Jizzaxda 33 ming aholiga mo‘ljallangan atomchilar shaharchasi quriladi

Jamiyat

image

Jizzax viloyatida 200 gektar maydonda qariyb 33 ming aholiga mo‘ljallangan atomchilar shaharchasi quriladi. Bu haqda bugun, 2 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan Jizzax viloyatida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi hamda unga yondosh zamonaviy shaharcha barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimotda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, taqdimotda joriy yil 22-26 iyun kunlari MAGATEning kompleks baholash missiyasi o‘tkazilib, O‘zbekiston milliy yadroviy infratuzilmasining rivojlanish holatiga yuqori baho berilgani qayd etilgan.

Stansiyaning tashqi muhandislik infratuzilmasini barpo etish doirasida 388 kilometr elektr tarmoqlari, 110 kilovoltli podstansiya, 21 kilometr ichimlik va 120 kilometr texnik suv quvurlari, 39,5 kilometr avtomobil hamda 11 kilometr temir yo‘l quriladi.

Davlat rahbari ushbu ob’ektlar qurilishida mahalliy mahsulot va xizmatlar ulushini 60-70 foiz darajasida ta’minlash zarurligini ko‘rsatib o‘tgan.

Qurilish davrida ishchi va mutaxassislar hamda ularning oilalarini munosib yashash sharoiti bilan ta’minlash maqsadida atomchilar shaharchasini barpo etish rejasi ham ko‘rib chiqilgan.

Ikki yuz gektar maydonda qariyb 33 ming aholiga mo‘ljallangan 10 mingga yaqin, shu jumladan, birinchi bosqichda 3 mingta xonadonli turar joylar qurilishi ko‘zda tutilgan.

Shaharchada energiya samarador ko‘p qavatli uylar, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari, tibbiyot, sport va madaniyat ob’ektlari, dam olish maskanlari hamda keng yashil hududlar bo‘ladi. Qurilishda zamonaviy issiqlik himoyasi, muqobil energiya va “aqlli” yoritish yechimlaridan foydalaniladi.

Loyihani boshqarish va texnik nazoratni kuchaytirish, texnologik yechimlarni mustaqil ekspertizadan o‘tkazish uchun yetakchi xorijiy injiniring kompaniyalari ishtirokida qo‘shma korxona tashkil etish taklifi bildirilgan. Shuningdek, qariyb mingta sohaviy standartni milliy tizimga moslashtirish va amaliyotga joriy etish belgilangan.

Stansiyani kelgusida boshqaradigan yuqori malakali operatorlar, muhandislar va radiatsiya xavfsizligi mutaxassislarini hozirdan maqsadli tayyorlash zarurligi ta’kidlangan.

Rossiya milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent shahridagi filialini 2023 yildan buyon 216 nafar talaba bitirgan. Ularning 83 nafari Xitoy, Vengriya, Fransiya, Italiya va Koreyaning yetakchi oliygohlarida magistratura va aspiranturada tahsilni davom ettirmoqda. Yana 100 nafar mutaxassis mamlakatning to‘rtta oliy ta’lim muassasasida tayyorlanmoqda.

“O‘zatom” agentligi va AES qurilishi direksiyasining vazifalari kengayib borayotganidan kelib chiqib, ularning tashkiliy va kadrlar salohiyatini bosqichma-bosqich mustahkamlash takliflari ham ko‘rib chiqilgan.

Davlat rahbari atom stansiyasi va atomchilar shaharchasi qurilishini yuqori sifatda, xavfsiz va belgilangan muddatlarda amalga oshirish, mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish, infratuzilma hamda kadrlar tayyorlash ishlarini uyg‘un tashkil etish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar bergan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxdagi atom elektr stansiyasi loyihasining umumiy qiymati 9,5 milliard dollarni tashkil etishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing