“Jumanji” filmi aktyori o‘ldirib ketildi (video)
Madaniyat-san’at
−
10:51 6620 2 daqiqa
“Jumanji” va “Top Gan: Meverik” filmlari orqali tanilgan amerikalik aktyor Jeyms Xendi Los-Anjelesda hujum oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda “New York Post” xabar berdi.
“Jumanji”, “Top Gan: Meverik” va “Taps” filmlarida rol o‘ynagan amerikalik aktyor Jeyms Xendi Los-Anjelesning Tarzana mavzesida pichoqlab ketilishi oqibatida vafot etdi.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 3 iyun kuni ertalab huquq-tartibot idoralari xodimlari tashvishli qo‘ng‘iroqdan so‘ng uylardan biriga yetib borgan. Voqea joyida ular ko‘krak qafasidan ko‘plab pichoq jarohatlari olgan va hushsiz holatda yotgan 81 yoshli aktyorni topgan.
Xendi shifoxonaga olib borilgan, biroq uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan. 44 yoshli Maykl Gledxill politsiya xodimlarining oldiga borib, qidirilayotgan shaxs aynan u ekanligini ma’lum qilgan. Keyinchalik ushbu erkak qotillikda gumon qilinib hibsga olingan.
Politsiya xabariga ko‘ra, Gledxill Xendining do‘stining o‘g‘li bo‘lib, voqea sodir bo‘lgan vaqtda onasi bilan birga yashab kelayotgan bo‘lgan. Hujumga nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lum. Gumonlanuvchiga nisbatan qotillik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Garov puli miqdori 2 million dollar etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Kelajakka qaytib” va “Mohir mergan” filmlari aktyori Jeyms Tolken Nyu-York shahrining Saranak ko‘li yaqinidagi uyida 94 yoshida vafot etgandi.
Live
Barchasi