Japarov Erdo‘g‘anga iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo yig‘ilish o‘tkazishni taklif qildi

Olam

image

Kecha, 15 mart kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov Anqara shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuv chog‘ida mamlakat rahbarlari ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikning keng ko‘lamli masalalarini muhokama qilgan. Suhbatda ular mamlakatlar o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratgan.

Rajab Toyib Erdo‘g‘an Sadir Japarovni iliq kutib olib, joriy yilning fevral oyida Turkiyada sodir bo‘lgan zilzilalar oqibatlarini bartaraf etishda ko‘rsatgan gumanitar hamda moliyaviy yordami uchun Qirg‘iziston tomoniga minnatdorlik bildirgan.

Shuningdek, Turkiya rahbari savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalariga to‘xtalib, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasidagi rivojlanish dinamikasini mamnuniyat bilan qayd etgan. Bugungi kunda Turkiya va Qirg‘iziston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash ijobiy sur’atda bo‘lib, 26 foizga o‘sgan. Kelgusida ushbu ko‘rsatkichni 2 milliard AQSH dollariga yetkazish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, Turkiya Prezidenti turkiy investitsiya fondini tashkil etish va uning Bishkek shahrida mintaqaviy vakolatxonasi ochilishini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.

Prezident Sadir Japarov qirg‘iz xalqi har doim qardosh Turkiyani qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini aytgan. Shuningdek, u 2023 yilning 14 mayiga mo‘ljallangan prezident saylovlari muvaffaqiyatli o‘tkazilishini tilab qolgan.

Shu bilan birga, Sadir Japarov yaqin kelajakda iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishni taklif qilgan. Qirg‘iziston o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha Turkiya tomoni bilan faol ishlash va o‘zaro hamkorlik qilish niyatida ekanligini bildirgan.

Tomonlar ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, ikki mamlakatning barqaror rivojlanishi, barqarorligi va ravnaqiga ko‘maklashish maqsadida jahon sahnasida muloqot va hamkorlikka sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan.

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashgan edi.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 16 mart kuni Turkiya poytaxti Anqarada Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar Davlat rahbarlarining navbatdan tashqari sammiti bo‘lib o‘tadi. Sammit Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev tashabbusi bilan o‘tkazilmoqda. Sammit dasturi yakunida davlat rahbarlari Anqara deklaratsiyasini imzolaydilar.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing