Janubiy Koreya ham Ukrainaga qurol berishi mumkin 

Olam

image

Ukrainaning tinch aholisiga jiddiy xavf tug‘ilgan taqdirda, Janubiy Koreya mamlakatga qurol yetkazib berishni boshlashi mumkin. Bu haqda Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol “Reuters”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Agar xalqaro hamjamiyat toqat qila olmaydigan vaziyat yuzaga kelsa, masalan, tinch aholiga keng miqyosli hujumlar bo‘lsa yoki urush qonunlari jiddiy buzilsa, biz uchun faqat gumanitar yoki moliyaviy yordam bilan cheklanish qiyin bo‘ladi”, deydi Janubiy Koreya Prezidenti. 

Aytish joizki, bu Janubiy Koreya Prezidentining Kiyevga qurol berish mumkinligi haqida ilk bayonotidir. Yun Sok Yolning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro huquq Ukraina mudofaasi va mamlakatning qayta tiklanishini qo‘llab-quvvatlash darajasini cheklamaydi. Janubiy Koreya rasmiylari esa urush zonasidagi vaziyat va mojaro tomonlari bilan munosabatlarning rivojlanishini inobatga olgan holda eng maqbul choralarni ko‘radi.

Seul Kiyevga insonparvarlik yordami, shuningdek, dubulg‘a va zirhli nimchalar singari harbiy buyumlar yetkazib bermoqda. Pentagonning internetda tarqalgan hujjatlariga ko‘ra, Janubiy Koreya yetakchisining yordamchilari Vashington keyinchalik Ukrainaga yuborishi mumkin bo‘lgan o‘q-dorilarni AQSHga yetkazib berish borasida ikkilanib turibdi. Shuning uchun ham AQSH Prezidenti Jo Bayden Yun Sok Yolga bevosita qo‘ng‘iroq qilib, qurol yetkazib berishni talab qilishi kutilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Seul Vashington bosimi va Janubiy Koreyaning urush tomonlariga halokatli qurollar yetkazib berishni taqiqlovchi rasmiy siyosati orasida qolib ketgan.

Bu xabarlar tarqalgach, Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev dushmanlariga yordam berishga tayyor yangi davlat topilganidan norozi bo‘lib, Telegram-kanalida kinoyali post qoldirgan.

“Qiziq, bu mamlakat aholisi eng yaqin qo‘shnilari – KXDRdagi hamkorlarimizdan Rossiya qurollarining so‘nggi namunalarini ko‘rganlarida nima deyishadi?”, deb yozgan Medvedev.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya qurol Janubiy Koreya Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made