“Jorj Floydning o‘limi”: AQSH tartibsizliklar girdobida qoldi

Olam

image

Joriy yilning 25 may kuni AQSHning Minnesota shtatidagi Minneapolis shahrida politsiya xodimi Derek Shovin afroamerikalik Jorj Floydni qo‘lga olib, 7 daqiqa davomida uni yuzi bilan yerga yotqizib, bo‘ynidan bosib turishi natijasida u vafot etdi. Buning ortidan esa mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari va tartibsizliklar boshlandi.

Kecha, 29 may kuni 10 ta shaharda tartibsizlik va politsiya bilan to‘qnashuvlarga aralashib ketgan aksiya bo‘ldi. Ularning bari Jorj Floydning politsiyachi tizzalari ostida ezilib, nafas ololmay o‘lganidan norozi.

“Associated Press” nashrining xabar berishicha, Jorjiya shtatining Atlanta shahrida namoyishchilar CNN telekanalining bosh qarorgohi oynalarini sindirib, telekompaniya logotipini bo‘yab qo‘yishgan, politsiya xodimlariga bo‘sh shisha idishlar uloqtirib, amerika bayrog‘ini yoqib yuborishgan. Shuningdek, hamkasblarining qilmishi uchun politsiyachilardan ishdan bo‘shashni talab qilishgan. To‘planganlar mahalliy hokimiyatning tarqalib, tartibsizliklarni to‘xtatish talabini inkor qilyapti.

CNN`ning xabar berishicha, kimdir telekanal qarorgohining kirishida saf tortib turgan politsiya xodimlariga qarata portlovchi narsa otgan. Shaharda esa mashinalar yoqib yuborilgan.

Atlanta meri Keysha Lens Bottoms matbuot anjumanida namoyishchilar o‘z harakati bilan qora tanli aholi manfaatini himoya qilib, shu yo‘lda vafot etgan Martin Lyuter King (u Atlantada tug‘ilgan) nomini sharmanda qilayotganini aytgan.

“Atlanta ko‘chalarida sodir bo‘layotgan hodisalar – bu Atlanta emas. Bu Martin Lyuter King ruhida emas, bu tartibsizlik. Kingni o‘ldirishganda biz shahrimizda bunday qilmagandik”, degan Bottoms.

U aksiya ishtirokchilarini uylariga qaytib, o‘zlari uchun kerak natijaga saylovda xohishlarini namoyish qilish orqali erishishga chaqirgan.

Minneapolis shahrida esa tartibsizliklar avj olgan. Do‘konlar yoqib yuborilgan. Politsiya xodimi Derek Shovin hibsga olingan. Shaharga Milliy gvardiya askarlari kiritilib. Komendatlik soati joriy qilingan.

Pentagon Shimoliy Karolina va Nyu-Yorkdagi harbiy politsiyani shay holatga keltirgan. Tez orada ular Minneapolis shahriga kiritilishi mumkin.

Norozilik kengayib boryapti

Nyu-Yorkning Bruklin shtatida namoyish ishtirokchilari va politsiya o‘rtasida to‘qnashuv bo‘layotgani haqida xabarlar kela boshlagan. Politsiya xodimlari namoyishchilar “Bruklin nets” basketbol klubining bazasi Barclays Center sport arenasiga o‘tib ketmasligi uchun harakat qilyapti. Olomon politsiya xodimlariga qarata plastik idishlar uloqtiryapti.

Nyu-york meri Bill de Blazio namoyishchilar bilan birdamligini, ammo ular jamoat tartibiga rioya qilishi kerakligini ma’lum qildi.

“O‘t qo‘yish, talonchilik va buzg‘unchilikni hech kim oqlamaydi, ammo barcha namoyishchilarning g‘azabi, qo‘rquv va hayratini tushunadi. Adolat qaror topishi kerak”, degan Bill de Blazio.

Tartibsizliklar Kolumbus (Oyago shtati), Xyuston (Texas), Dallas (Texas), Finiks (Arizona), San-Xose (Kaliforniya), Las-Vegas (Nevada), Sharlott (Shimoliy Karolina) va boshqa yirik shaharlarda ham kuzatilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Jorj Floyd

Baholaganlar

449

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing