Javohir Sindorov xalqaro musobaqa g‘olibi bo‘ldi

Sport

image

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov AQSHda bo‘lib o‘tayotgan Naroditsky Memorial Rapid 2026 xalqaro shaxmat turnirida chempionlikni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Sindorov o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.

Sindorov musobaqaning asosiy bahslarini 7 turdan 6 ochko bilan yakunlab, hindistonlik grossmeyster Aravind Chitambaram bilan bir xil natija qayd etgan. G‘olib nomi tay-brek bahslarida aniqlanib, unda o‘zbekistonlik shaxmatchi raqibini mag‘lub etgan va turnirning bosh sovrinini qo‘lga kiritgan.

Mazkur g‘alaba evaziga Javohir Sindorov 3 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofot bilan taqdirlangan.

Turnirdagi muvaffaqiyat grossmeysterning xalqaro reytingiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Rapid yo‘nalishida u 6,9 reyting ochkosini qo‘lga kiritib, umumiy reytingini 2724,9 ochkoga yetkazdi. Natijada Sindorov onlayn reyting jadvalida uch pog‘ona yuqorilab, dunyoning eng kuchli rapid shaxmatchilari orasida 7-o‘ringa ko‘tarildi.

Qayd etish joiz, mazkur natija O‘zbekiston terma jamoasining 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasi oldidan muhim yutuqlaridan biri bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 21 iyun kuni Gonkongda bo‘lib o‘tgan 2026 yilgi jamoaviy tezkor va blits shaxmat bo‘yicha Jahon chempionati o‘z yakuniga yetib, musobaqaning blits yo‘nalishida O‘zbekiston terma jamoasi sovrindorlar safidan joy olgandi.

Mumtozbegim Abdumo‘minova


Maqola muallifi

avatar

.

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing