Jamoatchilik nazorati va OAVga tazyiq o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaymiz - Prezident

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 7 dekabr kuni poytaxt Toshkentdagi "O‘zbekiston" xalqaro anjumanlar saroyida mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etib, nutq so‘zladi. Davlat rahbarining nutqida asosiy e’tibor mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash, demokratik jarayonlarni jadallashtirish, ochiqlik va oshkoralik siyosatini uzviy davom ettirishga qaratildi. Prezident bu haqda gapirarkan, "orqaga yo‘l yo‘q", deb takror va takror ta’kidladi. 

Davlat rahbari nutqining bir qismi mamlakatda matbuot va so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari bilan ochiq va oshkora muloqot qilishga qaratildi. 

"Ommaviy axborot vositalari qonuniylik ta’minlanishida chinakam jamiyat ko‘zgusiga aylanishi kerak. So‘z erkinligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar o‘tgan 3 yilda jamiyatimiz hayotida tub burilish yasadi. O‘zimiz sezmayapmiz, lekin jamiyat ham o‘zgargan, so‘z erkinligi ham bor bugun. Bir tasavvur qilinglar, 3 yil oldin televizorda bunaqa gaplar bilan birov chiqa olarmidi? Bunaqa savollar berarmidi? Hamma xuddiki 30 yil bilan oxirgi 3 yil orasida yuz bergan o‘zgarishlar farqini bilmayapti. Nimaga? Chunki o‘zimiz o‘zgarayapmiz, odamlarni dardi, talabi o‘zgarayapti. Lekin yana bir marta ta’kidlayman, bu o‘zgarishlar bilan bir qatorda madaniyat va ilm ham kerak. 

Bugun xalqimiz orasida yurib, uni qiynayotgan eng o‘tkir ijtimoiy muammolarni ko‘rsatib berayotgan eng katta kuch - bu mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalari vakillaridir. Demokratik islohotlarimiz natijasida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar mansabdor shaxslarni o‘z ishini qonuniy asosda to‘g‘ri tashkil etishga undamoqda. 

Aslida demokratik jamiyatda barcha davlat xizmatchilari ommaviy axborot vositalari bilan yaqin ijtimoiy hamkorlik qilishga o‘rganishi kerak. O‘rganmasak, ertangi islohotlarimiz amalga oshmaydi", deydi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumki, o‘tgan oyda mamlakatda ommaviy axborot vositalari, jumladan jurnalistlarni turli tazyiq va haqoratlardan himoya qilish kun tartibiga chiqdi. Davlat rahbari bu haqda so‘z yuritarkan, jurnalistlarga tazyiq o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmasligiga to‘xtaldi.
                                            
"Jamoatchilik nazorati ham, ommaviy axborot vositalari ham - yagona bir maqsad - xalqimizni rozi qilishga intilsin. Tanqid, albatta kerak. Tanqid bo‘layapti, xulosa ham bo‘layapti. Lekin biz hammamiz izlanishdamiz, o‘rganishdamiz, yangi O‘zbekistonni quryapmiz. Yo‘nalishlarimiz, fikrlarimiz bir bo‘lsa, shunda natija ham mutlaqo boshqacha bo‘ladi!

O‘zbekistonda jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy haq-huquqlariga hech qanday shaklda tazyiq o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi", deydi Prezident. 

Davlat rahbari so‘zida davom etar ekan, ommaviy axborot vositalarini ham, rahbarlarni ham ginalarni unutib, yakdil hamkorlik qilishga chaqirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev OAV

Baholaganlar

49

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing