Japarov kutilmaganda Bishkekdagi bozorga bordi (video)
Olam
−
12:58 2998 2 daqiqa
Bugun, 21 oktyabr kuni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov rejadan tashqari Bishkek shahridagi yangi “Madina” bozoriga tashrif buyurib, savdo qilish sharoitlari va savdo o‘rinlarini yo‘qotish mumkinligidan xavotir bildirgan savdogarlar bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi bozor qurilayotgan yer uchastkasiga egalik qilgan tadbirkor loyihani yakunlay olmagan va uni o‘z ixtiyori bilan davlatga topshirgan. Shu bilan birga, u kiritgan mablag‘lar bozor daromad keltira boshlaganidan so‘ng bosqichma-bosqich qaytariladi. Hozirda Prezident Ishlar boshqarmasi bozorning ochilishiga tayyorgarlik ishlarini yakunlamoqda.

Qirg‘iziston rahbari yangi bozorning savdo shoxobchalarini ko‘zdan kechirgan. Prezident Ishlar boshqaruvchisi Qanibek Tumanbayev ob’ekt yong‘in va sanitariya xavfsizligi talablariga javob berishini hamda ochilishga tayyorlanayotganini ma’lum qilgan.

Tadbirkorlar o‘zlarini tashvishga solayotgan masalalar haqida gapirib, ijara haqini kamaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘ragan. Ular Prezidentga o‘z muammolariga e’tibor qaratgani uchun minnatdorlik bildirgan va ilgari yangi bozor davlat rahbarining yaqin qarindoshlariga tegishli ekani haqida noto‘g‘ri ma’lumot olganini aytgan.

So‘ng Prezident avgust oyi oxirida yong‘in yuz bergan eski “Madina” bozoriga tashrif buyurgan. U yerda ham u savdogarlar bilan muloqot qilgan. Suhbat davomida jabrlanganlarga kompensatsiya to‘lash eski “Madina” bozori joylashgan yer uchastkasi egasi hisobidan amalga oshirilishi ma’lum bo‘lgan.

Alohida qayd etilishicha, ba’zi tadbirkorlar ilgari savdo o‘rinlarini bozorning oldingi egalaridan sotib olgan. Bunday har bir murojaat huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida yakka tartibda ko‘rib chiqiladi.

Yangi bozor ma’muriyatining ma’lumotiga ko‘ra, savdogarlarning 90 foizga yaqini allaqachon yangi savdo nuqtalariga ko‘chib o‘tgan.

Sadir Japarov Prezident Ishlar boshqaruvchisi Qanibek Tumanbayevga savdogarlar uchun xavfsiz va qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratgan holda, bozorning ochilishiga oid barcha tayyorgarlik ishlarini yakunlashni topshirgan.

Mamlakat rahbari noyabr oyi boshigacha yangi “Madina” bozori ishlashga to‘liq tayyor bo‘lishi va shtat rejimida faoliyat yuritishi kerakligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sadir Japarov mehnat migrantlariga mamlakatda ish o‘rinlari mavjudligini aytib, ularni vataniga qaytishga chaqirgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi20 Oktyabr