“Juda afsusdaman“. Erdo‘g‘an Trampga hamdardlik bildirdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali “juda yaxshi” suhbat o‘tkazdi. Bu haqda Turkiya Prezidenti administratsiyasi huzuridagi kommunikatsiyalar boshqarmasi xabar berdi.

Erdo‘g‘an suhbat davomida mintaqaviy mojaroda o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirish ijobiy holat ekanini ta’kidlagan va konstruktiv tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini bildirgan. U tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni oqilona yondashuv asosida hal qilish imkoniyati borligiga ishonch bildirgan.

Turkiya rahbari Suriya hududida barqarorlik o‘rnatilishi butun mintaqa uchun muhim yutuq bo‘lishini aytgan. Shu bilan birga, Turkiya Suriya masalasida o‘z qo‘llab-quvvatlashini davom ettirishini ta’kidlagan. U Livandagi vaziyat yanada keskinlashib ketishining oldini olish zarurligiga ham e’tibor qaratgan.

Erdo‘g‘an, shuningdek, Anqarada bo‘lib o‘tadigan NATO sammitiga tayyorgarlik davom etayotganini va uni har tomonlama muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun barcha zarur choralar ko‘rilayotganini bildirgan.

Turkiya Prezidenti AQSHdagi San-Diyego shahridagi masjidga qilingan “dahshatli hujum” munosabati bilan hamdardlik bildirgan. U Turkiya har qanday nafratga asoslangan jinoyatlarga, ular qaysi diniy jamoaga qarshi qaratilgan bo‘lishidan qat’i nazar, qat’iy qarshi ekanini ta’kidlagan.

Donald Tramp esa Erdo‘g‘an bilan bo‘lgan telefon suhbatini “juda yaxshi” deb baholagan. AQSH Prezidenti ham Vashington yaqinidagi Endryus harbiy bazasida jurnalistlar bilan suhbatda Erdo‘g‘an bilan juda yaxshi munosabatlari borligini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Erdo‘g‘an “qattiqqo‘l inson”, ammo u bilan boshqa hech kimda yo‘q darajadagi yaxshi munosabatlar mavjud. Tramp, shuningdek, Erdo‘g‘anni haqiqiy ittifoqchi deb bilishini, ba’zilar bunga shubha qilsa ham, u uni yaxshi ittifoqchi deb hisoblashini va Turkiya xalqi uni hurmat qilishini qo‘shimcha qilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 may kuni AQSHning Kaliforniya shtatidagi San-Diyego okrugidagi masjidga hujum uyushtirilgandi va oqibatda uch nafar erkak halok bo‘lgandi. O‘qqa tutilganlardan biri masjid qo‘riqchisi bo‘lgan. Politsiya fikricha, u “yanada kattaroq hujumning oldini olishda hal qiluvchi rol” o‘ynagan.


Maqola muallifi

Teglar

Tramp Erdo'g'an suhbat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing