Jahongir Ulug‘murodovga chiqarilgan hukm o‘zgartirilib, yengil jazo berildi
3-sahifa
−
28 iyul 2023
21228Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2023 yil 28 iyuldagi ajrimiga muvofiq nashid eshitib, uch yilga qamalgan Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilib, unga Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan ushbu Kodeksning 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llagan holda 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Bugun, 28 iyul kuni Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasida Jahongir Ulug‘murodov (2002 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan)ga nisbatan chiqarilgan jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudining 2023 yil 8 maydagi hukmi va Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 17 iyuldagi ajrimi ustidan advokat Abdumalik Abdullayev tomonidan berilgan kassatsiya shikoyati ko‘rib chiqildi.
Sud majlisida qayd etilishicha, quyi sudlar Jahongir Ulug‘murodovga oid jinoyat ishi tafsilotlarini to‘g‘ri aniqlab, uning aybliligi haqida asosli xulosaga kelgan.
Ulug‘murodovning sud hukmida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikdagi aybi dastlabki tergov va birinchi instansiya sudida guvohlarning birinchi instansiya sudi majlisida, mutaxassislarning apellyatsiya instansiyasida bergan ko‘rsatmalari, bildirgi, bayonnomalar, fotojadvallar, tushuntirish xatlari, sudga oid dinshunoslik va adabiyotshunoslik ekspertizalarining xulosalari hamda ish bo‘yicha to‘plangan boshqa ishonchli va maqbul dalillar yig‘indisi bilan o‘z isbotini topgan.
Birinchi instansiya sudi Jahongir Ulug‘murodovning jinoiy harakatlarini Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilib, unga nisbatan jazo tayinlashda yoshligi, talaba ekanligi, muqaddam sudlanmagani, o‘qish joyidan ijobiy tavsiflangani, oilaviy sharoiti, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida asoslagan bo‘lsa-da, ish holatlariga, uning sodir etgan jinoiy qilmishi, o‘zining shaxsi va sodir etilgan ijtimoiy qilmishga nisbatan keyingi munosabatlariga yetarlicha e’tibor qaratmasdan, Jahongir Ulug‘murodovni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatish mumkin emas, deb ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo tayinlagan.
Jinoyat-protsessual kodeksining 509-9-moddasi (kassatsiya instansiyasi sudining vakolatlari)da kassatsiya instansiyasi sudi jinoyat ishini ko‘rib chiqishda birinchi instansiya sudining hukmini va apellyatsiya instansiyasi ajrimini o‘zgartirish to‘g‘risida ajrim qabul qilishga haqli ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Shu sababli kassatsiya sudlov hay’ati, ish bo‘yicha Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan chiqarilgan sud qarorlarini o‘zgartirib, uning yoshligi, talaba ekanligi, muqaddam sudlanmagani, o‘qish joyidan ijobiy tavsiflangani, oilaviy sharoiti, qilmishidan pushaymonligi, shuningdek jinoyat sodir etgandan keyingi xulq-atvori kabi holatlarni e’tiborga oldi.
Shu tariqa Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2023 yil 28 iyuldagi ajrimiga muvofiq Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilib, unga Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan ushbu Kodeksning 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llagan holda 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlan.
Ulug‘murodovning 2023 yil 24 fevraldan 2023 yil 28 iyulga qadar qamoqda saqlangan 5 oy 4 kun Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari)ga asosan chegirilib, o‘tash uchun 2 yil 6 oy 26 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilishi belgilandi.
Jahongir Ulug‘murodovga ozodlikni cheklash jazosini yashash joyi bo‘yicha o‘tash belgilanib, soat 22:00 dan soat 06:00 ga qadar yashash joyidan chiqish taqiqlandi.
Ulug‘murodovga Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi (ozodlikni cheklash) 5, 6-qismlari talablari tushuntirilib, darhol jazoni ijro etish joylarida qamoqdan ozod qilinishi belgilandi.
Advokat Abdumalik Abdullayevning himoyasi ostidagi Ulug‘murodovni oqlash haqidagi shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi.
LiveBarchasi