Jizzaxda odam o‘limiga sababchi talaba jazodan ozod bo‘ldi
3-sahifa
−
19 iyun
9935Jizzax viloyatida birovning o‘limiga sababchi bo‘lgan talaba yigit jazodan ozod qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, viloyatning Zomin tumanidan bo‘lgan, 2001 yilda tug‘ilgan X.U. ismli yigitga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan Zarbdor tuman sudida jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Sud ishida yigit sodir etgan jinoyat ishi ehtiyotsizlik oqibatida kelib chiqqanligi, qilgan ishidan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi hamda OTM talabasi ekanligi hisobga olingan.
Qayd etilishicha, Yoshlar ittifoqi kafilligi asosida X.U.ga qonun doirasida yengillik berilib, uning xulqi va tarbiyasi bir yil davomida Yoshlar ittifoqi nazoratida bo‘ladi.
“Hech qanday jinoyat jazosiz qolmaydi, albatta. Qonunni bilmaslik hech kimni javobgarlikdan asrab qolmaydi. Kimning yoki qaysidir tashkilotning kafilligida ozod etildi, nazoratida bo‘ladi, degani butunlay oqlandi, degani ham emas. Endi jinoyat sodir etgan shaxs nihoyatda ehtiyot va ogoh bo‘lishi, qonunni umuman buzmasligi shart, deganidir. Aks holda, endigi jazo juda qattiq bo‘lishi mumkin. Buni unutmang”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, yuqoridagi moddaga ko‘ra, jinoyat odam o‘lishiga sabab bo‘lsa, sudlanuvchi muayyan huquqdan va yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi kerak.