Jamiyatimiz razolat va sukut uchun juda og‘ir badal to‘layapti – Mirziyoyeva

Jamiyat

image

O‘zbekiston siyosiy elitasidan bugun gender tenglik, ayollarga nisbatan hurmat haqidagi balandparvoz gaplarni ko‘p eshitamiz. Biroq, bu gaplar va ularning amaldagi ifodasi mahalliy idoralar, quyi bo‘g‘inlarga yetib bormagani, oilalarga kirishda ostonadan xatlay olmayotgani so‘nggi voqealar natijasida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 

Aytaylik, Termizda 14 oy avval o‘quvchi qiz zo‘rlandi va ota-onasi ishchi ishlar oganlariga murojaat qilishiga qaramay, ish bosti-bosti qilib kelindi. Navoiyda esa ayol uch qizi bilan o‘zini poyezd tagiga tashlashga urindi. Xorazmda esa 19 yashar kelin qo‘shnisidan 5 ming so‘m qarz olgani uchun qaynotasi va qaynisi tomonidan do‘pposlandi. Tahqirlashlarga chiday olmagan kelin o‘z joniga qasd qilgan. Bu mamlakatda ayollarga nisbatan munosabatning haqiqiy misollari. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisining o‘rinbosari, Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya a’zosi Saida Mirziyoyeva jamiyat ayollarga nisbatan razolat va bunday voqealarga sukut, qolaversa, “ayolning o‘zi aybdor” degan qotib qolgan stereotiplar uchun og‘ir badal to‘lashini aytib chiqdi. 

“Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik mavzusidagi yangiliklar keyingi kunlarda umidsizlik zanjiriga bog‘lanib ketyapti. 

Biri o‘g‘il farzand ko‘rolmagani uchun qizlari bilan o‘zini poyezd tagiga tashladi. Boshqasi kaltaklarga chidolmay, o‘zini osdi. Qo‘shnilaridan yo‘lkiraga besh ming olganiga do‘pposlashibdi. Norasida qizning nomusiga tekkan kimsa jazosiz qoldi, oilaning zo‘ravonga kuchi yetmadi. 

Bunday xabarlarni eshitib, odamning ko‘ngli buzilib ketyapti. Bu hali daragi bizgacha yetib kelganlari. Yana qanchasi bosti-bosti bo‘lib ketyapti ekan?”, deydi Mirziyoyeva.  

Saida Mirziyoyevaga ko‘ra, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik qo‘l urganlarning jazo olmasligiga yana ayollar va buni ko‘rib, guvoh bo‘lib turgan jamoatchilikning sukut saqlayotgani sabab bo‘lmoqda. 

“Ayol kishi uyidagi gapni tashqariga chiqarishi, dardi, musibati haqida birovlarga gapirishi qanchalik qiyinligini tushunaman. Ko‘pchilik xotin-qizlar buni o‘zi uchun sharmandalik deb biladi. Ana shu o‘rinsiz uyatni yengib, zo‘ravonlik haqida ochiq so‘zlay olayotganlar tahsinga loyiq. Siz faqatgina o‘zingizga emas, balki kun sayin, yillab zulmga chidab kelayotgan, jabrdiyda bo‘la turib, ta’nalar tagida qolishdan qo‘rqqan, hatto eng yaqinlariga ham dardini ayta olmayotgan ayollarga yordam beryapsiz”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Prezidentning qizi sha’ma qilishicha, mamlakatda ayollar bilan bog‘liq jinoyatlarni qo‘llayotgan, telefon orqali ish bitiradiganlar bor va ular qilmishidan uyalishi kerak. 

“Birovga zulm qiluvchilar, mansabidan foydalanib, jinoyatchilarni qo‘llayotganlar, telefon orqali ish bitiradiganlar, odam tanlab, ayrimlarni boshqalardan ustun qo‘yadiganlar sharmanda bo‘lsin! Shular ta’naga qolsin!  

Yoshgina kelinning hayoti besh ming so‘mga baholanibdi. Bitta qo‘ng‘iroq navnihol qizning nomusiga tenglashtirilibdi. Bir og‘iz malomat ona va uning qizaloqlari hayot-mamotini hal qilibdi.

Jamiyatimiz razolat va sukut uchun, “ayolning o‘zi aybdor” degan qarash uchun juda og‘ir badal to‘layapti. 

Qonunlar bor.

Hamma qonun oldida birdek javob berishi kerak. Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni haqqoniy tergov qilish masalasi birlamchi vazifalar qatorida bo‘lishi shart. 

Jinoyatchilar jazo muqarrar ekanini bilsin!”, deydi Saida Mirziyoyeva.


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva

Baholaganlar

345

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing