Jazavaga tushayotgan tarix. SSSRni tiklash xavfi bormi?

Tahlil

image

1999 yil 31 dekabr, Moskva. Kreml saroyi zinapoyasidan o‘rta bo‘yli, ozg‘in va yosh sobiq KGB xodimi shaxdam qadamlar bilan yuqoriga chiqib kelardi. Unga hurmat ko‘rsatilib, eshiklar birma-bir ochildi. Kremldagi keksa siyosatchilar “bu yigitcha kim bo‘ldi?” deb hayron bo‘lishdi. U to‘g‘ri davlat rahbarining kabineti tomon ketayotgan edi. Xonaga yaqin kelganida, Rossiya Prezidenti Boris Yelsin kabinet eshigini ochib, unga yo‘l berdi. Yelsinning yo‘lini kesib, Prezident idorasiga kirgan bu yigit o‘n yillab bu kabinetda qolib ketishini kim ham o‘ylabdi deysiz?! U Putin edi.

Bugun, oradan 23 yil o‘tib, G‘arb matbuoti va siyosiy doiralari yosh razvedkachidan kuchli siyosatchiga aylangan Vladimir Putin Sovet Ittifoqini tiklamoqchi, deb bong urmoqda. AQSH Davlat kotibining o‘rinbosari Viktoriya Nuland Putinning ommaviy chiqishlarda va suhbatlarda SSSRning qulashini fojiaga tenglashtirayotgani, sobiq Ittifoq tarkibiga kirgan davlatlar uchun o‘ziga xos signal ekanini ta’kidlamoqda.

Haqiqatan ham Putin SSSRni qayta tiklashi mumkinmi? Buni qanday amalga oshiradi? Bugun shular haqida gaplashamiz.

Rossiya SSSR merosxo‘ri

1991 yilning dekabr oyida dunyo siyosiy xaritasida katta o‘zgarish yuz berdi. Bir vaqtlar dunyoning ikki gegemon davlatidan biri bo‘lgan Sovet Ittifoqi dunyo siyosiy xaritasidan o‘chirildi. Qizil imperiya o‘rnida ulkan Rossiya Federatsiyasi va 14 ta milliy respublika qad rostladi. G‘arb dunyosi nihoyat SSSR parchalandi, “sovuq urush” tugadi deb o‘yladi. Biroq Lenin va Stalin o‘gitlarini olgan, kommunistlar yog‘ini yalagan rus siyosatchilari Sovet imperiyasini qayta oyoqqa turg‘azish uchun harakat boshladi. Xususan Rossiya Federatsiyasi birinchi Prezidenti Boris Yelsin SSSR sharpasini yaratish taraddudiga tushdi. Axir, endigina mustaqillikka oyoq qo‘ygan “ukalar”ni qarovsiz qoldirish, ularni yo‘qotish bilan teng edi.

Tarixga nazar tashlasak, SSSR ikkita tashkilot “O‘zaro iqtisodiy yordam kengashi” va “Varshava shartnomasi” negizida mamlakatlarni o‘z atrofida birlashtirgan. “O‘zaro iqtisodiy yordam kengashi” – bu Albaniya, Bolgariya, Vengriya, Polsha, Ruminiya, SSSR va Chexoslavakiya davlatlarini o‘z ichiga olgan iqtisodiy tashkilot hisoblangan. “Varshava shartnomasi” esa NATOga qarshi tuzilgan harbiy blok bo‘lib, unga Albaniya, Bolgariya, Vengriya, Germaniya Demokratik Respublikasi, Ruminiya, SSSR va Chexoslavakiya kirgan. Rossiya ham xuddi shunday ikkita tashkilot tuzish orqali, sobiq Respublikalarni “jilovlab” turuvchi yaxlit tizim yaratdi.

1991 yil Rossiyaning tashabbuskorligida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) tashkil etildi. Bu tashkilotga bir vaqtlar SSSR qanoti ostida bo‘lgan sakkizta respublika, shu jumladan, O‘zbekiston ham qo‘shildi. Shu orqali “Katta og‘a” “ukalari”ni o‘z atrofida jamladi.

