Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol haydalishi mumkin
Olam
−
04 dekabr
53363 dekabr kuni Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol televideniye orqali xalqiga yuzlanib, mamlakatda harbiy holat joriy etilganini e’lon qildi.
“Shimoliy Koreya tarafdori kuchlarni yo‘q qilish va erkin konstitutsiyaviy tuzumni “kommunistik kuchlar”dan himoya qilish uchun harbiy holat e’lon qilaman. Bunday chorani muxolifatning harakatlari tufayli qo‘llayapman. Muxolifat mamlakatni inqirozga olib kirmoqchi”, dedi prezident.
Shuningdek, u harbiy holatning joriy etilishini “odamlar erkinligi va xavfsizligini, shuningdek, mamlakatning davlatga qarshi kuchlarni yo‘q qilishning muqarrar chorasi” deb atagan. Uning ta’kidlashicha, harbiy holat fuqarolarga biroz noqulaylik tug‘dirishi mumkin, biroq rasmiylar bunday noqulayliklarni minimallashtirishga e’tibor qaratadi.
“Tashqi siyosatda o‘zgarish yo‘q, Koreya Respublikasi o‘z mas’uliyatini va xalqaro hamjamiyat oldidagi hissasini bajarmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan Yun Sok Yol.
Respublika Mudofaa vazirligi zudlik bilan barcha qurolli kuchlar asosiy qo‘mondonlarining yig‘ilishini o‘tkazib, qurolli kuchlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligi hamda shayligini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilganini ma’lum qildi. Yun Sok Yol harbiy holat e’lon qilganidan so‘ng Demokratik partiya barcha a’zolarini zudlik bilan Milliy Assambleyaga yig‘ilishga chaqirdi. Ammo Assambleya rahbari Li Chje Myon prezidentning harakatlarini konstitutsiyaga zid va noqonuniy deb atadi.
“Xalq kuchi” yetakchisi Xan Don Xun ham prezidentning harbiy holat e’lon qilish haqidagi qarorini noto‘g‘ri deb atagan va prezidentning harakatlarini xalq bilan birgalikda to‘xtatishga va’da berdi.
Hammasi mana shundan keyin boshlandi. Koreya Respublikasi parlamenti 3 dekabr kunining o‘zida mamlakat prezidenti Yun Sok Yol tomonidan joriy etilgan harbiy holatni bekor qilish uchun ovoz berdi. Ovoz berishda 300 nafar deputatdan 190 nafari ishtirok etdi. Milliy Assambleya binosida to‘siqlar o‘rnatildi, maxsus kuchlar ichkariga kiritilmadi.
Janubiy Koreya Konstitutsiyasida agar harbiy holatni bekor qilishni parlamentdagi ko‘pchilik ovozi hal qiladi. Milliy Assambleyada ovoz berish jarayonlari kechayotgan bir paytda parlament binosi oldida odamlar to‘plana boshladi. Namoyishchilar prezidentga qarshi to‘planishgandi. Ular “Prezident Yunga impichment,” “Harbiy holatni bekor qiling, demokratiyani himoyalang” va “Biz g‘alaba qilamiz” deya qichqirishdi.
“Prezident saylanganidan so‘ng, o‘zidan avvalgi prezidentlarga nisbatan juda konservativ lider sifatida nom qozondi. Ayrim sohalarga mablag‘ ajratilishidagi qisqartirishlar, ya’ni iqtisodiy islohotlar, jamoatchilikning keng noroziligini keltirib chiqardi. Parlament saylovlarida aynan Yon Sok Yol yo‘liga qarshi bo‘lgan va muxolifatchilar ko‘pchilikni egallab olishdi. Hatto, 2022 yildan shu paytga qadar, yuzlab insonlarga impichment e’lon qilindi. Davlat xodimlariga nisbatan qilingan bu harakatlar ham davlatning o‘z faoliyatini yetarlicha yo‘lga qo‘ya olmayotganidan dalolat beradi va muammolar kuzatilmoqda.
Ushbu holatlar silsilasi o‘laroq, ittifoqchilar orasida ham Yun yo‘lini qo‘llab-quvvatlayotgan Jo Bayden ma’muriyati va uning izdoshi Kamola Harris hokimiyatga kelganda edi, xavfsizlik masalalarida munosabatlarni davom ettirgan bo‘lardi. Lekin kutilmaganda Donald Trampning prezident etib saylanishi, xohlaymizmi yo‘qmi, vaziyatni o‘zgartirib yubordi. Donald Trampning avvalgi birinchi muddatida Koreyaga nisbatan e’tibori kamroq bo‘lgan. Mana shuning uchun ham Yun Sok Yol tavakkal qilishga majbur bo‘ldi. Harbiylardan qo‘llab-quvvatlov olaman degan maqsadi mavjud edi. Shuning uchun harbiylarga parlament binosini egallash buyurildi”, dedi Janubiy Koreya bo‘yicha siyosatshunos Jasurbek Po‘latov.
