Japarov yoshlarni siyosiy xatolarni takrorlamaslikka chaqirdi

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakat yoshlarini ahil-inoqlikni saqlashga va o‘tgan yillardagi siyosiy va mansabdor shaxslarning xatolarini takrorlamaslikka chaqirdi. Bu haqda u bugun, 24 avgust kuni “Iris Ordo” kongress-holining ochilishida so‘z ochdi.

Qirg‘iziston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, marosimda mustaqillikning 35 yili davomida mamlakatni boshqarishda ishtirok etgan turli avlod vakillari, jumladan, deputatlar, vazirlar va gubernatorlar yig‘ilgan. 

“Kecha siyosiy raqib bo‘lganimizga yoki bugun qarama-qarshiliklarimiz borligiga qaramay, siyosiy qarashlar va shaxsiy ambitsiyalarni bir chetga surib, mamlakatimiz manfaatlari yo‘lida birga tura olishimiz kerak”, deydi Sadir Japarov.

U fuqarolarning siyosiy qarashlari turlicha bo‘lishi mumkinligini, ammo Qirg‘iziston va uning kelajagi hamma uchun yagona ekanini ta’kidlagan. Prezident yoshlarga murojaat qilar ekan, ularni murakkab va taqdirsoz davrlarda mamlakat manfaatlari atrofida jipslashishga chaqirgan.

“Vatan uchun og‘ir kunlar kelganda yoki mamlakat uchun muhim masalalar yuzaga kelganda, keyingi avlod siyosiy qarashlaridan qat’i nazar, bir bayroq ostida to‘planib, yagona pozitsiyani egallashga qodirligini isbotlamoqda”, deb qayd etgan mamlakat rahbari.

Prezident Mustaqillikning 35 yili davomida Qirg‘iziston siyosatchilari va mansabdor shaxslari tez-tez nizolashgani, populizm bilan shug‘ullangani, bir-birini tanqid qilib, ayblaganini, jamiyat esa hududiy belgilar bo‘yicha bo‘linib ketganini bildirgan. Shu sababli davlat sezilarli muvaffaqiyatlarga erisha olmagan.

Sadir Japarov yoshlarni siyosiy hayotning ushbu salbiy tomonlaridan o‘rnak olmaslikka va mamlakat kelajagini hamjihatlik hamda o‘zaro hurmat asosida qurishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sadir Japarov navbatdagi prezidentlik saylovida ishtirok etib, ikkinchi muddatga saylanish uchun nomzodini qo‘yish niyati borligini bildirgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing