yigirma yil Londonda BBC’da jurnalist bo‘lib ishlab, bugun mana men ham O‘zbekistondagi Ichki ishlar boshqarmasiga "suhbat"ga chaqirildim. Meni qidirgan Chilonzor tuman IIBsi xodimi "Jasur" to‘liq ism-sharifi va rutbasini aytishdan bosh tortdi”, deydi jurnalist.

Ibrat Safo 2017 yildan beri Chilonzor tumanida ro‘yxatda turmasligini, uning “propiska”si Londondagi O‘zbekiston elchixonasida ekanini bildirgan. 

“Meni "topish"dan avval u ikki marta 58 yashar nafaqadagi o‘qituvchi opamni bezovta qilgan va Chilonzor “RUVD”siga kelishini aytgan. Men opamga bormang dedim. Londondan telefon qildim”, deb yozadi BBC jurnalisti.

Ibrat Safoga ko‘ra, IIB xodimi jurnalist internetda O‘zbekiston haqida “negativ” yozgani uchun “Prezident administratsiyasi qoshidagi ommaviy axborot vositalarini monitoring qiluvchi markaz”dan topshiriq olganini aytgan. Gap 1 fevral kuni Facebook`da qoldirilgan quyidagi post haqida ketmoqda.

“Bir shahar hokimi o‘z hokimligi davrida shaharning qoq markazidagi bog‘ni quritib o‘rniga shaxsan o‘zi soqqa qilish uchun disneylend qurishi demokratik davlatlarda yirik siyosiy skandalga sabab bo‘lib, ko‘p boshlar dumalagan bo‘lardi. Lekin, O‘zbekiston boshqa mezonlar bilan yashaydi, albatta. Chuqurlashib qayoqqa ham borardingiz”, deb yozgan Ibrat Safo postida.

Jurnalistning aytishicha, IIB xodimi “O‘zbekiston hukumatini obro‘sizlantirish” to‘g‘risidagi qonun borligiga ishora qilgan, biroq bu qanday qonun ekaniga aniqlik kiritmagan. Ibrat Safo esa o‘z postida hech qanday ism-shariflar keltirmaganini, shunchaki vaziyat haqida yozganini bildirgan.

“Jasurning nechchi yoshligi yo jurnalistika borasidagi bilimini bilmayman, lekin u meni "patriot" bo‘lmaslikda aybladi va bunday postlarni yozishni to‘xtatishimni buyurdi. U o‘zining “patriot” ekanini ham aytdi. Aynan qanday mavzularda yozishim mumkinligi haqida maslahat so‘raganimda, javob bermadi. Qachon O‘zbekistonga kelishimni bilishga uringanida, undan aviachipta so‘raganim ham negadir unga yoqmadi. Endi shikoyatni Tashqi ishlar vazirligiga jo‘natar ekan. Suhbat BBC studiyasida yozib olindi”, deb yozadi BBC jurnalisti.

Eslatib o‘tamiz, 1 fevral kuni Toshkent shahrining sobiq hokimi, tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘zining 7 ta kompaniyasini, jumladan 2021 yilda Milliy bog‘ o‘rnida ochilgan Magic City parkini ham sotganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

jurnalist Ibrat Safo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing