Jahon banki O‘zbekistonga yana katta miqdorda mablag‘ ajratdi
Olam
−
20 may 9577 2 daqiqa
Jahon banki Ijroiya direktorlar kengashi O‘zbekistonga 35 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Bu haqda Jahon bankining rasmiy saytida e’lon qilingan press-relizda so‘z boradi.
Ma’lum qilinishicha, mablag‘lar fuqarolar va xususiy sektorning geofazoviy ma’lumotlardan foydalanishini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish loyihasini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Loyiha davlat xizmatlarini raqamlashtirishni davom ettirishga ko‘maklashadi va butun mamlakat bo‘ylab hududiy rivojlanishga hissa qo‘shadi. O‘zbekiston hukumati loyihani birgalikda moliyalashtirish uchun 5,7 million dollar atrofida mablag‘ ajratadi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda jadal sur’atlar bilan kechayotgan urbanizatsiya jarayonlari natijasida aholining 50 foizdan ortig‘i shaharlarda yashamoqda. Bu tendensiya, ayniqsa, yirik shahar aglomeratsiyalarida yer resurslari, asosiy infratuzilma va ta’lim, sog‘liqni saqlash va jamoat transporti kabi davlat xizmatlariga bo‘lgan bosimni kuchaytirgan. Shaharlarning jadal o‘sishi yerdan foydalanish va infratuzilma to‘g‘risida batafsil geofazoviy ma’lumotlarning yetishmovchiligiga olib kelgan.
Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun O‘zbekiston hukumati 2021 yilda Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasini (FMMI) rivojlantirish uchun huquqiy asos yaratgan. FMMI geofazoviy ma’lumotlarni shaffof va samarali yig‘ish, saqlash, boshqarish va almashish orqali puxta rejalashtirish hamda barqaror hududiy rivojlanishga hissa qo‘shishga qaratilgan.
“FMMIni rivojlantirishda ma’lum yutuqlarga erishilganiga qaramay, tegishli davlat xizmatlarini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish zarur”, degan Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Tatyana Proskuryakova.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon bankining Ijroiya direktorlar kengashi O‘zbekistonga 100 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qullagandi. Ushbu mablag‘ mamlakatdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini elektr taqsimot tarmoqlariga integratsiya qilish va muhim hududlarda elektr ta’minotining ishonchliligini oshirishga qaratilgan dasturga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr