Jahon qarzi 337,7 trillion dollarga yetib, rekord o‘rnatdi
Olam
−
26 Sentabr 2025 6948 2 daqiqa
Global moliyaviy sharoitlarning yumshashi, AQSH dollarining zaiflashishi va asosiy markaziy banklarning murosali siyosati tufayli joriy yilning ikkinchi choragi oxirida jahon qarzi rekord darajaga – 337,7 trillion dollarga chiqdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, global qarz yilning birinchi yarmida 21 trillion dollardan ko‘proqqa oshib, 337,7 trillion dollarga yetgan.
Xalqaro moliya instituti (IIF) ma’lumotiga ko‘ra, eng katta qarz o‘sishi AQSH dollari hisobida Xitoy, Fransiya, AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya va Yaponiyada kuzatilgan. Bu qisman AQSH dollarining zaiflashishi bilan izohlanadi. Joriy yil boshidan buyon dollar asosiy savdo hamkorlari valyutalariga nisbatan 9,75 foiz pasaygan.
“Bu o‘sish pandemiya davridagi siyosiy choralar tufayli qarz mislsiz darajada to‘plangan – 2020 yil ikkinchi yarmidagi ko‘rsatkichlarga yaqin bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Qarzning YAIMga nisbati (mamlakatning ishlab chiqargan mahsuloti bilan qarzini qoplash qobiliyati) ko‘rsatkichiga ko‘ra, eng keskin o‘sish Kanada, Xitoy, Saudiya Arabistoni va Polshada qayd etilgan. Aksincha, Irlandiya, Yaponiya va Norvegiyada bu ko‘rsatkich pasaygan.
Rivojlanayotgan mamlakatlarning umumiy qarzi ikkinchi chorakda 3,4 trillion dollarga ko‘payib, 109 trillion dollardan oshib ketgan.
IIF’ning ta’kidlashicha, qarz o‘sishining asosiy sababi davlat qarzining keskin ortishi bo‘lib, bu holat G7 mamlakatlari va Xitoyda ayniqsa yaqqol kuzatilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2024 yilda jahonning umumiy qarzi 251 trillion AQSH dollarini tashkil etgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi 43 mlrd 376 mln dollarga yetgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi