Jim Kerridan Shvarseneggergacha… Amerika orzusida yongan mashhurlar
Tahlil
−
08 may 2023
13152Sir emaski, O‘zbekistonning millionlab aholisi hech bo‘lmasa bir bor chet elga chiqqan. Mutlaq ko‘pchilik odamlar xorijga asosan faqat davolanish, sayohat qilish, ta’lim olish yoki maxsus tadbirlar munosabati bilan emas, balki chet elda nisbatan daromadliroq ishlar bilan shug‘ullanib, ko‘proq pul topish maqsadida chiqadi. Shunga qaramay, bu maqsadga erishish har doim ham oson kechmaydi. Ayniqsa, Yevropa davlatlari va AQSHga mehnat muhojiri sifatida ketish hammaga ham nasib qilavermaydi. Bu mamlakatlarga kirish va mehnat qilish uchun qator imkoniyatlar yaratilgan. Shulardan biri va eng mashhuri Green Card lotoreyasini o‘ynash va doimiy rezident maqomini olib, Qo‘shma Shtatlarga ketish.
Rasmiy statistikalarga ko‘ra, o‘zbekistonliklar Green Card o‘ynash va yutishlar soni bo‘yicha yuqori o‘rinlarni egallab keladi. Masalan, har yili mamlakatning 2 millionga yaqin fuqarosi ushbu lotoreyada o‘z omadini sinab ko‘radi. Bundan tashqari, 2022 yilda 5511 kishi Amerika orzusiga yetishgan bo‘lib, O‘zbekiston mazkur ko‘rsatkich bilan Jazoir va Misrdan keyin eng ko‘p Green Card yutgan uchinchi davlat bo‘lgan.
Xabaringiz bor, joriy yilning 6 may kuni 2022 yilning kuz oylarida o‘tkazilgan Green Card lotoreyasi javoblari e’lon qilindi. Kimdir o‘zi kutgan baxtga yetishdi, yana kimgadir omad nasib qilmadi. Butun dunyoda ayni paytda ushbu lotoreya saytiga kirishlar soni ortgani tufayli unda ishtirok etganlar orasida hali hamon o‘z javoblarini bilolmaganlar ham yo‘q emas.
Green Card lotoreyasida yutdi degani – AQSHga ketadi degani emas. Bundan keyin ham ishtirokchi bir necha bosqichlardan o‘tishi shart bo‘ladi. Agar omadi kelib unga okean ortiga borish nasib qilsa, uni u yerda o‘zgacha jamiyat, hayot va odamlar kutib turgani aniq. Ajab emaski, bu yil yutganlar ham kelajakda Amerika jamiyatida o‘z o‘rinlarini topib, quyidagi hikoyamiz qahramonlari singari dunyo taniydigan shaxslarga aylanishsa. QALAMPIR.UZ siz uchun bir vaqtlar Amerikaga borishni orzu qilib, ayni paytda ushbu diyorning eng ko‘zga ko‘ringan odamlariga aylanganlar haqida hikoya qiladi.
Jim Kerri
O‘zbek kino ixlosmandlariga “Niqob” filmidagi roli bilan yaxshi tanish bo‘lgan Jim Kerrining asli kanadalik ekanidan ko‘pchilikning xabari bo‘lmasa kerak. Komik aktyor 1979 yildan keyingi faoliyatini Qo‘shma Shtatlarda davom ettiradi. 2004 yilga kelib esa mamlakat fuqaroligini ham olgan. O‘shanda u o‘z vatani, Kanadadan, voz kechish niyati yo‘qligini ta’kidlagan.
"Kanadada tarbiyalanganim meni shunday odam qildi. Men kanadalik ekanligimdan doim faxrlanaman”, degan edi u.
AQSH haqida esa bu mamlakat unga o‘zini topishga hamda orzularini ro‘yobga chiqarishga yordam berganini aytgan.
Maykl Jey Foks
Aktyor Maykl Jey Foksni “Kelajakka qaytib” kinotrilogiyasi orqali yaxshi tanisangiz kerak. Maykl ham Jim Kerri kabi Kanadada tug‘ilgan. U ham vatandoshi Jim bilan bir vaqtda, 1979 yil Los-Anjelesga ko‘chib o‘tgan. 2000 yilda AQSH fuqaroligini olgan Maykl anchayin sermahsul ijod qilib, besh marta “Emmi”, to‘rt marta “Oltin Globus” va bir bor ”Gremmi” mukofoti sohibiga aylangan.
U AQSH fuqaroligini olgan vaqtda shunday nutq so‘zlagan edi:
“Men o‘zim qadrlaydigan qadriyatlar va tamoyillarni qo‘llab-quvvatlaganimdan faxrlanaman. Orangizda hamma narsasidan voz kechgan, borini yo‘qotgan odamlar bor. Ular o‘z oilalarini saqlab qolish, qorinlarini to‘ydirish va kasalliklarini aritish uchun kurashmoqda hamda bu mamlakatga kelish uchun juda katta tavakkal qilishdi va biz nima uchun “yo‘q” deyishimiz kerak”.
Salma Hayek
Meksikaliklar orasida birinchi “Oskar” mukofoti sohibasi ham AQSHda o‘z omadini topgan.
1991 yilda Los-Anjelesga ko‘chib o‘tgan aktrisa vizasi tugagach, mamlakatda bir muddat noqonuniy yashaganini ham tan olgan.
Nikol Kidman
“Soatlar” filmidagi roli uchun 2003 yilda “Oskar” mukofotiga loyiq ko‘rilgan aktrisa Nikol Kidman ham asli amerikalik emas.
U Avstraliyadan kelib, Gavayi orollarining Gonolulu shahrida vaqtinchalik ta’lim vizasi bilan yashayotgan juftlik oilasida dunyoga kelgan. Nikol faoliyati davomida bir necha marta “Oltin globus”, bir marta BAFTA, ikki marta “Emmi” va boshqa bir qator mukofotlarga sazovor bo‘lgan.
Natali Portman
Marvel tomonidan suratga olingan “Tor” va “Tor: zulmat dunyosi” filmlari hamda “Yulduzlar jangi” turkumidagi filmlarda o‘ynagan rollari bilan tanilgan aktrisa Natali Portman asli Isroilning Quddus shahrida tug‘ilgan.
Uning ota-onasi Natali 3 yashar vaqtida ta’limni davom ettirish uchun AQSHga ko‘chib o‘tgan. Hozirda Natali Portman ham Amerika fuqarosi.
Arnold Shvarsenegger
Barchamizga tanish bo‘lgan “Terminator” ham aslida Avstriyadan AQSHga borgan muhojir. Arnold Shvarsenegger o‘zining bodibildingdagi karerasi sabab AQSHga ko‘chib o‘tadi va 1983 yilda fuqarolikni ham oladi.
Asli amerikalik bo‘lmagani ham uning 2003-2011 yillar davomida Kaliforniya shtati gubernatori bo‘lishiga to‘sqinlik qilmagan.
Sergey Brin
Google asoschisi Sergey Brin Sovet ittifoqidagi rus-yahudiy oilasida 1973 yilda dunyoga kelgan. 1978 yilda uning oilasi SSSRdagi antisemitizm (yahudiylarni ko‘ra olmaslik) kayfiyatidan qochish maqsadida viza olish uchun ariza beradi. Shundan so‘ng ular bir muddat Vena va Parijda yashab, keyinroq AQSHga ko‘chgan. 2007 yilda Sergeyning onasi bir intervyuda o‘g‘lining AQSHga moslashishi qiyin bo‘lgani, yahudiy maktabida o‘qigan vaqtida bolalar uni mazax qilgani uchun o‘qishga borishni istamaganini aytgan.
Sergey Brin Merilend va Stenford univeresitetlaridagi tahsildan so‘ng, 1998 yilda Larri Peyj bilan birgalikda Google’ga asos solgan.
Bugungi kunda 89 milliard dollar boylikka egalik qiluvchi Brin dunyoning eng badavlat 9-odami hisoblanadi.
Kamilla Kabello
O‘nlab xit qo‘shiqlari bilan mashhur bo‘lgan Kamilla Kabello 6 yoshdalik vaqtida onasi bilan birga AQSH chegarasini kesib o‘tgan.
Kamilla 2018 yil “Gremmi” mukofotini olish chog‘ida muhojirlikda o‘tgan hayoti haqida hikoya qilar ekan, shunday deydi:
“Meni bu yurtga cho‘ntagida hech narsasi yo‘q, biroq qalbida umid bo‘lgan ota-onam olib kelgan. Ular menga hech qachon taslim bo‘lmaslik va ikki karra mehnat qilish qanday bo‘lishini ko‘rsatgan. Rostini aytsam, hayotimning hech bir qismi ularnikidan farq qilmaydi. Men sharqiy Gavanada tug‘ilgan mag‘rur kubalik muhojirman. Nyu-Yorkda sizning qarshingizda turib, “Gremmi” mukofotini olar ekanman, shuni bilamanki, bolalarni esdan chiqarib bo‘lmaydi va ular uchun har qancha kurashsangiz arziydi”.
LiveBarchasi