Sobiq Ittifoq Respublikalarini siyosiy jihatdan atrofida to‘plagan Rossiya, endi tashqaridan bo‘ladigan tajovuzlarni bartaraf etish uchun harbiy blok tashkil etdi. 1992 yil 15 may kuni Toshkentda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT) deb nomlangan harbiy-siyosiy ittifoq tuzildi. Unga O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Armaniston va Rossiya a’zo bo‘ldi. 1993 yilda Ozarbayjon, Gruziya va Belarus ham qo‘shildi. 

Boris Yelsin MDH va KXSHTni tashkil qilib, o‘zidan keyingi avlodga Sovet Ittifoqini qayta tiklash uchun zamin hozirladi, deyish mumkin. Endi ularni o‘zining qattiq mushti, aqli va ayyorligi bilan boshqara oladigan kuchli bir shaxs kerak edi.

SSSRni tiklash uchun kelgan Putin

1999 yil 9 avgust kuni Boris Yelsin televideniyeda chiqish qilib, “men Rossiyada islohotlarning davomiyligini ta’minlay oladigan odamning nomini aytishga qaror qildim. U buyuk Rossiyani qayta oyoqqa turg‘azadi”, deb sobiq KGB (SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi) xodimi Vladimir Putinni tanishtirdi.

1999 yil Putin iqtidorga kelgach, Rossiya o‘z atrofidagi sobiq mustamlakalarini iqtisodiy tomondan o‘ziga bog‘lash harakatiga tushdi. 2001 yilda Putin o‘z ambitsiyalarini amalga oshirish maqsadida Yevroosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati (YevrAzES)ni tashkil qildi. Rossiya Prezidenti bu bilan “ukalari” o‘rtasida umumiy bozor qurishni ko‘zladi. 2001 yilda “Katta og‘a”ning chorlovi bilan Armaniston, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Moldaviya “YevrAzES”ga a’zo bo‘ldi.

2006 yilda navbatdagi O‘zbekiston Prezidenti sayloviga bir yil qolganda, rasmiy Toshkent YevrAzES tashkilotiga qo‘shildi. Biroq ikki yil o‘tib, 2008 yilda Moskva-Toshkent munosbatlarining sovuqlashganidan so‘ng, O‘zbekiston bu tashkilotdan chiqib ketdi.

Putin MDH tarkibidagi davlat rahbarlari bilan juda yaxshi aloqa o‘rnatdi. Hatto, shunday darajaga yetdiki, ayrim davlat rahbarlari Rossiya Prezidentidan beso‘roq ish qilolmaydigan bo‘ldi. Putin ba’zi mamlakatlar boshqaruviga o‘z odamlarini qo‘ydi. Axir bu hududlarni egallash uchun ozmuncha qon to‘kilganmi?!

Mustamlakalarni qaytarish uchun harakat

SSSR parchalangach, Rossiya o‘zining sobiq mustamlakalarini qaytarish yo‘lida bir nechta davlatga qo‘shin kiritdi. Sobiq Ittifoq Respublikalariga qo‘shin kiritish birinchi Prezident Yelsin davrida boshlanib, bugungi kunga qadar davom etmoqda.

Moldova voqealari. 1992 yil 7 iyul kuni Moldova va tan olinmagan Dnestr Moldaviya Respublikasi o‘rtasida ziddiyat avj oldi. Bu qarama-qarshilik qurolli to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Dnestrya Moldaviya Respublikasi (tan olinmagan) mustaqil davlat bo‘lishni istadi. Shu pallada Moldovaning ikkiga bo‘linib ketishini xohlamagan Rossiya, Moldova hukumati bilan nizoni tinch yo‘l orqali hal qilish uchun kelishuv imzoladi. Tez orada Rossiya harbiylari “tinchlikparvar kuchlari” nomi ostida Benderi va Dubossariga kiritildi. 1992 yil 2 avgust kuni Rossiya qoziligida ikki tomon o‘zaro kelishuvga erishdi.

Tojikiston. 1992 yilning avgust oyida Tojikistonda markaziy hukumat tarafdorlari va birlashgan tojik muxolifati vakili bo‘lgan turli guruhlar o‘rtasida nizo paydo bo‘ldi. Natijada mamlakat ikki qismga bo‘linib, fuqarolik urushi boshlanib ketdi. Muxolifat tarafdorlari ustunlikni o‘z qo‘liga ola boshlagach, Rossiya darhol Tojikistonga o‘z qo‘shinlarini kiritdi. 1997 yilda fuqarolik urushi tugadi. Biroq Rossiya Tojikistonni nazorat qilib turish uchun poytaxt Dushanbeda o‘zining 201-harbiy bazasini joylashtirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda bu harbiy bazada 7500 ta harbiy bor.

Agar tarixga nazar tashlasak, 1968 yilda “Varshava shartnomasi” qo‘shinlari sotsializmdan bosh tortgan Chexoslavakiyaga kiritilgan edi. Putin ham G‘arbga talpingan “ukalarini” ayovsiz jazoladi. Bunga Gruziya va Ukraina yaqqol misol bo‘la oladi.

2008 yilgi Gruziya urushi. 2003 yilda Gruziyada “Atirgul inqilobi” bo‘lib o‘tdi. Buning natijasida Rossiyaparast Gruziya Prezidenti Shevardnadze iste’foga chiqdi. 2004 yilning yanvar oyida Prezidentlik saylovida Mixail Saakashvili g‘alaba qozonib, hokimiyatni o‘z qo‘liga oldi. Mixail Saakashvili asosan AQSH va Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlikni mustahkamlashga harakat qildi. 

2004 yilning fevral oyida Saakashvili maktub orqali NATOning o‘sha vaqtdagi bosh kotibi Xoop Sxefferga Gruziya alyansga qo‘shilmoqchi ekanini ma’lum qiladi. Agar, Gruziya NATOga a’zo bo‘lsa, AQSH o‘z harbiy bazalarini Gruziyaga joylashtirishi tabiiy hol edi. Rossiyaning shundoqqina biqinida qarama-qarshi kuchlarning armiyasi turishi “Katta og‘a” uchun jiddiy xavf bo‘lib, Kreml bunga toqat qilolmasdi. Rossiya bunga qarshi Janubiy Osetiya fuqarolariga o‘z pasportini berdi.

2008 yil 7 avgust kuni Gruziya va tan olinmagan Janubiy Osetiya chegarachilari o‘rtasida otishma sodir bo‘ldi. Gruziyaning Janubiy Osetiyaga hujum boshlaganidan xabar topgan Putin “Gruziya Janubiy Osetiyaga nisbatan juda agressiv yo‘ldan borgani, bu odamlar halok bo‘lishiga olib kelgani, shaharlar vayron qilingani hamda Rossiya Gruziyaning bu bosqinchilik harakatini javobsiz qoldirmasligi”ni aytadi. 

9 avgust kuni erta tongda Rossiya harbiy samolyotlari Gruziyaning muhim ob’ektlariga havodan zarba berdi. Rossiyaning 58-armiya bo‘linmasi esa, Sxinvalni gruzinlardan ozod qilish uchun harakat boshladi. 12 avgust kuni Gruziya urushda yengilganini tan olib, harbiy harakatlarni to‘xtatdi. Ammo Rossiya harbiylari o‘zi egallagan pozitsiyada 16 avgustgacha qoldi. 26 avgust kuni Rossiya Janubiy Osetiya va Abxaziyaning mustaqilligini tan olib, o‘zini yangi mustaqil davlatning himoyachisi deb e’lon qildi va bu yerga armiyasini joylashtirdi. 28 avgustda esa, Gruziya-Rossiya bilan barcha diplomatik aloqalarni uzdi.

Qirg‘zistonga KXSHT kuchlarining krishi. 2010 yilning yozida Markaziy Osiyo mintaqasida o‘zbek-qirg‘iz mojarosi ortidan Qirg‘izistonda fuqarolar urushi boshlanib ketdi. Mamlakatning muvaqqat Prezidenti Roza Otunbayeva Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Dmitriy Medvedevdan yordam so‘radi. Rossiya bu chaqiriqqa labbay deb javob berib, Qirg‘izistonga KXSHT kuchlarini kiritdi. O‘sha vaqtda Rossiyani rasman Medvedev boshqarib kelayotgan bo‘lsa-da, u shaxmat stolini o‘zidan avvalgi Prezident va amaldagi Bosh vazir Putin bilan bo‘lishishi hech kimga sir emasdi. O‘sh va Jalolobod voqealarida mamlakatda fuqarolik urushi avj oldi. O‘zbeklarga nisbatan qirg‘in aksiyasi yuz berdi. Minglab o‘zbeklar O‘zbekiston chegarasiga bosh urdi va Andijon viloyatidan boshpana topdi. Karimov o‘sha vaqtda Qirg‘iziston ichki ishlariga aralashmaslik qarorida qat’iy turgan bo‘lsa-da, fojialarda muvaqqat Hukumat va uchinchi qo‘llar ishtiroki borligiga ishora berdi. Roza Otunbayevadan hafsalasi pir bo‘lgan Putin, uning o‘rniga Almazbek Atamboyevni hokimiyatga ko‘tardi.

Krimning anneksiya qilinishi. 2014 yil Ukraina Oliy Radasi Viktor Yanukovichni Prezidentlikdan chetlashtirdi. U o‘zining hayotidan xavfsirab, Rossiyaga jo‘nab ketdi.

Ukrainadagi siyosiy ziddiyatdan foydalangan Rossiya yangi tuzilgan hukumatni noqonuniy deb topdi. 2014 yil 16 mart kuni Krimda Rossiyaga qo‘shilish to‘g‘risida referendum bo‘lib o‘tdi. Referendum natijasiga ko‘ra, ovoz beruvchilarning 95,5 foizi Rossiya tarkibiga qo‘shilishni “yoqladi”. AQSH va Yevropa Ittifoqi referendumni noqonuniy deb hisoblab, Rossiyaga iqtisodiy sanksiya e’lon qildi. Moskva xuddi Janubiy Osetiya ssenariysi kabi Krim aholisiga o‘z fuqarolik pasportini berdi. Fuqarolarni himoya qilish uchun Rossiya strategik jihatdan juda muhim bo‘lgan Qrimga qo‘shin kiritib, uni mamlakat tarkibiga qo‘shib oldi.

Qozog‘istondagi talato‘plar. 2022 yilning boshida Qozog‘istonning Janaozen shahrida suyultirilgan gaz narxi 60 tengedan 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) oshishi ortidan ommaviy namoyishlar boshlanib ketdi. Hukumat maxsus komissiya tuzib, bu muammoni o‘rganishga kirishib ulgurmasidan tinch namoyishlar tartibsizliklarga aylanib ketdi. Olma-ota shahrida xalq va harbiylar o‘rtasida qonli to‘qnashuvlar yuz berdi. Bunda begunoh, hali oq-qorani tanib ulgurmagan bolalar qurbon bo‘ldi. Albatta, oddiy odamlar noroziligidan o‘z manfaati yo‘lida foydalanib qolgan kuchlar topildi. Aslida ular namoyishlardan katta foyda ko‘rdi. Ular xalqning qo‘liga qurol tutqazdi. Vaziyat og‘irlashib, otishmalar tovushi Prezident saroyi yaqinigacha kelgach, To‘qayev KXSHT (Putin)ga murojaat qildi. Bu chaqiriqqa ham labbay deb javob berildi. Namoyishlarni bostirish fonida Putin anchagina qarib qolgan Nazarboyevni bu gal rosmanasiga taxtdan tushirib, barcha vakolatlarni Qosim-Jomart To‘qayev o‘z qo‘liga olishiga yo‘l ochib berdi. Xo‘sh, nega bunday deyapmiz? Boisi To‘qayevning o‘zi KXSHT kuchlari oddiy xalq noroziligini bostirish uchun emas, balki mamlakatda terrorchilik xavfiga qarshi kurashish va ichki kuchlar bilan hisoblashish uchun mamlakatga kirganini tan oldi.

Qozog‘istondagi “yanvar fojiasi” ortidan KXSHTga tashakkur ma’nosidagi davlat rahbarlari mashvarati o‘tkazildi. Ushbu ushrashuvda KXSHT haqiqatan ham sobiq ittifoq mamlakatlarini changalda tutib turishga xizmat qiluvchi tuzilma sifatida tashkil etilgani ayon bo‘ldi. Bu haqda sal pastroqda gaplashamiz. 

Rossiyaning iqtisodiy hukmronligi

Putin juda ayyor strateg. U sobiq Ittifoq tarkibiga kiruvchi Respublikalarni yillar davomida o‘ziga har tomonlama bog‘lab keldi. 2014 yil Putin Gruziya va Ukraina voqealaridan so‘ng, qanoti ostidagi “ukalarini” yanada qattiqroq jilovlash uchun YevrAzESning o‘rniga, Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqini (YeAES) tashkil qildi. Ayrim siyosatchilarning fikricha, bu tashkilotni yaratish orqali Rossiya sobiq Ittifoq Respublikalarni o‘ziga geosiyosiy, geoiqtisodiy va mafkuraviy taraflama bo‘ysundirishni reja qilgan. Hozircha bu ittifoqqa Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Armaniston va Qirg‘iziston a’zo hisoblanadi. 2017 yildan buyon Putin bu tashkilotga O‘zbekistonning ham kirishini istayapti. U buning uchun boshqalarning og‘zi bilan O‘zbekistonga bosim o‘tkazmoqda. Xususan, joriy yilning 10 yanvar kuni KXSHTga a’zo davlatlar rahbarlarining mashvaratida Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko o‘z oqg‘i bilan Putinning gaplarini gapirdi :

“Avvalo, Qozog‘istondagi voqealardan O‘zbekiston saboq chiqarishi kerak. Agar bu saboqlar olinmasa, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, ularning (ekstremistlar – tahr.) diqqati O‘zbekistonga qaratilgan”.

Lukashenkoning bu fikrlari uning gapirish intonatsiyasiga qaraganda “tahdid” ko‘rinishida yangradi. Belarus Prezidentining dadil gapirishi va “bizdagi bor ma’lumotlarga qaraganda”, degan urg‘ulamalari, uning qo‘lidagi tezis Kreml irodasi bilan yozilganidan dalolat. Biroq O‘zbekiston hozircha Rossiya taklif etayotgan tashkilotlarga qo‘shilishni istamayapti.

Rossiya propagandasi

So‘ngi yillarda Rossiya telekanallari Kreml imperializmini yashirmasdan ochiq targ‘ib qilishga o‘tdi. Masalan, “Rossiya 24” kanali “30 let bez SSSR” rukni ostida ko‘rsatuvlar bera boshladi. Hatto, ob-havo ma’lumotlari SSSR zamonlaridagidek ketma-ketlikda, o‘sha davrlar kayfiyatini beruvchi musiqa ostida e’lon qilinmoqda.

Siyosiy voizlar Kiselyov, Solovyov, Jirinovskiy Rossiyaning buyuk davlatchilik g‘oyalarini ilgari surish haqida qayta-qayta ma’ruzalar o‘qiyapti. Misol uchun Jirinovsykiy yaqinda bir chiqishida shunday dedi:

“Kim rus tiliga, rus madaniyatiga qarshi bo‘lsa, bizni yoqlamasa, kuch ishlatamiz. Biz yangi kiberhujumlarni ishlab chiqqanmiz. Masalan, sizda hozir elektr bor, birozdan keyin u yo‘q. Elektr yo‘q bo‘lsa, kommunal xizmatlar ishlamaydi. Hamma narsa izdan chiqadi. Kim qilgan? Topolmaysiz”.

Putin asta-sekin SSSRni yangi formatda tiklashga intilyapti. Axir uning o‘zi “Sovet Ittifoqining parchalanishini eng katta geosiyosiy falokat”, deb atagan. Qozog‘istonga tinchlikparvar kuchlarning kiritilishi Moskva homiyligida SSSRning tiklanishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri da’vat emasmi?
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2005

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing