JSST dunyoda vabo tarqalishi xavfini juda yuqori deb baholadi
Olam
−
13 Sentabr 2025 3491 2 daqiqa
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) vabo tarqalishining global xavfini juda yuqori deb hisoblamoqda va butun dunyo mamlakatlarida o‘lim darajasini kamaytirish hamda kasallik tarqalishini jilovlash uchun shoshilinch choralar ko‘rmoqda. Bu haqda BMT Axborot xizmati xabar berdi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kasallikka chalinayotganlarning ham, undan vafot etayotganlarning ham soni ortib bormoqda. 2024 yilda qayd etilgan vabo bilan kasallanish holatlari soni 2023 yilga nisbatan 5 foizga ko‘paygan, o‘limlar esa 50 foizga oshgan. 6 mingdan ortiq odam oldini olish va davolash mumkin bo‘lgan ushbu kasallikdan vafot etgan.
2024 yilda vabo 60 mamlakatda qayd etilgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 45 ta edi. Dastlabki ma’lumotlar 2025 yilda ham global vabo inqirozi davom etayotganini ko‘rsatmoqda: yil boshidan buyon 31 mamlakatda kasallik tarqalishi haqida xabar berilgan. Vabo eng ko‘p Afrika, Osiyo va Yaqin Sharqda tarqalgan.
“Mojorolar, iqlim o‘zgarishi, aholining ko‘chishi va toza suv hamda gigiyena vositalarining doimiy tanqisligi vabo kasalligining o‘sishiga sabab bo‘ldi. Vibrio cholerae bakteriyasi qo‘zg‘atadigan bu kasallik iflos suv orqali yuqadi”, deyiladi xabarda.
Vaboga qarshi kurashish uchun hukumatlar, donorlar va mahalliy hamjamiyatlar aholiga xavfsiz suv va gigiyena vositalarini ta’minlashi, o‘zini asrash bo‘yicha aniq ma’lumot berishi, zarur davolash choralarini qisqa muddatda ko‘rsatishi va kasallik tarqalgan taqdirda aholi orasida emlash o‘tkazishi zarur. Samarali epidemiologik nazorat va diagnostika bunday choralarni amalga oshirishga yordam beradi. Shuningdek, vaksina ishlab chiqarishga qo‘shimcha investitsiyalar talab etiladi.
Qayd etilishicha, vabo uchun mo‘ljallangan yangi innovatsion vaksina (OCV) Euvichol-S® 2024 yil boshida oldindan tasdiqdan o‘tgan. Biroq 2024 va 2025 yillarda vaksina yetkazib berish sur’ati ehtiyoj darajasidan ortda qolmoqda.
Ma’lumot uchun, vabo – xavfli ichak infeksiyasi bo‘lib, asosan iflos suv yoki oziq-ovqat orqali yuqadi, uning asosiy belgilari suvdek ich ketishi, qusish va tez suvsizlanishdir. Davolashning eng muhim yo‘li – suyuqlik va tuz balansini tiklash hamda og‘ir holatlarda antibiotiklar qo‘llash. Kasallikning oldini olish uchun esa toza ichimlik suvidan foydalanish, gigiyena va sanitariya qoidalariga rioya qilish zarur.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yamanda insonparvarlik yordami to‘xtatilishi fonida mamlakat hududining 96 foizida xolera (vabo) holatlari qayd etilgani haqida xabar berilgan edi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yaman bo‘yicha vakolatxonasining rahbari o‘rinbosari Nuha Mahmudning nashrga aytishicha, ushbu xolera epidemiyasi “dunyodagi eng dahshatlisi bo‘lib qolmoqda”. Unga ko‘ra, joriy yilning yanvar oyidan iyul o‘rtalarigacha mamlakatda 50 ming xolera bemorlari aniqlangan va 149 kishi halok bo‘lgan.
Live
Barchasi