Latakiyadagi qirg‘in Jo‘loniy uchun qora dog‘mi?

Tahlil

Suriyada salkam bir hafta davom etgan beqarorlik tinchidi. 6 mart kuni mamlakat tepasida turgan yangi hukumat O‘rtayer dengizi qirg‘oqlaridagi hududda jiddiy muammo bilan yuzlashgandi. Muvaqqat prezident Ahmad ash-Shara oldidagi eng qaltis masala bugun Suriyaning katta qismini nazorat qilayotgan kurd jangarilari bilan til topishish va ularning harakatlarini so‘ndirish deya ta’kidlanayotgan bir paytda Asad rejimining tarafdorlari ko‘pchilik uchun kutilmagan “syurpriz” tayyorlagani ma’lum bo‘ldi. Ammo ash-Shara buni “kutilgan muammo” deb ta’rifladi. Chunki eski rejim ag‘darilgandan buyon Tartus va Latakiya viloyatlarida Asad tarafdorlari hali ham yangi hukumat uchun jiddiy “bosh og‘rig‘i” bo‘lib kelayotgani ayon bo‘ldi. Asadlar mansub bo‘lgan alaviylar urug‘i mazkur hududlarda qaror topgan bo‘lib, hozirgi muvaqqat hukumatga u yoki bu ko‘rinishda qarshilik qilib kelgan. Yangi hukumatga tegishli xavfsizlik kuchlarining Asad tarafdorlariga qarshi hujumga o‘tishi esa yakunda mojaroning qonli ko‘rinish olishiga olib keldi. To‘qnashuvlarda esa umumiy hisobda mingdan ortiq odam halok bo‘lgani aytilmoqda. Ammo rasmiy Damashq hozirda mojaro tinchigani hamda vaziyat ancha barqarorlashganini ma’lum qildi. Biroq hukumat kuchlari tomonidan tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlik qilingani va ommaviy qatllar haqida gap-so‘zlar avjida. Bu esa hokimiyat tepasida kelganiga endigina 3 oy to‘lgan Ahmad ash-Sharaning reputatsiyasi va xalqaro maydondagi imijiga ta’sir qilish ehtimoli ham yo‘q emas. Chunki Latakiya va Tartusdagi voqealar bundan 14 yil oldin Bashar Asad tomonidan Idlibda yo‘l qo‘yilgan o‘ta qo‘pol xatoni eslatmay qo‘ymaydi. Chunki tinch aholiga nisbatan qirg‘in uyushtirilgan o‘sha lahzalar Suriyaning keyingi taqdirini belgilab bergandi. Xo‘sh, Ahmad ash-Shara ayni paytda bu masalada qanday yo‘l tutmoqda? U Asadning 2011 yilgi xatosini takrorlaydimi? Yoki allaqachon takrorlab bo‘ldimi?

“Asad qoldiqlari” bilan to‘qnashuv

“Hayat Tahrir ash-Shom” boshchiligidagi kuchlar 2024 yil dekabrda Suriyada Asadni ag‘darib, hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri ular Asad urug‘iga mansub alaviy ozchilik vakillarining muntazam hujumlariga duch kelishgan. 6 mart kuni esa Suriyaning yangi hukumati mamlakatdagi aholining 10/1 ini tashkil qiluvchi ushbu etnik guruhga qarshi yirik operatsiya boshladi. Amaldagi  hokimiyatning bunday harakati hokimiyatdan ag‘darilgan Asad rejimi tarafdorlari tomonidan xavfsizlik kuchlari xodimlariga amalga oshirilgan hujumlardan keyin sodir bo‘ldi. Aslida esa Asad qulagandan buyon yangi hukumat kuchlari u mansub bo‘lgan alaviylar ichida eski rejim tarafdorlarini tozalash ishlarini muntazam amalga oshirib kelgan. Bu ham o‘z-o‘zidan ikki o‘rtadagi ziddiyat alanga olishiga sabab bo‘lgan omillardan biri bo‘lgan. Shu tariqa “alaviylar qo‘zg‘oloni” deb atalayotgan mojaro avj oldi. Isyonga Asad rejimidan qolgan generallardan biri G‘iyos ad-Davla boshchilik qilgani aytiladi. Isyon boshlanganidan bir kun o‘tib, 7 mart sanasida “Hayat Tahrir ash-Shom”ning qo‘shimcha kuchlari ko‘magida qo‘zg‘olonchilar chekinishga majbur etilgan. Hududdagi tinch aholi qirg‘ini ham aynan shu kuni amalga oshirilgani aytilmoqda. Britaniyada joylashgan Suriya inson huquqlari observatoriyasi ma’lumotlariga ko‘ra, tinch aholi xavfsizlik kuchlari yoki hukumatparast jangchilar tomonidan qatl qilingan bo‘lishi mumkin. 

Zo‘ravonlik urinishlari ikki tomondan ham sodir etilgan. Xususan, Suriyaning SANA davlat axborot agentligi 8 mart kuni erta tongda “ag‘darilgan Asad rejimining qoldiqlari” qirg‘oq bo‘yidagi Latakiya shahrida joylashgan milliy shifoxonaga hujum uyushtirgani haqida xabar berdi. Asad tarafdorlari bir nechta uylarni yoqib yuborgan, mashinalarni o‘g‘irlab, xonadonlarni talon-toroj qilgan. SANA axborot agentligi xabariga ko‘ra, Asadning rejimi tarafdorlari SADCOP neft kompaniyasining Latakiyadagi ob’ektiga hujum qilgan. Suriya xavfsizlik kuchlari esa hujumni qaytarishga muvaffaq bo‘lgan. Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara esa isyonchilarni “kech bo‘lmasdan turib qurollarini tashlab, taslim bo‘lishga” chaqirdi. Suriya yangi hukumati xavfsizlik xizmati vakili qirg‘oq bo‘yidagi Latakiya va Tartus viloyatlari shaharlari, qishloqlari va tog‘larida “xavfsizlikni tiklash” bo‘yicha boshlangan operatsiya “Asad jangarilari qoldiqlari va ularni qo‘llab-quvvatlayotganlarga qarshi qaratilgan”ini aytdi va mahalliy aholini “uylarida qolish”ga chaqirdi.

10 mart kuniga kelib isyonchilarga qarshi qaratilgan operatsiya yakunlandi. Ammo ushbu mojaroda halok bo‘lganlar soni mingdan oshib ketgani haqida xabar berildi. Suriya Inson huquqlarini kuzatish observatoriyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 745 nafar qurbon oddiy fuqarolar bo‘lib, ularning aksariyati yaqin masofadan otib tashlangan. Halok bo‘lganlar ichida yana 125 kishi hukumat xavfsizlik kuchlari vakillari, 148 nafari esa Bashar Asad bilan bog‘liq qurolli guruh askarlari bo‘lgan. Mazkur mojaro yuqoridagi raqamlar bilan Suriyada 14 yildan buyon davom etayotgan beqarorlik yillarida ichidagi eng dahshatli qirg‘inlardan biri sifatida tilga olinyapti. Mahalliy aholi ko‘cha va bino tomlarida jasadlar yotganini, ularni olib ketishning imkoni bo‘lmaganini bildirgan. Qurollangan shaxslar mahalliy aholiga o‘z qurbonlarini dafn etishga ruxsat bermagan. Qayd etilishicha, Suriyadan qochayotgan odamlar asosan Livanga yo‘l olmoqda, ba’zilar esa Rossiya aviabazalaridan boshpana topgan.

Xatoni tan olish

Kecha, 10 mart kuni Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara Latakiya viloyatida yuz bergan inqiroz muvaffaqiyatli yengib o‘tilganini ma’lum qildi va so‘nggi voqealarni “kutilgan muammo” deb atadi. Suriya o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara Latakiya viloyatida armiya va hokimiyatdan ag‘darilgan Asad rejimi tarafdorlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarni Bashar Asad rejimi tarafdorlari tomonidan “o‘zlari bilmagan yangi Suriyani sinab ko‘rish harakati” deb izohladi. Suriya Mudofaa vazirligi vakili Hasan Abdul G‘ani ham xavfsizlik kuchlari va alaviy jangari guruhlari o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan Suriyaning Latakiya va Tartus viloyatlaridagi vaziyat barqarorlashganini ma’lum qildi. Mudofaa vazirligi vakili hukumat kuchlari harbiy operatsiyani yakunlab, “oldingi tuzumning qoldiq guruhlarini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldi”, deya bayonot berdi.

Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham 5 kunlik beqarorlik davrida mingdan ortiq qurbon berildi. Ba’zi manbalar halok bo‘lganlar soni 1300 dan oshgani haqida xabar berdi. Eng achinarlisi esa ularning asosiy qismi tinch aholidir. Ahmad ash-Shara boshchiligidagi yangi ma’muriyat isyonni bostirish davomida yo‘l qo‘yilgan ba’zi qo‘pol xatolarni rad qilmadi. Ammo ular bu uchun asosiy aybdor sifatida o‘z xavfsizlik kuchlarini emas, balki ularga o‘zboshimchalik bilan ixtiyoriy ravishda yordam bergan tarqoq guruhlarni aybladi. Shunday bo‘lsa-da, mazkur qonli mojaro davomida yo‘l qo‘yilgan xatolarni tekshirish va o‘limlar uchun aybdorlarni jazolash maqsadida maxsus qo‘mita tuzilgani ham ma’lum qilindi. Ash-Shara barcha aybdorlarni jazolashga va’da berdi.

Suriyani bugungi ahvolga solgan xato

Latakiyada sodir bo‘lgan qonli zo‘ravonliklar 14 yil oldin Idlibdagi bir shaharda Asad tomonidan qilingan Suriya tarixidagi eng halokatli qarorni yodga soladi. Negaki, bugungacha mavjud bo‘lgan ma’lumotlar ushbu ikki voqeada ham tinch aholi hukumat kuchlari tomonidan o‘qqa tutilganini anglatadi. O‘shanda Bashar Asad tomonidan Jisr ash-Shug‘ur shahrida qilingan qirg‘in Suriyaning bugungi ahvolga kelishida hal qiluvchi rollardan biri bo‘lib tarixga kirdi.

2010 yil dekabr oyida Tunisda boshlangan poraxo‘rlik va korrupsiyaga qarshi namoyishlar 2011 yilda butun Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi arab davlatlariga yoppasiga yoyilgandi. Tarixga “Arab bahori” nomi bilan kirgan mazkur jarayon hududlarda kelgusida boshlanajak qonli fuqarolar urushi uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Ko‘p o‘tmay Suriya ham ana shunday birodarlar urushi girdobida qoldi. Oliy hokimiyat va muxolif kuchlar o‘rtasida ayovsiz qirg‘inlar boshlandi. Ikki o‘rtada esa tinch aholi azob-uqubat iskanjasiga g‘arq bo‘ldi. Oddiy xalq ezg‘ilangan ko‘p sonli urushlardan biri 2011 yil iyun oyida Turkiya bilan chegarada joylashgan Idlibdagi Jisr ash-Shug‘ur shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu voqea Suriyaning dunyoda tutgan o‘rni va siyosiy imijining keyingi taqdirini belgilab berdi, shu o‘rinda Asadnikini ham. Poytaxt Damashqdan 330 km, Turkiya bilan chegaradan esa 20 km uzoqlikda joylashgan Jisr ash-Shug‘ur shahrida o‘sha paytda 50 ming aholi yashashardi. 6 iyun kuni shaharda 120 askar va politsiyasi namoyishchilar tomonidan yo‘q qilingani haqida xabarlar tarqaladi, xuddi bir hafta oldin Latakiyada isyonchilar tomonidan yangi hukumatning 13 nafar xavfsizlik xodimi o‘ldirilgani va uning ortidan to‘qnashuv jiddiylashib ketgani kabi. 14 yil oldin, o‘shanda, Suriya xavfsizlik kuchlari 9 iyun kuni shaharga yetib kelib, 12 iyun kuni erta tongda 200 ga yaqin harbiy texnika, jumladan, tanklar va vertolyotlardan foydalangan holda hududda operatsiya boshlaydi, xuddi bugun Latakiyada yangi hukumat kuchlari isyonchi alaviylarga qarshi operatsiya boshlagani kabi. 2011 yil yozida qilingan bu harakat butun dunyoda Asadning o‘z xalqiga qurol ko‘targan qotil rahbar sifatida gavdalanishiga olib keldi. Ammo Suriya davlat matbuoti, o‘sha paytda “Jisr ash-Shug‘ur yaqinida va shahar ichida hukumat armiyasi o‘z o‘rnini egallab, harbiy harakatlar boshlagan paytda shahar deyarli bo‘sh bo‘lgan”, deya xabar beradi. Armiya generali qo‘shinlar faqat o‘z safdoshlarining o‘limiga sababchi bo‘lganlarni topishga harakat qilayotgani, shaharni esa o‘qqa tutmaganini aytgan. Ammo mahalliy aholi jurnalistlarga politsiyaning o‘ldirilishi Asadning maxsus xizmatlari tomonidan atayin uyushtirilgani, bu orqali ular namoyishchilarga qarshi “javob terrori” uyushtirishni rejalagani haqida aytib bergan. Bir qancha jonli guvohlarning “Al-Jazeera”ga bergan ma’lumotlariga ko‘ra esa mazkur qirg‘in hukumat qo‘shinlari va politsiyaning bir qismi qo‘zg‘olon ko‘tarib, mahalliy aholiga qo‘shilgan holda hokimiyatga qarshi harakat qilgani uchun boshlangan. Shu tariqa, ushbu voqealar fonida shahardagi tinch aholi turli tomonlarga tarqab ketadi. 4000 dan ortiq suriyalik Jisr ash-Shug‘urdan atigi 20 km uzoqlikda joylashgan Turkiya bilan chegara tomon yo‘l oladi, xuddi hozir Latakiya va Tartusdagi qonli to‘qnashuvdan qochganlar Livanga yo‘l olgani kabi.

Shunday qilib, Asadning mazkur qadami juda-juda qimmatga tushgandi. Ammo bu diktator tomonidan o‘zining 24 yillik repressiv rejimi davomida yo‘l qo‘yilgan oxiri ko‘rinmas xatolar zanjirining boshlanishi edi, xolos. Asad rejimiga qarshi ko‘tarilgan noroziliklar uzoq yillik fuqarolar urushiga olib keldi. Mamlakat bo‘laklarga bo‘linib ketdi. Eng achinarlisi esa mazkur voqealar fonida mamlakat terrorizmning chirkin uyasiga aylandi. Insoniyat uchun eng jiddiy xavflardan biri – ISHID terrorchi tashkiloti Suriyada hosil bo‘lgan nazorat bo‘shlig‘ini to‘ldirdi. Asad esa ISHID va boshqa terrorchilar, shuningdek, isyonchi guruhlarga qarshi kurashda Rossiya va Eron yordamiga tayandi. U bu orqali mamlakatning ko‘plab hududlari ustidan nazoratni qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi, ammo Suriya bu ittifoqchilik oqibatida Moskva va Tehron manfaatlar zonasiga aylandi. Mazkur yillar davomida Bashar Asad Rossiya kuchlari yordamida tinch aholini qirg‘in qilishda davom etdi. To‘g‘ri, Rossiya havo hujumlari ISHID va boshqa terrorchilarga qaratilgandi. Ammo ma’lum muddat davomida 6000 ISHID jangarilari yo‘q qilinishi bilan bir vaqtda 10000 dan ortiq tinch aholi ham halok etilishi odatiy holga aylangandi. Basharning repressiv rejimi ho‘l-u quruqni birdek yoqdi. Fuqarolar urushi esa umumiy hisobda yarim million odamning halok bo‘lishiga sababchi bo‘ldi. Shu va boshqa faktorlar oxir-oqibat Asad rejimiga nuqta qo‘yilishiga olib keldi. Bu jarayonlarning ortida turgan eng asosiy omillardan biri esa, uning o‘z aholisi, fuqarolariga o‘q uzgan ekanini unutmaslik lozim. O‘tgan kunlar davomida ash-Shara ham shu xatoni takrorladimi yoki yo‘q, buni aniq aytish qiyin. Biroq nima bo‘lgan taqdirda ham u Asad bilan olib borgan 14 yillik qarama-qarshiligi davomida uning xatolaridan xulosa chiqargan bo‘lishi kerak. Aks holda Suriya tez orada yana terrorizm, qon to‘kilishi va boshqa xunrezliklar markazi maqomiga qaytadi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Bashar Asad Idlib Arab bahori Damashq Hayat Tahrir ash-Shom Ahmad ash-Shara Tartus va Latakiya Jisr ash-Shug'ur

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing