Jahon yetakchilari yana Samarqandda yig‘iladi

Jamiyat

image

4-5 aprel kunlari “Silk Road Samarkand” kongress markazida birinchi Samarqand iqlim forumi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lum qildi.

Bildirilishicha, forumda jahon yetakchilari, siyosatchilar, ekspertlar va faollar Markaziy Osiyo va dunyo duch kelayotgan dolzarb iqlim muammolarini muhokama qiladi.

“Markaziy Osiyo global iqlim muammolariga duch kelmoqda: umumiy farovonlik uchun birlashish” mavzusi ostidagi forum ekologik barqarorlik, yashil iqtisodiy rivojlanish va iqlim barqarorligi bo‘yicha muloqotni ilgari surish uchun yuqori darajadagi platformaga aylanadi. Asosiy e’tibor mintaqaviy va xalqaro hamkorlikka qaratilgan. Iqlim forumi qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish, suv resurslarini kompleks boshqarish, biologik xilma-xillikni saqlash va barqaror shahar taraqqiyoti kabi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha ekspert panellari, yalpi sessiyalar va siyosiy muloqotlarni taklif qiladi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, muhokamaning asosiy mavzularidan biri global miqyosdagi ekologik halokatning yaqqol namunasi bo‘lgan Orol dengizi inqirozidir. Mutaxassislar va hukumat vakillari zarar ko‘rgan hududlarda yerlarni tiklash, cho‘llanishga qarshi kurashish va iqlim o‘zgarishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha barcha yechimlarni ko‘rib chiqadi.

Forumda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, BMT, xalqaro moliya institutlari va yetakchi ekologiya tashkilotlari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Bu hududning yashil transformatsiyasi va barqaror rivojlanishiga umumiy sadoqatni tasdiqlaydi.

Tadbirning asosiy natijasi Samarqand forumining yakuniy hujjati — “Yashil” rivojlanishning Mintaqaviy konsepsiyasi taqdimoti bo‘lib, u iqlim o‘zgarishi sohasida Markaziy Osiyo davlatlarining yagona mintaqaviy qarashlarini shakllantirishga asos soladi. Unda yetakchi xalqaro tashkilotlarning mintaqadagi ekologik muammolarni hal qilish borasidagi yondashuvlari bayon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand iqlim forumidan oldin 3-4 aprel kunlari “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammitiga mezbonlik qiladi. Yevropa Kengashi raisi Antonio Koshta va Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen ushbu sammitda qatnashish uchun O‘zbekistonga keladi. Tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari ishtirokida o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand Samarqand iqlim forumi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing