Japarov qirg‘iz-o‘zbek chegara bitimini ratifikatsiyalash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
Olam
−
29 noyabr 2022
4402Bugun, 29 noyabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston bilan chegara to‘g‘risidagi shartnoma hamda Andijon (Kampirobod) suv omboridan foydalanishga oid hujjatni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni imzoladi. Bu haqda Qirg‘iziston davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
“Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov “Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasidagi Andijon (Kampirobod) suv ombori suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi 2022 yil 3 noyabrda Bishkek shahrida imzolangan bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunni imzoladi”, deyiladi xabarda.
Matbuot xizmatiga ko‘ra, mazkur kelishuvdan maqsad “suv omborining suv resurslarini qo‘shma komissiya tomonidan boshqarish”dir.
Shunindek, Qirg‘iz Respublikasi rahbari O‘zbekiston bilan chegaraning bahsli qismilarini kelishishni nazarda tutuvchi qonunni ham imzoladi.
“Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov “2022 yil 3 noyabrda Bishkek shahrida imzolangan Qirg‘iziston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunni imzoladi”, deyiladi xabarda.
Qonunda Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish taklif etilmoqda. Hujjat chegaraning 302,29 km uzunlikdagi qismi qayerlardan o‘tishini belgilab beradi.
Ushbu qonunlar Qirg‘iziston parlamenti tomonidan 2022 yil 17 noyabrda qabul qilingan.
Tomonlar erishilgan kelishuvlarga ko‘ra, chegaraning umumiy uchastkasini demarkatsiya va delimitatsiya qilishni yakunlash doirasida bahsli yerlarning 19 ming gektarga yaqini Qirg‘iziston tomonida, 4,5 ming gektari, jumladan, 1983 yilda qurilgan Andijon (Kampirobod) suv ombori O‘zbekistonga o‘tmoqda.
Ma’lumot uchun, “Kampirobod” suv ombori – Tyan-Shan tog‘ tizmalarining 5 irmog‘idan paydo bo‘luvchi Qoradaryo o‘zaniga qo‘yilgan gidrotexnika inshooti. 1962 yili loyihalashtirilib, 1968-1982 yillarda qurib bitkazilgan bu suv omborining umumiy maydoni – 55 kv km, suv sig‘imi – 1 mld 950 m3 bo‘lib uzoq yillar davomida O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasida talash bo‘lib kelayotgan edi.
O‘zbek-qirg‘iz chegarasining uzunligi 1300 kilometrdan ortiq. Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin chegara chizig‘i bo‘ylab bir necha o‘nlab bahsli hududlar shakllandi. Mustaqillikning qariyb 30 yili davomida Bishkek va Toshkent chegarani demarkatsiya va delimitatsiya qilish borasida kelisha olmadi. Tomonlar 2017 yilning kuzida jarayonni faollashtirishga muvaffaq bo‘lishdi, 2022 yil boshiga kelib 50 ga yaqin bahsli uchastkalar mavjud bo‘lgan so‘nggi 230 kilometr kelishib olish qolgandi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari bitimini Oliy Majlis palatalari ham ratifikatsiya qilib ulgurgan. Xususan, Qonunchilik palatasi 14 noyabr kuni, Senat esa 18 noyabr kuni ratifikatsiya qildi.
LiveBarchasi