JCHni tark etgan yulduzlar qayerlarda dam olyapti?

Sport

image

2026 yilgi Jahon chempionati o‘z yakuniga yaqinlashmoqda. Musobaqada ishtirok etgan 48 ta milliy terma jamoadan faqat oltitasi bosh sovrin uchun kurashni davom ettirmoqda. Qolgan jamoalar esa turnir bilan xayrlashib, futbolchilar yangi mavsum oldidan qisqa ta’tilga chiqqan. Quyida jahon futboli yulduzlari mundialdan keyin qayerda dam olayotganiga nazar tashlaymiz.

Neymar

Braziliya terma jamoasi mundial favoritlaridan biri sifatida qaralayotgan edi. Biroq jamoa 1/8 finalda Norvegiyaga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani erta tark etdi. Mazkur mag‘lubiyatdan keyin “pentakampionlar” futbolchilari turli yo‘nalishlarga tarqaldi. Faqat himoyachi Danilo jamoa bilan Braziliyaga qaytgan bo‘lsa, qolgan futbolchilar AQSHdan to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’tilga yo‘l oldi.

Terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgan Neymar Florida shtatida qolishni ma’qul ko‘rdi. U Orlandodagi nufuzli dam olish maskanlaridan birini tanlagan bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda uning golf o‘ynayotgani aks etgan suratlar tarqaldi. Ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, 34 yoshli hujumchi ushbu tanaffusdan kelajakdagi faoliyati yuzasidan qaror qabul qilish uchun ham foydalanmoqda. Ayni paytda u Braziliyaning “Santos” klubi sharafini himoya qiladi. 

Vozinya

Kabo-Verde o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etib, pley-offgacha yetib bordi. Jamoa 1/16 finalda amaldagi jahon chempioni Argentinaga qo‘shimcha vaqtda 2:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Jamoaning muvaffaqiyatli ishtirokiga 40 yoshli darvozabon Vozinya katta hissa qo‘shdi. “Buva” laqabi bilan mashhur posbon Ispaniyaga qarshi 0:0 hisobidagi uchrashuvdan keyin jahon e’tiboriga tushdi. Shu o‘yindan so‘ng uning ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilari soni bir kun ichida 15 millionga ko‘paydi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari uning xizmatlariga AQSHning “Inter Mayami” klubi ham qiziqish bildirayotganini yozmoqda. Terma jamoa futbolchilari vatanlarida milliy qahramonlar sifatida kutib olindi. Vozinya esa ta’tilni Kabo-Verdedagi Mindelu shahrida, “Praya-da-Laginya” sohilida o‘tkazmoqda. U sohildagi hordiqni gidrotsiklda sayr qilish bilan uyg‘unlashtirmoqda. 

Luka Modrich va Ivan Perishich

Xorvatiya terma jamoasi so‘nggi ikki Jahon chempionatida kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan edi. Biroq bu safar jamoa 1/16 finalda Portugaliyaga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etdi.

40 yoshli jamoa sardori Luka Modrich uchun ushbu mundial milliy jamoadagi so‘nggi turnir bo‘ldi. 37 yoshli Ivan Perishich esa hali terma jamoadagi faoliyatini davom ettirish niyatida. Perishich ijtimoiy tarmoqlarda Xorvatiya sohillarida dam olayotgani haqida suratlar bilan bo‘lishdi. Modrich esa hozircha ta’tilidan hech qanday tasvir e’lon qilmagan. Tajribali futbolchilar tinch va xotirjam muhitda dam olishni afzal ko‘rmoqda. Shu bilan birga, Modrichni yozgi transfer oynasida muhim qaror kutmoqda. Uning Italiyaning “Milan” klubi bilan shartnomasi yakunlangan va tomonlar yangi kelishuv bo‘yicha muzokara olib bormoqda.

Krishtianu Ronaldu

Portugaliya terma jamoasi ham mundialni erta tark etdi. Jamoa 1/8 finalda Ispaniyaga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi.

41 yoshli Krishtianu Ronaldu bu uning Jahon chempionatlaridagi so‘nggi ishtiroki bo‘lganini tan oldi. Ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, Ronaldu dastlab Portugaliyaga qaytgan, keyin esa shaxsiy samolyotida Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketgan. Portugaliyalik yulduz odatda katta musobaqalardan keyin oilasi bilan dengiz bo‘yida xotirjam dam olishni tanlaydi. Hozircha u ta’tilidan suratlar e’lon qilmagan. Ta’tildan keyin Ronaldu Saudiya Arabistoni chempioni “Al-Nasr” bilan yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlaydi. Shuningdek, u faoliyati davomida 1000 ta gollik marraga yetish maqsadidan ham voz kechgani yo‘q.

Florian Virs

Germaniya terma jamoasi mundialning eng katta sensatsiyalaridan biriga aylandi. Jamoa 1/16 finalda Paragvayga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etdi. Bu natijadan so‘ng bosh murabbiy Yulian Nagelsmann iste’foga chiqdi.

Shunga qaramay, ayrim nemis futbolchilari AQSHda qoldi. Ulardan biri “Liverpul” yarim himoyachisi Florian Virs bo‘ldi. Futbolchi ijtimoiy tarmoqlarda Kaliforniya shtatidagi mashhur Beverli-Hillzdan suratlarini e’lon qildi. Shuningdek, u AQSHda mavsumoldi yig‘inini ham o‘tkazadi. Chunki “Liverpul” joriy yilning 26 iyul kuni Neshvill shahrida “Sanderlend”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.

Abbosbek Fayzullayev va Akmal Mozgovoy

Jahon chempionatini guruh bosqichidayoq yakunlagan o‘zbekistonlik futbolchilarning aksari hozir Toshkentda. Abbosbek Fayzullayev va Akmal Mozgovoylarning kecha, 10 iyul kuni nikoh to‘ylari bo‘lib o‘tdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing