Jinoyatchining ko‘ziga qarab kechirish mumkinmi yoxud pushaymonlik qanday aniqlanadi?

Jamiyat

image

O‘zbekistonda sodir etgan jinoyatidan pushaymon bo‘layotgan shaxslarning samimiyligini aniqlash bo‘yicha aniq kriteriyalar belgilanmagan. Psixolog Shoira Isoqovaga ko‘ra, jinoyat sodir etgan shaxsning afsusda ekanini bilishda sudya uning o‘zini tutishi, xususan ko‘zlariga e’tibor beradi. Bu haqda mutaxassis kecha, 19 aprel kuni Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida o‘tkazilgan “Sudya daxlsizligi va so‘z erkinligi: muammo va yechimlar” mavzusidagi seminar-treningda aytib o‘tdi.

Treningda “QALAMPIR.UZ” tahririyati yuriskonsulti psixolog Shoira Isoqovaga quyidagi savol bilan yuzlandi: “Jinoyat kodeksining 55-moddasida jazoni yengillashtiruvchi holatlar keltirilgan bo‘lib, ushbu moddaning tegishli bandida jinoyat sodir etgan shaxsning sodir etgan qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lganligi holati keltirilgan. Ushbu holatni ya’ni jinoyat sodir etgan shaxs o‘zining sodir etgan qilmishidan haqiqatan ham chin ko‘ngildan pushaymon ekanligi faqat sudya va shaxs o‘rtasidagi muloqot natijasida aniqlanadi. Shuning uchun sudyalar shaxsning pushaymonlik holatini aniqlashda qanday psixologik kriteriyalarga amal qilishlari kerak?”

Psixolog Shoira Isoqova savolga javob berarkan aybdorning pushaymonligini aniqlashda uning ko‘zlariga e’tibor berish kerakligini, samimiylikni noverbal muloqotdan bilish mumkinligini ta’kidladi.

“Agar shaxs haqiqatan ham sodir etgan qilmishidan pushaymon bo‘lsa, u sizning ko‘zingizga tik qarab gapira oladi, agar yolg‘on pushaymonlik bo‘ladigan bo‘lsa, shaxs sizning ko‘zingizga qaray olmaydi va ko‘zini olib qochadi. Agar shunday holatni kuzatsangiz, demak shaxs sodir etgan qilmishidan pushaymon emas. Chunki insonning ko‘zi gapiradi, ko‘z boshqa narsani ong esa boshqa narsa haqida o‘ylaydi. Shaxsning yolg‘on gapirayotganligini aniqlashda psixologik kategoriyalar mavjud bo‘lib, bu noverbal muloqotda ya’ni ko‘z qarashlarida namoyon bo‘ladi”, deya javob berdi Isoqova.

Shuningdek, yuqorida keltirib o‘tilgan savol yuzasidan tahririyatimiz yuriskonsulti Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorovga quyidagi taklifni bildirib o‘tdi:

“Yuqorida psixolog Shoira Isoqova shaxsning haqiqatdan ham pushaymon ekanligini aniqlashda uning ko‘z qarashlariga e’tibor berish lozimligini ta’kidlab o‘tdi. Shaxsning sodir etgan qilmishidan haqiqatdan ham pushaymon ekanligini aniqlashning samardorligini oshirish maqsadida sud protsessida doimiy qatnashchi sifatida sudya maslahatchilarining biri professional psixolog bo‘lishi kerak. Shaxsning sodir etgan qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanligini aniqlashda psixologning xulosasi muhim ahamiyatga ega. Aksariyat jinoyat sodir etgan shaxslarda tergov jarayonining o‘zidayoq chin ko‘ngildan pushaymonlik hissi paydo bo‘ladi. Shuning uchun sud protsessida doimiy qatnashchi sifatida psixologning ishtiroki muhim ahamiyatga ega. Chunki shaxsga nisbatan jazo tayinlashdan maqsad uni qayta tarbiyalash, kelajakda jamiyatning yurish-turish qoidalariga rioya qilishi, qonunlarga bo‘ysunishi, sodir etgan jinoyatini qayta takrorlamasligi, sodir etgan qilmishidan pushaymonlik ruhini shakllantirishdan ibortdir”.

Shohruh Olimjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

47

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing