Jonson Kiyevda. Britaniya, Polsha va Ukraina “katta”lari Rossiyaga qarshi mashvarat qiladi

Olam

image

So‘nggi kunlarda jahon mediasida keskin muhokama qilinayotgan Rossiya va Ukrainda o‘rtasidagi ziddiyat yirik davlat rahbarlarining munozara mavzusiga aylandi. Bugun, 1 fevral kuni Ukrainaning G‘arbdagi asosiy ittifoqchisi hisoblangan Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson Prezident Zelenskiy bilan uchrashish uchun Kiyevga yetib keldi.

Ukrainaga uyushtirilgan safar oldidan, Jonson Buyuk Britaniya Ukrainaning yonida turishda sobit ekanini ta’kidladi.

“Biz Rossiyani ortga chekinish va qon to‘kilishini oldini olish uchun muammoga diplomatik yechim topishga chorlaymiz. Ukrainaning do‘sti va demokratik ittifoqchisi sifatida Birlashgan Qirollik unga zarar yetkazishga bel bog‘lagan har qanday dushmanga qarshi Ukrainaning yonida turadi”, deya bildirgan Jonson o‘z Twitter’ida.

Bundan tashqari, Ukrainaning Yevropadagi yana bir ittifoqchisi hisoblangan Polsha ham Kiyevning tarafini olib kelmoqda.

Jonsondan tashqari, Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiyning ham Ukrainga tashrifi kutilmoqda. 

Polsha Bosh vazirning bildirishicha, Varshava Kiyevga o‘z mudofaasini mustahkamlashi uchun qurol-yaroq, uchuvchisiz dronlar va qiruvchi samolyotlarga havo zarbasi beruvchi harbiy texnikalar to‘plamini yetkazib beradi.

Boshqa tomondan esa bugun Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Moskvada Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashgan.

Bundan tashqari, Rossiya-Ukraina muammosini muhokama qilish uchun Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan telefon orqali suhbatlashib, AQSH-Rossiya o‘rtasidagi muzokalarning yangi bosqichini boshlab berishi belgilangan. 

So‘nggi oylarda Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar yanada keskinlashgan. Vashington va Bryussel Moskvani Ukrainaga “bosqin” tayyorlayotganlikda ayblamoqda va shu fonda Sharqiy Yevropada o‘z ishtirokini kuchaytirmoqda. AQSH Rossiya hujumga o‘tgan taqdirda unga sanksiyalar joriy qilishini aytib kelayotgandi.

Rossiyada barcha da’volar rad etilmoqda. Kreml va Tashqi ishlar vazirligi “tajovuzkorlik” hikoyalarining maqsadi Rossiya chegaralari yaqinida xorijiy guruh yaratish ekanligini bir necha bor ta’kidlagan. Ular, shuningdek, keskinlashuvning asosiy sababi qilib Ukrainani qurol-yarog‘  bilan ta’minlayotgan va shu orqali uni harbiy sarguzashtlar sari undayotgan AQSH va NATO harakatlarini ko‘rsatmoqda.

 

Behruz Saidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

171

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing