Japarov Sirdaryo va Norin daryosidan energetika maqsadida foydalanishni taklif qildi
Olam
−
14 Sentabr 2023
7152Bugun, 14 sentyabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Norin daryosi va Sirdaryoning suv-energetika resurslaridan foydalanish bo‘yicha taklifni ilgari surdi. Bu haqda AKIpress xabar berdi.
Ma’lumki, 1998 yilda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida Norin daryosi va Sirdaryoning suv-energetika resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi bitim imzolangan. Mazkur kelishuvda suv va energiya resurslarining muvozanatli almashinuvini ta’minlash nazarda tutilgan.
Japarov shu bitim doirasida hamkorlikni takomillashtirish va qayta tiklash bo‘yicha ishlarni boshlashni taklif qilgan.
“Biz suv-energetika masalalari bo‘yicha ochiq, konstruktiv, o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyormiz. Bishkek shahrida butun mintaqamizda suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlaydigan Markaziy Osiyo mintaqasida energiya tejamkor va resurs tejovchi texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etishni taklif qilaman”, degan Qirg‘iziston rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda suv siyosatiga yondashuv o‘zgarmoqda. Endilikda uning mohiyati suv resurslarini, gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini muhofaza qilishni, daryolarning yuqori oqimidagi ekologik holat haqida to‘liq ma’lumot hosil qilish, shuningdek, yagona ekologik tizimni saqlash va Qirg‘iziston Respublikasining barqaror rivojlanishining iqtisodiy mexanizmini yaratishni anglatadi.
Shuningdek, u Markaziy Osiyo mintaqasida yashovchi barcha aholi hayotini ta’minlashning zarur sharti sifatida suvga bo‘lgan munosabatni butunlay o‘zgartirish zarurligini qayd etgan.
Japarovning fikricha, Markaziy Osiyoda suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish uchun suv resurslariga sarmoya jalb etish bo‘yicha keskin va aniq chora-tadbirlar ko‘rish zarur.
“Markaziy Osiyoda suvdan foydalanish masalalari bo‘yicha mintaqaviy tashkilotlarning faoliyati yuqori va quyi oqimdagi barcha mamlakatlarning manfaatlari va ehtiyojlariga javob berishi lozim. Aks holda, bu tashkilotlarni isloh qilish kerak”, degan Japarov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, har yili suv kamayishi va talab ortib borishi ma’lum bo‘ldi.
“Qirg‘iziston og‘ir tabiiy iqlim sharoitiga, suvning kamligi tufayli mamlakatning gidroxo‘jalik va gidrotexnika inshootlariga yetkazilgan zararga qaramay, davlatlararo shartnomalar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini mas’uliyat bilan bajardi va bajarishda davom etmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan Prezident.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 14-15 sentyabr kunlari Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda. Shu kunlarda Orol dengizi havzasida ekologik inqirozni bartaraf etish va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash maqsadida 1993 yilda tashkil etilgan IFAS Kengashining majlisini o‘tkazish ham rejalashtirilgan. Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari, bundan tashqari faxriy mehmon sifatida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham ishtirok etmoqda. Avvalgi uchrashuvlar, 2018 yilda Qozog‘istonning Ostona shahrida, 2019 yilda O‘zbekistonning Toshkent shahrida, 2021 yilda Turkmanistonning Avaza shahrida va 2022 yilda Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov uning mamlakati Markaziy Osiyo davlatlariga yoki ular orqali boshqa mamlakatlarga gaz va elektr energiyasi yetkazib berishga tayyor ekanini aytgan edi. Sammitga raislik qilayotgan Imomali Rahmon esa Tojikiston qulay tranzit zonaga aylanishni rejalashtirayotganini bildirgandi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa 6 ta taklifni ilgari surdi.
LiveBarchasi