Jirkanch jinoyat: Erkak hamtovoqlarini hushsiz ayollarni zo‘rlashga undagani aniqlandi
Olam
−
12:29 2397 4 daqiqa
Shimoliy Londonda yashovchi 52 yoshli erkak onlayn forum a’zolarini giyohvand ite’mol qilgan yoki uxlayotgan ayollarga jinsiy tajovuz qilishga undagani bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha o‘z aybini tan oldi. Bu haqda London politsiyasiga tayanib, CNN nashri xabar berdi.
Politsiya mazkur onlayn forumni 2025 yil oktyabr oyida aniqlagan va ishni tergov qilish uchun Britaniya Milliy jinoyatchilik agentligi (NCA) rahbarligida milliy muvofiqlashtiruvchi guruh tashkil etilgan. Tergov natijasida politsiya Enfild hududida yashovchi 52 yoshli Darren Konveyga chiqqan. U huquq-tartibot idoralari tomonidan onlayn guruh a’zolaridan biri sifatida aniqlangan.
Joriy yilning 30 iyul kuni politsiya Konveyning uyida tintuv o‘tkazib, uning elektron qurilmalarini musodara qilgan va erkakni hibsga olgandi.
Politsiyaning ma’lum qilishicha, qurilmalardagi xabarlar Konvey forumning boshqa a’zolarini giyohvand iste’mol qilgan yoki uxlayotgan ayollarga jinsiy tajovuz qilishga undaganini ko‘rsatgan. Keyinchalik u tajovuzlarni amalga oshirgan shaxslarni bu jarayon aks etgan tasvirlarni guruhda bo‘lishishga chaqirgan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Konvey chat orqali uxlayotgan ayollarni 10 martadan ko‘proq kuzatgan.
Qayd etilishicha, London politsiyasi qo‘mondoni Endi Dey Konveyning harakatlarini “dahshatli” deb atagan. Uning aytishicha, erkak hushsiz, uxlayotgan yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘zini himoya qila olmaydigan jabrdiydalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar sodir etishga boshqalarni undagan va shu orqali ayollarni o‘z uylarida jiddiy xavf ostiga qo‘ygan.
Joriy yilning 11 sentyabr kuni Konvey Londonning Vud-Grin Kraun sudida hozir bo‘lib, jinoyat sodir etishga yordam berish yoki undash bo‘yicha 9 ta ayblov, shuningdek, maxfiy kuzatuv va o‘ta shafqatsiz pornografik tasvir saqlash bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha o‘z aybini tan olgan. Sudda Konvey kulrang sport kiyimida bo‘lgan va faqat ismini tasdiqlash hamda ayblovlarga iqror bo‘lish uchun gapirgan. Uning ishi 30 oktyabr kuni sudda yana ko‘rilishi kerak.
“Ayollarga nisbatan jirkanch harakatlar”
Nashning yozishicha, Konvey ishi jinsiy tajovuz sodir etuvchi boshqalarni hushsiz jabrdiydalarni giyohvand iste’mol qilish va ularga jinsiy tajovuz qilishga undaydigan onlayn forumlar kengayib borayotganini ko‘rsatuvchi holatlardan biri hisoblanadi. Yevropol va Britaniyaning NCA agentligi 2026 yil iyul oyida o‘tkazilgan xalqaro politsiya amaliyoti davomida jinoyatchilardan iborat yuqori darajada tashkillashgan onlayn tarmoq aniqlanganini ma’lum qilgan.
Huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, chatlarda asosan erkaklardan iborat jinoyatchilar hujumlarni muvofiqlashtirgan, shuningdek, jinsiy zo‘ravonlik haqida ma’lumot va tasvirlarni bo‘lishgan.
Jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatuvchi Rape Crisis England & Wales tashkiloti rahbari Siara Bergman forumlarda giyohvand moddalardan foydalanib amalga oshirilgan jinsiy zo‘ravonlikning ko‘lami va muvofiqlashtirilgani “jiddiy darajada xavotirli” ekanini aytgan. Uning ta’kidlashicha, bunday holatlar ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning asosida yotgan misoginiya va ularni ob’ekt sifatida ko‘rish kabi qarashlar bilan bog‘liq.
CNN ham bu masala bo‘yicha yashirin tergov o‘tkazib, erkaklar uchinchi shaxslarni ayollarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etishga undaydigan onlayn tarmoqlarni aniqlagan.
Aslida, bu muammo 2024 yilda Fransiyadagi Jizel Peliko ishi orqali keng jamoatchilik e’tiboriga tushgan. Pelikoning sobiq eri xotini hushsiz holda yotgan paytda uni zo‘rlash uchun o‘nlab begona erkaklarni jalb qilgani uchun 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Shundan so‘ng Yevropaning turli mamlakatlarida shunga o‘xshash ishlar bo‘yicha bir qator hibslar va sud hukmlari qayd etilgan.
NCA ma’lumotiga ko‘ra, ko‘p hollarda jabrdiydalar politsiya ular bilan bog‘lanmaguncha jinsiy tajovuzga uchraganidan bexabar bo‘ladi.
Ma’lum qilinishicha, Konvey aybini tan olganidan keyin politsiya uning musodara qilingan qurilmalaridan topilgan tasvirlardagi shaxslarni aniqlash ishlarini davom ettirmoqda. London politsiyasi jabrdiydalarning ko‘pchiligi Britaniyada yashashini, ayrimlari esa xorijda bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Ish bo‘yicha Bosh prokuror Treysi Iston Konvey ayollarga o‘z uylarida ularga nisbatan “jirkanch harakatlar” sodir etganini aytgan.
“Tashkillashtirilgan, giyohvand moddalardan foydalanilgan jinsiy tajovuzlar jirkanch holatdir. Biz huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda jinoyatchilarni adolat oldida javobgarlikka tortishga qat’iy bel bog‘laganmiz”, degan Iston.
U Konveyning aybini tan olishi shunga o‘xshash zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan bo‘lishi mumkin deb hisoblagan boshqa jabrdiydalarni ham politsiyaga murojaat qilishga undashini kerakligini bildirgan.
Live
BarchasiIsroil droni G‘azoda avtomobilga zarba berdi
13 sentabr