Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti 30 yilga qamaldi
Olam
−
09:46 2082 2 daqiqa
Bugun, 12 iyun kuni Janubiy Koreya sudi sobiq prezident Yun Sok Yolni Shimoliy Koreya hududiga dronlar yuborganlikda aybdor deb topib, 30 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Prokurorlar Yun 2024 yilning oktyabr oyida Shimoliy Koreyani ataylab provokatsiya qilish va keyinchalik joriy etilgan muvaffaqiyatsiz harbiy holatga bahona yaratish uchun ushbu operatsiyani buyurganini aytgan.
Yun 2024 yilning 3 dekabrda harbiy holat e’lon qilganida, bu qarorini mamlakatni Shimoliy Koreyaga xayrixoh davlatga, qarshi kuchlardan himoya qilish zarurati bilan izohlagan edi. Biroq keyinchalik uning qarori asosan ichki siyosiy muammolar bilan bog‘liq ekani ma’lum bo‘ldi va ommaviy norozilik namoyishlari ortidan harbiy holat bekor qilindi.
Shundan so‘ng Yun impichment orqali lavozimidan chetlatilgan va harbiy holatni noqonuniy joriy etishga uringani uchun davlatga qarshi isyon aybi bilan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.
Seul okrug sudi Yun, sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon, Mudofaa kontrrazvedka qo‘mondonligining sobiq rahbari Yo In Xyon va Dron operatsiyalari qo‘mondonligining sobiq rahbari Kim Yon Deni davlatga xiyonat va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda aybdor deb topgan.
Sud qaroriga ko‘ra, Kim Yon Xyon ham 30 yilga qamalgan. Yo In Xyon 15 yil, Kim Yon De esa 3 yil qamoq jazosiga hukm qilingan, biroq uning jazosi 5 yil muddatga shartli ravishda kechiktirilgan.
Sud bayonotida aytilishicha, ayblanuvchilar harbiy operatsiya niqobi ostida Shimoliy Koreyani javob choralariga undash va favqulodda vaziyat yaratishga uringan. Sud shuningdek, ularning harakatlari harbiy mojaro xavfini oshirganini qayd etib, ushbu voqealar uchun asosiy javobgarlik Yun zimmasiga ekanini ta’kidlagan.
Yunning advokatlari esa uning harakatlari Shimoliy Koreyaning 2024 yilda Janubiy Koreya hududiga chiqindi va axlat ortilgan sharlarni uchirgani ortidan qilingan qonuniy javob chorasi bo‘lganini bildirgan.
2024 yilda ikki Koreya o‘rtasidagi keskinlik Shimoliy Koreya Pxenyan ustiga targ‘ibot varaqalari tashlagan dronlarni Janubiy Koreya yuborganini da’vo qilganidan keyin yanada kuchaygan edi. Sudya hukmda aynan Yun Shimoliy Koreyaning javob zarbasini qo‘zg‘atish umidida ushbu dronlarni yuborganini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, Yun mansab vakolatini suiiste’mol qilish va o‘zini hibsga olishga to‘sqinlik qilganlik uchun ham 5 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Ma’lumot uchun, Yun Sok Yol Janubiy Koreyada qamoqda saqlangan holda ayblov e’lon qilingan ilk amaldagi prezident bo‘ldi. U sobiq mudofaa vaziri va boshqa shaxslar bilan til biriktirib, konstitutsiyaviy tuzumni izdan chiqarish maqsadida isyon uyushtirishda ayblanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 yanvar kuni Seul markaziy okrug sudi sobiq Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yolning rafiqasi Kim Gon Xini korrupsiyada aybdor deb topgandi.
Live
Barchasi