JSST 2022 yilda pandemiyani tugatish shartini aytdi
Olam
−
03 yanvar 2022
107982022 yil dunyo davlatlari vaksinalarni tarqatishdagi adolatsizlik va tengsizlikka barham berishga muvaffaq bo‘lsa, koronavirus pandemiyasining so‘nggi yili bo‘lishi mumkin. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adhanom Gebreyesus e’lon qildi.
Gebreyesusga ko‘ra, koronavirusning “omicron” shtammi paydo bo‘lishiga “ba’zi mamlakatlarda vaksinalarning haddan tashqari ko‘p yig‘ilishi” sabab bo‘lgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘z fuqarolariga uchinchi emlashni taklif qilgan dunyoning boy mamlakatlarini bir necha bor tanqid qilgan. JSST rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu yondashuv “omicron”ning paydo bo‘lishi uchun ideal sharoitlarni yaratgan.
“Adolat tamoyili qanchalik uzoq davom etsa, bu virusning biz oldini ham ololmaydigan, bashorat ham qila olmaydigan keyingi o‘zgarishi xavfi shunchalik past bo‘ladi”, degan Gebreyesus.
“Omicron”ning paydo bo‘lishi dunyoda kasallanishning keskin o‘sishiga olib keldi, ammo dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu variant kasallikning og‘ir kechishiga olib kelmaydi va kasallanganlarning shifoxonaga yotqizilish ehtimoli ham past.
Shunga qaramay, dunyo mamlakatlari rasmiylarining xabar berishicha, kasal va o‘zini izolyatsiya qilishga majbur bo‘lgan xodimlarning ko‘pligi tufayli turli davlat va xususiy xizmatlar, jumladan, havo transporti, sog‘liqni saqlash, politsiya va o‘t o‘chiruvchilar ishi to‘xtab qolgan. So‘nggi kunlarda “omicron” butun dunyo bo‘ylab minglab reyslarni bekor qilgan.
Gebreyesusning ta’kidlashicha, pandemiyaning uch yili davomida dunyoda koronavirusga qarshi ko‘plab vositalar, jumladan 8,5 milliarddan ortiq vaksinalar ishlab chiqilgan va bu millionlab odamlarning hayotini saqlab qolishga yordam bergan.
“Ushbu pandemiyaning uchinchi yiliga kirar ekanmiz, men bu yil u yakunlanishiga aminman. Agar adolatsizlikka barham bersak, pandemiyaga ham barham berishimiz mumkin”, degan JSST rahbari.
JSST dunyoning barcha mamlakatlarida aholining kamida 40 foizini emlashni maqsad qilgandi, ammo Afrikaning aksariyat mamlakatlarida bu maqsadga erishilmagan. Endi tashkilot pandemiyaga barham berish uchun 2022 yil iyuliga qadar dunyo aholisining 70 foizini emlash zarur, deb hisoblamoqda.
Jons Xopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 288,3 million koronavirus holati qayd etilgan, 5,4 million kishi undan vafot etgan.
LiveBarchasi