Ammo qiziq Yun Sok Yol harbiy holatni e’lon qilinishini demokratiyani himoya qilish uchun deyapti, prezidentga qarshi namoyishchilarning ham ayni muddaosi shu – demokratiya. Bu yerda demokratiyaga qarshi kimu, Shimoliy Koreya tarafdori kim?
“Demokratiya bu yerda haqiqiy maqsad hisoblanadi. Janubiy Koreya tarafdorlari ikki Koreya o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash uchun kuchli kayfiyatda harakat qilgan edilar. Ammo bugungi kunda Shimoliy Koreyadan kelib chiqqan provokatsion voqealar jamoatchilikda norozilikni kuchaytirib yuboradi. Muxolifat esa Shimoliy Koreyaga yaqin munosabatda bo‘lishda bir-birini ayblab, vosita sifatida foydalanmoqda.
Nega aynan dekabr oyida bunday holatlar yuzaga kelganiga kelsak, xohlaymizmi yo‘qmi, Janubiy Koreya Amerika Qo‘shma Shtatlariga bog‘liq. Prezident Donald Tramp inauguratsiyasigacha o‘zgarishlar va qo‘llovga erishish maqsadida harakat qildi. Lekin biz ko‘rdikki, Amerika Qo‘shma Shtatlaridan ham tinchlik yo‘li bilan hal etish umidi oqilona tarzda bildirilgan bayonotlar berildi. Shu sabab janubiy Koreyada sodir bo‘lgan olti soatlik harbiy holatdan so‘ng, parlament uni bekor qildi. Qo‘shinlar milliy majlisi binosini tark eta boshlashganida, buning aksiga bo‘lgan harakatlar davom etdi. Ta’lim vazirligi barcha ta’lim muassasalarida o‘qish o‘zgarishsiz davom etishini ma’lum qildi. Koreyada bir kun tinch, siyosiy partiyalar va ularning faoliyati taqiqlanishi, jamoatchilikda nazorat o‘rnatilishi, ommaviy axborot vositalari ustidan nazorat mustahkamlanishi haqida bayonotlar berildi. Bu esa noroziliklarni avj oldirdi. Bugun ertalab, ushbu bayonot qaytadan ko‘rib chiqilib, favqulodda va harbiy holat bekor qilindi”, dedi Po‘latov.
Janubiy Koreyada 6 soat davom etgan harbiy holatdan so‘ng Parlament uni bekor qilish haqida qaror qabul qildi. Bu qarordan so‘ng qo‘shinlar Milliy Assambleya binosini tark eta boshladi. Ta’lim vazirligi barcha ta’lim muassasalarida o‘qish o‘zgarishsiz davom etishini ma’lum qildi. U bu qarorni parlamentda ko‘pchilikka ega bo‘lgan muxolifatdagi Demokratik partiya hukumatning byudjet bo‘yicha taklifini rad etib, davlat auditori va bosh prokuroriga impichment e’lon qilishga qaror qilganidan keyin qabul qilgan.
Dastavval Yun Sok Yol Janubiy Koreyaning bir palatali parlamenti Milliy assambleya iyun oyida yangi hukumat inauguratsiyasidan so‘ng 22 nafar hukumat amaldoriga impichment e’lon qilishga uringanini aytgan. Prezidentning fikricha “nafaqat misli ko‘rilmagan”, balki davlatning sud va ijro hokimiyatini falaj qiladi. U, shuningdek, parlamentda ko‘pchilikni tashkil etadi Demokratik partiyaning kelgusi yil byudjetini rekord darajadagi 4,1 trillion vonga (taxminan 3 milliard dollar) qisqartirish niyatini tanqid qilgan.
“Milliy Assambleyamiz jinoiy guruhlar uyasiga aylandi. Liberal demokratiyaning asosi bo‘lishi kerak bo‘lgan Milliy Assambleya liberal demokratik tizimni yo‘q qiladigan yirtqich hayvonga aylandi”, degan u.
Yunning bu harakati 1987 yilda mamlakat demokratlashganidan keyin harbiy holat e’lon qilingan birinchi harbiy holat edi. Mamlakatdagi oxirgi harbiy holat 1979 yilning oktyabrida sobiq harbiy diktator Pak Chung Xi o‘ldirilishi ortidan joriy qilingan xolos. Shundan so‘ng bunday to‘polonlardan holi edi mamlakat.
“Tarixdan bilamizki, bir necha bor harbiy holat sodir bo‘lishi juda qonli oqibatlarga olib kelgan va xalq buni hali unutgani yo‘q. Oxirgisi bo‘lganiga qariyb qirq yil bo‘lib qoldi. Mana shu sabab nafaqat jamoatchilik, balki harbiylarda ham bu holatga xayrixoh emasligini kuzatish mumkin. Qiziq holat shundaki, Yun yo‘l harbiy holatni e’lon qilinishini demokratiyani himoya qilish uchun deya, prezidentga qarshi namoyishchilar ham ayni muddaoni ilgari surmoqda”, dedi Jasurbek Po‘latov.
Yun Sok Yol 2022 yilda prezidentlik lavozimiga kirishganidan beri muxolifat nazoratidagi parlament bilan o‘z dasturlarini amalga oshirishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Yunning konservativ “Xalq kuchi” partiyasi Demokratik partiya bilan kelasi yilgi byudjet masalasi yuzasidan kelishmovchilikda edi. Muxolifat e’tirozi, Parlament e’tirozi xalq e’tiroziga qo‘shilgach, Prezident Yun Sok Yol mag‘lub bo‘ldi.
Janubiy Koreya qonunchilari endi prezident Yun Sok Yolni harbiy holat e’lon qilganidan keyin impichmentga chaqirishdi. Ularning aytishicha, bir necha soatlik harbiy harakat ham Osiyoning to‘rtinchi yirik iqtisodiyotida o‘n yilliklardagi eng yirik siyosiy inqirozni keltirib chiqarishi mumkin.
Shunday qilib, sindirilgan derazalar, parlament binosiga kirishga urinishlar, osmonda harbiy vertolyotlarning uchib yurishi, tartibsizlik yuzaga kelgani, namoyishchilar tashqarida politsiya bilan mushtlashgani kabi holatlar uchun prezident javob beradigan bo‘ldi. Harbiylar, parlament, parlament va siyosiy partiyalar faoliyati taqiqlanishini, ommaviy axborot vositalari va nashriyotlar harbiy holat qo‘mondonligi nazorati ostida bo‘lishini aytdi.
Hozirda Janubiy Koreyaning eng yirik kasaba uyushmalari koalitsiyasi – Koreya Kasaba Uyushmalari Konfederatsiyasi Seulda miting o‘tkazishni rejalashtirgan va Yun iste’foga chiqmaguncha ish tashlashga va’da bergan. Mamlakatda bundan-da ko‘proq norozilik namoyishlari kutilmoqda.
Muxolifat partiyalari qonun chiqaruvchilari koalitsiyasi chorshanba kuni Yunga impichment e’lon qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taklif qilishni rejalashtirayotganliklarini aytishdi va u 72 soat ichida ovozga qo‘yilishi kerak.
“Parlament impichment to‘g‘risidagi qonun loyihasini tezroq qabul qilish uchun prezident faoliyatini zudlik bilan to‘xtatishga e’tibor qaratishi kerak”, dedi koalitsiyadagi deputatlardan biri Xvan Un Xa jurnalistlarga.
Yunning hukmron “Xalq kuchi” partiyasi rahbari mudofaa vaziri Kim Yon Xyonni ishdan bo‘shatish va vazirlar mahkamasi a’zolarini iste’foga chiqarishga chaqirdi. Buning sababi Yon televideniyeda qilgan chiqishida mamlakatni yadro quroliga ega Shimoliy Koreya va shimol tarafdori davlatga qarshi kuchlardan himoya qilish va uning erkin konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish uchun harbiy holat zarurligini aytganida hech qanday aniq tahdidlarni keltirmagan. Sindirilgan derazalar, parlament binosiga kirishga urinishlar osmonda harbiy vertolyotlar uchib yurishi, tartibsizlik yuzaga kelgani, namoyishchilar tashqarida politsiya bilan mushtlashgani kabi holatlarning barcha-barchasi uchun prezident javob berishi kerak. Harbiylar parlament va siyosiy partiyalar faoliyati taqiqlanishini, ommaviy axborot vositalari va nashriyotlar harbiy holat qo‘mondonligi nazorati ostida bo‘lishini aytdi.
Hozirda Janubiy Koreyaning eng yirik kasaba uyushmalari koalitsiyasi Koreya kasaba uyushmalari konfederatsiyasi Seulda miting o‘tkazishni rejalashtirgan va Yun iste’foga chiqmaguncha ish tashlashga va’da bergan. Mamlakatda bundan-da ko‘proq norozilik namoyishlari kutilmoqda. AQSH elchixonasi Janubiy Koreyadagi AQSH fuqarolarini norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tadigan joylardan qochishga chaqirdi, ayni paytda ba’zi yirik ish beruvchilar, shu jumladan xodimlarga uydan ishlashni maslahat berdi.
O‘zbekiston tomoni ham jim turmadi, albatta. 3 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi elchixonasi Janubiy Koreyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ogohlantirish bilan chiqdi.
“Hurmatli vatandoshlar! Xabaringiz bor, 3 dekabr kuni Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilindi. Bugungi kunda mamlakatda yuzaga kelayotgan ichki siyosiy vaziyatdan kelib chiqqan holda, barchangizdan Janubiy Koreyada turli xil mitinglar va namoyishlarda ishtirok etmaslikka, odamlar gavjum joylarga bormaslikka, o‘zingizning shaxsiy xavfsizligingiz va sog‘ligingizni ehtiyot qilishga chaqirib qolamiz”, deyilgan ogohlantirishda.
Biz bilan suhbatda bo‘lgan Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar mamlakatda holat nazorat ostidaligi, ular xavfsizlikdaligini aytishdi.
“Shimoliy Koreya bilan urush bo‘lib ketarmikan deb o‘yladik boshida. Yo‘q, ular bu prezidentlarini ishdan olib tashladi. Chunki Janubiy Koreya o‘ttiz yoki o‘ttiz besh yil davomida juda tez rivojlanib bordi. Mana shu uch-to‘rt yilda esa rivojlanish to‘xtadi. Men bu yerga 2017 yilda kelganman. Iqtisodiyoti o‘shanda yaxshi edi, hozir chet elliklar tugul Koreya xalqining ham ahvoli ham qiyinlashgan. O‘zbekistonda o‘ylashadi Koreya zo‘r deb, lekin bu yoqqa kelib yashagan odam narx-navolar qanchalik qimmatligini ko‘rib qoladi. Bu siyosiy voqealar bunchalik vahimali emas. Bilmayman, O‘zbekistondagilar uchun qanaqadir vahimali bo‘lishi mumkin, lekin, Koreyada oddiy xalq ham siyosatchi, ular uchun bu oddiy hol”, Sardorbek ismli o‘zbek dasturchisi.
Shuningdek, Seul shahrida tarjimonlik va o‘zbeklarga yuridik yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi Javohir G‘aniyev ham ertalab Koreya tonggi tinch otganini xabar qildi.
“Kecha kuni kecha Koreyada eng qaynoq voqealar markaziga aylangan parlament binosi oldida turibman. Mana, ko‘rishingiz mumkin, Koreya tinch. Shimoliy Koreya bilan hech qanday urush bo‘lmayapti. Kechqurun Janubiy Koreya prezidenti favqulodda holat e’lon qildi, lekin u olti soatga bormasdan bekor qilindi. U Koreyaning o‘zining ichki siyosati, ichki siyosiy o‘yinlari bo‘lyapti. Hech qanday urush, janjal bo‘lmayapti. O‘zbekistondagilar bizning ota-onalarimiz, yaqinlarimiz, oila a’zolarimiz bemalol xavotir olmasdan, bizdan ko‘ngillarini to‘q qilib yurishsin. Hech qanday urush yoki to‘polon bo‘lmayapti. Mana, men hozir shu yerdaman, hamma joy tinch. Hamma o‘zi bilan mashg‘ul. Hech qanday urush yoki tahlikali holat yo‘q. Endi bu ularning ichki namoyishlari. Bular albatta hukumat nazorati ostida”, deya videoxabar ulashgan o‘zbekistonlik jonkuyar yigit.
Joriy yilning 13 iyun kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol rafiqasi Kim Gon Xi bilan birgalikda O‘zbekistonga kelgandi. U mamlakatga kelish oldidan “O‘zbekiston – Markaziy Osiyodagi yagona strategik sherigimiz va asosiy hamkorimiz” degan va ikki kunlik tashrif davomida Janubiy Koreya Prezidenti Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lgan, bir necha muhim kelishuvlarga erishgan. Janubiy Koreyadagi bu holat O‘zbekiston bilan aloqalarga qanday ta’sir qiladi? Yun Sok Yol bilan tuzilgan kelishuvlar o‘z kuchida qoladimi? Mutaxassis bu savolga ha, deya javob berdi.
Janubiy Koreyadagi holat mamlakatning iqtisodiy holati bilan ham bog‘liq. Moliya vaziri Choi Sang-mok va Koreya banki gubernatori Ri Chang Yong bir kechada favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi va moliya vazirligi kerak bo‘lsa bozorlarni qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.
“Biz aksiyalar, obligatsiyalar, qisqa muddatli pul bozori hamda foreks bozoriga cheksiz likvidlik kiritamiz, ular to‘liq normallashtirilgunga qadar”, deyiladi hukumat bayonotida.
Seul aholisi voqealar rivojini televizor va smartfonlarda diqqat bilan kuzatib borishdi va Internetda muhokama qilishdi, ammo 3 dekabr kuni hayot Koreyada odatdagidek davom etdi.
LiveBarchasi