Janob Mirzayev: “Menga “hurmatli” deb murojaat qilmanglar”

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Bugun, 22 noyabr kuni Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Zoyir Mirzayev raisligida videoselektor tarzida ilk “hokimlik soati” o‘tkazildi. Unda viloyatning 22 ta tuman-shaharlari sektor rahbarlari, viloyatdagi barcha boshqarma va tashkilotlar va ularning hududiy bo‘linmalari boshliqlari, mahalliy kengashlar deputatlari, viloyat faollari ishtirok etdi.

Yig‘ilish avvalida viloyat rahbari Zoyir Mirzayev boshqaruv siyosatida belgilab olingan eng ustuvor vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Hokim fuqarolar bilan qabulni ko‘chma tartibda olib borishini ma’lum qildi. Unda hamma sektor rahbarlari qatnashadi. Yangi tartibga ko‘ra, soat 14:00 da bo‘ladigan qabulga soat 8:00 da o‘sha murojaatchining sektor rahbari, tegishli tashkilot mutasaddisi uyiga borib, masalasini joyida o‘rganib chiqadi.

“Qanday toifadagi rahbar bo‘lishidan qat’iy nazar, bilib olsin, faoliyatimizning asosiy mezoni “Inson qadri uchun” tamoyili asosida bo‘ladi. Buni kerak bo‘lsa, stolning ustiga yozib qo‘ying. Yana shuni ham yozib qo‘yinglarki, ishimizda “mayda-chuyda masalaning o‘zi yo‘q”, degan hokim Mirzayev.

Viloyatning yangi rahbari haftada bir marta, dushanba kuni bajarilgan ishlar tahlili, muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilishini ta’kidlagan.

Shuningdek, fuqarolarning murojaatlarini qabul qiladigan Telegram-bot tashkil etilishi aytilgan. Hokim kerak bo‘lsa, murojaatchi fuqaro bilan telefonda o‘zi gaplashishini qo‘shimcha qilgan.

Zoyir Mirzayev davlat tiliga e’tibor qaratishini urg‘ulab, shunday degan:

“Hokimiyatdan har bir chiqayotgan qog‘oz hokimiyatning yuzi. Davlat tili bo‘yicha hokimiyat hujjatlarini xato yozadigan xodim hokimiyatda ishlashi mumkin emas”.

U oshkoralik, shaffoflik ko‘pchilikka yoqmasligini, lekin har qanday negativga sektor rahbari munosabat berishi shartligini qayd etgan. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqqa kirishni bilmaydigan rahbarlarni o‘rganishga chaqirgan.

“Oldindan kelishib olaylik, menga "hurmatli" deya murojaat qilmanglar”, degan janob Zoyir Mirzayev yig‘ilishda.

Shuningdek, u hokimlarni qilinayotgan ishlarni ko‘rsatish uchun press-tur tashkil qilishga va kamchiliklarni ham ochiqlashga chaqirgan.

“Viloyatimiz tuman-shaharlaridagi tahririyatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorman. Gazetalar bizga kerak. Hududiy tahririyatlardagi jurnalistlar tajribasini qadrlanglar, qo‘llab-quvvatlanglar. Bu bo‘yicha mutasaddilardan aniq takliflar kutamiz”, degan Mirzayev.

Yig‘ilishda daraxtlarni ekish harakatiga ham to‘xtalib o‘tilgan. Hokim ko‘chatlar o‘tqazilayotganini, ammo asosiysi ularning ko‘karishi ekanini aytgan.

Yig‘ilish yakunida viloyat hokimi sektor rahbarlari va viloyat mutasaddilariga bir qancha topshiriqlar berib, selektorni yakunladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1334

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing