JOKUda talabani do‘pposlaganlardan biri “uchdi”. Ikkisining taqdiri rektorning qo‘lida qolmoqda
Jamiyat
−
10 Sentabr 2022
17634Avvalroq, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 4-bosqich talabasi rektorga salom bermagani vaji bilan muassasa xodimlari (ikki nafar) tomonidan kaltaklangani haqida xabar berilgan edi. Holat bo‘yicha universitet Odob-axloq komissiyasi bayonot berib, talabani do‘pposlagan xodim lavozimidan ozod etilganini bildirdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Odob-axloq komissiyasining kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishi bugun, 10 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan.
“Mazkur yig‘ilishda joriy yilning 9 sentyabr kuni universitet talabasi J.Mahmudov hamda universitet xodimlari U.Rustamov, X.Mirzayev, F.Ochilovlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan kelishmovchilik holati ko‘rib chiqildi. O‘rganishga ko‘ra, universitet xodimi X.Mirzayev talaba bilan o‘zaro qo‘pol muomala sababli shaxsiy tortishuvga borganligi ma’lum bo‘ldi. Vaziyat universitet profilaktika noziri H.Sodiqov tomonidan o‘rganib chiqilgan va shu kunning o‘zida tomonlar yarashuvi qarori qabul qilinib, masalaga yechim berilganligi aniqlandi.
Biroq, yarashuv qarori qabul qilinganiga qaramay, universitet ichki mehnat tartibi qoidalari buzilganligi yuzasidan chora ko‘rilishi lozim deb topildi.
Mehnat kodeksining 181-moddasida nazarda tutilgan intizomiy jazo chorasi, ya’ni o‘z vakolati doirasidan tashqariga chiqqanligi sababli X.Mirzayev egallab turgan lavozimidan ozod etildi va u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi”, deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, mushtlashuvning boshqa ishtirokchilari – xodimlar U.Rustamov va F.Ochilovga nisbatan hayfsan intizomiy chorasini qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilingan. Shuningdek, universitet rahbariyatiga o‘z vaqtida xabar bermaganligi sababali profilaktika noziri kapitan H.Sodiqovga nisbatan tegishli chora ko‘rilishi bo‘yicha tuman ichki ishlar organiga tavsiya yuborilgan.
“Shuni yana bir bora ta’kidlaymizki, universitet ma’muriyati ustoz-shogird an’analari, talabalar huquqini himoya qilish va jamoada o‘zaro hurmat kabi qadriyatlarga qat’iy rioya qiladi”, deyiladi rasmiy ma’lumotda.
LiveBarchasi