Jizzaxda mast fuqarolar restoranda hisobni to‘lamay janjal ko‘tardi (video)

3-sahifa

image

Jizzax viloyatining Forish tumanida mast holatdagi bir guruh shaxslar restoranda buyurtma qilingan taomlar uchun to‘lov qilmay, janjal ko‘tardi. Mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 5 avgust kuni soat 21:30 larda Forish tumani “Oqtepa” MFYdagi restoran ishchilari mast holatdagi bir guruh shaxslar buyurtma qilingan taomlar uchun to‘lov qilmay, tartibbuzarlik va janjal qilayotgani haqida IIBga murojaat qilgan.

Voqea joyiga profilaktika inspektorlari va Qo‘riqlash bo‘limi xodimlari yetib borib, jamoat tartibini saqlash choralarini ko‘rgan.

Biroq tartibbuzarlardan biri, avval sudlangan ayol, xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmay, janjalni davom ettirgan. Shu sababli u belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, mastlik holatidagi shaxslarni vaqtincha saqlash va reabilitatsiya qilish punkti – hushyorxonaga joylashtirilgan.

Tibbiy ko‘rik davomida ushbu fuqaroning tanasida hech qanday tan jarohati aniqlanmagan.

Keyinchalik fuqaroning qizlari hushyorxonaga kelib, jamoat tartibini buzgan holda xodimlarga nisbatan turli haqoratli so‘zlar ishlatgan hamda ularga tan jarohati yetkazishga uringan.

IIB ma’lumotiga ko‘ra, yuzaga kelgan vaziyat qonunchilikda belgilangan tartibda bartaraf etilgan. Fuqarolarga nisbatan qo‘l kishan, rezina tayoq yoki elektroshoker kabi maxsus vositalar qo‘llanilmagan.

Bildirilishicha, hozirda mazkur holatda ishtirok etgan barcha shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda mast yo‘lovchi avtobus haydovchisi bilan janjallashib, transport vositasining old oynasini sindirdi hamda haydovchini urib, tan jarohati yetkazgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing