Jurnalist do‘pposlandi va pichoqlandi
Olam
−
27 dekabr 2021
17038Joriy yilning 19 dekabr kuni Afg‘onistondagi Ufuq" axborot agentligi muxbiri Javid Yusufiy to‘rt nafar noma’lum shaxslar tomonidan Qobulning Dashte Barchi hudidagi uyiga ketayotganida kuzatilib, do‘pposlangan va pichoqlangan.
“Tolibon” yaqinda jurnalist Javid Yusufiyga uyushtirilgan hujumni chuqur o‘rganishi, aybdorlarni javobgarlikka tortishi va afg‘on muxbirlarining xavfsizligini ta’minlashi kerak”, deyiladi xalqaro Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (JHQQ)ning holat bo‘yicha bayonotida.
JHQQga hujum haqida xabar bergan jurnalistning do‘stiga ko‘ra, yigitlar Yusufiy qochishga urinayotganda, unga qayta-qayta musht tushirib, tepib, orqa qismiga bir necha marta pichoq sanchgan, so‘ng voqea joyidan qochib ketgan. Jurnalist ikkita mahalliy shifoxonaga olib kelingan, ikkisida ham uning jarohatlarini davolash imkoni bo‘lmagan va uchinchi joyda, Qobulning Ibn Sino shifoxonasida bir necha soat operatsiya qilingan.
Yusufiyning JHQQ aytishicha, bosqinchilar undan hech narsa olmagan va hujum paytida ulardan biri uni "ahmoq jurnalist" deb atagan.
“Tolibon” jurnalist Javid Yusufiyga shafqatsiz hujum uyushtirgan shaxslarni qo‘lga olish va ularni javobgarlikka tortish uchun zudlik bilan chora ko‘rishi kerak. Jurnalistlarga hujum qilganlarni jinoiy javobgarlikka tortish Afg‘onistonda matbuot erkinligini ta’minlash uchun muhim choradir”, deydi JHQQning Osiyo bo‘yicha koordinatori Stiven Batler.
Voqea ortidan Yusufiy “Tolibon” vakiliga qo‘ng‘iroq qilib, hujum haqida xabar bergan. Uning aytishicha, 13-sonli politsiya okrugidan bo‘lgan “Tolibon” agenti jurnalistni u olib kelingan birinchi shifoxonada uchratgan va uning ahvolini so‘ragan.
Xabarlarga ko‘ra, “Tolibon” hukumati hujumda "qurolli bosqinchilar"ni ayblagan.
Tashkilot bayonotida aytilishicha, jurnalist Yusufiyga birinchi marta tahdid bo‘layotgani yo‘q. U 2014 yilda “Arezo” telekanalida ishlab yurgan kezlarida ham do‘pposlangan. Keyinchalik u noma’lum shaxslardan qiynoq va o‘lim tahdidlari haqida xabarnomalar olgan. Shundan so‘ng, yashirinib yashashga, bir muddat jurnalistik faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.
Joriy yilning 15 avgust kuni “Tolibon” hukumatni egallab olganidan so‘ng, Yusufiy yashirincha “Ufuq” axborot agentligida ishlay boshlagan. Uning so‘nggi maqolalari ta’lim, jinoyatchilik, “Tolibon” hokimiyatni egallab olgandan keyin so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashuvi va “Tolibon” ostida ayollarning qarshilik ko‘rsatish istiqbollarini qamrab olgan.
“Ufuq” axborot agentligi mustaqil onlayn axborot platformasi bo‘lib, Afg‘onistondagi siyosiy, xavfsizlik va iqtisodiy masalalarni yoritadi.
“Tolibon” Matbuot kotibi o‘rinbosari Ahmadulloh Vosiq JHQQning Yusufiyga nisbatan hujum yuzasidan yuborgan so‘roviga javob bermagan.
LiveBarchasi