Jo Bayden talabalarning kreditlarini hisobdan chiqarmoqda
Olam
−
19 Oktabr 2022
5351AQSH Prezidenti Jo Bayden talabalarning kredit qarzlaridan kechish sxemasini ishga tushirdi. Rejaga ko‘ra, o‘n millionlab bitiruvchilarning 20 ming dollargacha bo‘lgan kreditlari hisobdan chiqariladi. Bu haqda BBC nashri yozmoqda.
Janob Bayden ushbu qarorini millionlab amerikaliklar uchun o‘yin qoidalarining o‘zgarishi, deb izohlagan.
Baydenning ushbu qarorini hamma ham xush kayfiyat bilan qabul qilgani yo‘q. Ayniqsa, respublikachilar Prezidentning qaroriga qarshi chiqmoqda. AQSHning oltita shtatidan yig‘ilgan guruh Baydenning talabalarning kreditlarini hisobdan chiqarish borasidagi qaroriga qarshi sudga murojaat qilgan. Ular mustaqil tahlilchilar fikriga ko‘ra, 400 milliard dollarga tushadigan sxemani soliq to‘lovchilarga qo‘shimcha og‘irlik yuklaydi, deb hisoblamoqda.
Huquqiy muammolar sabab kreditlardan voz kechish sxemasi xavf ostida qolayotganda, janob Bayden o‘z rejasini himoya qilishni boshladi.
“Kongressning respublikachi a’zolari va respublikachi gubernatorlar bu yengillikni (talabalarning kreditidan voz kechish sxemasi – tahr.) bekor qilish uchun qo‘llaridan kelganini amalga oshirmoqda. Men ishchi amerikaliklar va o‘rta sinf odamlari pandemiya qoldirgan asoratlardan xalos bo‘lishlari uchun ularga yordam berdim. Buning uchun hech qachon kechirim so‘ramayman”, degan Amerika Prezidenti.
Uning ta’kidlashicha, kreditlardan voz kechish sxemasi tufayli yuqori daromadli shaxs yoki yuqori daromadli oila foyda ko‘rmaydi.
Qarzidan voz kechilishi uchun yillik daromadi 125 ming dollardan kam shaxslar yoki yillik umumiy daroramadi 250 ming dollardan kam bo‘lgan oilalar murojaat qilishi mumkin. Ularning 10 ming dollarlik kreditlaridan voz kechiladi. Ammo moliyaviy ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lgan bitiruvchilarning 20 ming dollarlik qarzlari hisobdan chiqariladi.
Oq uyning kutilmalariga ko‘ra, 30 million amerikalik talabalik kereditidan voz kechilishini so‘rab murojaat qiladi. Qo‘shimchasiga, Ta’lim Depertamentida ma’lumotlari mavjud bo‘lgan 8 million nafar qarzdorning kreditlari avtomatik ravishda hisobdan chiqariladi.
Taxminan 43 million amerikalik hukumatning talaba kreditidan 1,6 trillion dollar qarzdor. Bu shuni anglatadiki, har bir voyaga yetgan amerikalikning 6 nafaridan 1 nafari yoki o‘rta ma’lumotga ega amerikaliklarning uchdan bir qismi talaba kreditidan qarzdor.
AQSH Federal rezerv tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rtacha talaba kreditining miqdori 17 ming dollarni tashkil etadi. 17 foiz qarzdorlar 10 ming dollardan kamroq kredit olgan. Qarzlarning atigi 7 foizi 100 ming dollardan ko‘proq tashkil etadi.
LiveBarchasi