Jahon chempioni Kamoliddin Rasulovni pichoqlab o‘ldirgan sportchi 15 yilga qamaldi
3-sahifa
−
15 mart 2022
10147Dzyudo va kurash bo‘yicha jahon chempioni Kamoliddin Rasulovni pichoqlab o‘ldirgan boshqa bir sportchi 15 yilga qamaldi. Bu haqda Oliy sud ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Kamoliddin Rasulov o‘limi yuzasidan joriy yilning 8 fevral kuni boshlangan sud majlisi 14 mart kuni yakuniga yetgan.
Unga ko‘ra, sportchining o‘limiga sabab bo‘lgan Sh.T. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j” bandi (o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) bilan aybdor deb topilib, 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sudlanuvchining umumiy tartibli jazo koloniyalarida jazo o‘tashi va jazo muddati o‘tgan yilning 14 sentyabrdan hisoblanishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 13 sentyabr kuni Toshkent shahrining Uchtepa tumanida dzyudo va kurash bo‘yicha jahon chempioni, qashqadaryolik 29 yoshli Kamoliddin Rasulov boshqa bir sportchi tomonidan pichoqlab, o‘ldirilgandi.
Fuqaro Sh.T. Kamoliddin Rasulovga qo‘ng‘iroq qilib, undan xarid qilib olgan “Humo Trop” vitaminini iste’mol qilgani uchun sog‘lig‘i yomonlashganini, shifokorlar bu kasallikning davosi yo‘qligini bildirganini aytgan va uni Uchtepa tumani, 14-mavzedagi uyi oldiga chaqirgan. Ular ko‘rishgach, o‘zaro janjallashib qolib, Sh.T. yonida olib chiqqan oshxona pichog‘i bilan Kamoliddin Rasulovni turli sohalariga bir necha marotaba urib, qasddan o‘ldirgan.
Mahalliy OAV sportchining o‘limiga sabab bo‘lgan Sh.T. ham milliy kurash va dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lib, o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha birinchi jahon chempioni – Toshtemir Muhammadiyevning jiyani bo‘lgani haqida xabarlar tarqatgandi.
LiveBarchasi