Jarqo‘tonda bronza davriga oid otashgoh va bolaning qabri topildi
Madaniyat-san’at
−
14:29 555 2 daqiqa
Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida joylashgan Jarqo‘ton yodgorligida arxeologik qazishmalar davomida qadimiy turarjoy qoldiqlari, otashgoh va to‘rtta butun sopol idish aniqlandi. Bu haqda Samarqand arxeologiya instituti xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning sentyabr oyida boshlangan qazishmalar bronza davri aholisining turmush tarzi, qurilish usullari va dafn marosimlarini o‘rganishga qaratilgan.
Dastlabki qazishmalar yodgorlikning 4-sonli tepaligida, ibodatxonaning shimoliy qismida hamda 3-sonli qabristonning g‘arbiy hududida olib borilmoqda.
4-sonli tepalikda qadimiy turarjoy xonalarining devor qoldiqlari, xom g‘ishtdan qurilgan inshootlar va diametri 70 santimetr bo‘lgan otashgoh topildi. Mutaxassislarning qayd etishicha, xona ichidan otashgohning aniqlanishi ayrim oilalar turarjoylarida sig‘inish marosimlari uchun alohida xonalar bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, 3-sonli qabristonning g‘arbiy qismidagi qabrlardan biridan to‘rtta butun sopol idish topilgan. Ularning shakli va tayyorlanish xususiyatlarini o‘rganish orqali qabrning davrini aniqlash hamda qadimgi aholining dafn an’analari haqida qo‘shimcha ma’lumot olish ko‘zda tutilgan.
Yodgorlikning asosiy hududidan tashqarida olib borilgan dastlabki tekshiruvlarda esa yosh bola qabri, Sopolli madaniyatining Jarqo‘ton bosqichiga oid xo‘jalik o‘rasi va aylana shaklidagi ikkita kul o‘rasi qayd etilgan. Bu topilmalar mazkur hudud ham yodgorlikning tarkibiy qismi bo‘lganini ko‘rsatadi.
Bildirilishicha, hozirda topilmalar qiyosiy tahlil qilinmoqda, qazishma ishlari esa davom ettirilmoqda. Tadqiqotlar Jarqo‘tonning hududiy tuzilishi, qadimgi aholining turmush tarzi, e’tiqodiy qarashlari va dafn marosimlarini yanada chuqurroq o‘rganishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro shahridagi Shahriston arxeologik yodgorligida Somoniylar davriga oid jome masjidining me’moriy bezaklari – kufiy yozuvlar tushirilgan ganch panel qoldiqlari aniqlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi