JSST har yili qancha odam o‘z joniga qasd qilishini ochiqladi
Olam
−
28 Sentabr
3801Dunyoda har yili 726 ming odam o‘z joniga qasd qilishi oqibatida vafot etadi. Bundan ham ko‘proq odamlar esa o‘z joniga qasd qilishga urinadi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘z joniga qasd qilish har xil yoshdagi odamlar tomonidan sodir etiladi va u 2021 yilda 15–29 yoshdagi shaxslar o‘rtasida o‘limning uchinchi eng keng tarqalgan sababi bo‘lgan.
O‘z joniga qasd qilishlar nafaqat yuqori daromadli mamlakatlarda sodir bo‘ladi, balki bu global muammo barcha mintaqalar uchun xos. 2021 yilda dunyodagi o‘z joniga qasd qilishlarning qariyb uchdan ikki qismi (73%) past va o‘rtacha daromadli mamlakatlarda sodir bo‘lgan.
“O‘z joniga qasd qilish sog‘liqni saqlash tizimiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan muammo bo‘lib, u javob choralarini talab qiladi. O‘z vaqtida ilmiy asoslangan va ko‘pincha arzon aralashuvlar orqali o‘z joniga qasd qilishning oldini olish mumkin. Samarali milliy chora-tadbirlarni ta’minlash uchun o‘z joniga qasd qilishning oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamli, turli sohalarni qamrab oladigan strategiya zarur”, deyiladi JSST hisobotida.
Kimlar xavf guruhiga kiradi?
Yuqori daromadli mamlakatlarda o‘z joniga qasd qilish va ruhiy kasalliklar (ayniqsa, depressiya va spirtli ichimliklarni iste’mol qilish) o‘rtasidagi bog‘liqlik aniq kuzatiladi, shuningdek, avvalgi o‘z joniga qasd qilish urinishlari bilan ham bog‘liq. Shu bilan birga, ko‘p o‘z joniga qasd qilishlar hayotiy inqiroz paytida, masalan, moliyaviy va shaxslararo munosabatlardagi muammolar yoki surunkali og‘riq va kasalliklar kabi stressli vaziyatlarda impulsiv tarzda sodir etiladi.
Bundan tashqari, o‘z joniga qasd qilish qurolli mojarolar, tabiiy ofatlar, zo‘ravonlik va shafqatsizlik sharoitida yoki yaqin odamning yo‘qotilishi va yolg‘izlik hissi tufayli bo‘lishi mumkin.
O‘z joniga qasd qilishning oldini olish va to‘xtatish
O‘z joniga qasd qilish va o‘z-o‘ziga zarar yetkazishning oldini olish uchun butun aholi, turli guruhlar va individual darajadagi chora-tadbirlar qo‘llanilishi mumkin. JSSTning LIVE LIFE deb nomlangan o‘z joniga qasd qilishning oldini olish konsepsiyasi doirasida quyidagi samarali va ilmiy asoslangan choralar tavsiya etiladi:
- O‘z joniga qasd qilish vositalariga kirishni cheklash (masalan, pestitsidlar, o‘qotar qurollar, ba’zi dori vositalari);
- O‘z joniga qasd qilish holatlarini mas’uliyat bilan yoritish uchun ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish;
- O‘smirlar o‘rtasida ijtimoiy va hissiy hayotiy ko‘nikmalarni rivojlantirish;
- Suitsidal xatti-harakatlarga ega bo‘lgan barcha shaxslarni o‘z vaqtida aniqlash, kuzatish va ularga yordam berish.
Bu choralar bilan bir qatorda quyidagi asosiy vazifalarni bajarish kerak: vaziyatni tahlil qilish, idoralararo hamkorlik, muammodan xabardorlikni oshirish, imkoniyatlarni mustahkamlash, moliyalashtirishni ajratish, epidemiologik kuzatuv, shuningdek, monitoring va baholash.
Qayd etilishicha, o‘z joniga qasd qilishning oldini olish bo‘yicha harakatlar jamiyatning sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarini, jumladan, ta’lim, mehnat, qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik, adliya, qonunchilik, mudofaa, siyosat va ommaviy axborot vositalarini qamrab oluvchi hamkorlikni talab qiladi. Shu muammoning ko‘p qirraliligini hisobga olgan holda, bu harakatlar kompleks va keng qamrovli bo‘lishi zarur.
LiveBarchasi