Jahon banki O‘zbekistonga salkam 300 mln dollar ajratadi

Jamiyat

image

Kecha, 17 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida, Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘ylab birinchi ish safari doirasida, 14–18 may kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lgan Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Byorde bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Jahon banki va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi muzokaralar yakunida “O‘zbekistonda suv ta’minoti xizmatlari sektorini rivojlantirish va uni institutsional qo‘llab-quvvatlash” loyihasi bo‘yicha moliyaviy va grant bitimlari imzolash marosimi bo‘lib o‘tgan.

Loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki tomonidan 239 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit, shuningdek, Shveysariya davlat kotibiyatining iqtisodiy masalalar bo‘yicha 7,8 million AQSH dollari miqdoridagi granti ajratiladi. 

Qayd etilishicha, loyiha doirasida O‘zbekistonning uchta hududida 500 mingdan ortiq kishi suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlaridan yanada sifatli foydalana oladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida Nukus, Taxiatosh va Xo‘jayli shaharlarida kanalizatsiya-tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, Sirdaryo viloyati va Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlari kengaytirilib, rekonstruksiya qilinadi.

Shuningdek, “O‘zbekistonda milliy innovatsion tizimni modernizatsiya qilish” loyihasi bo‘yicha moliyaviy bitimlar imzolangan. Loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki tomonidan 50 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya O‘zbekistonga 61 mln yevro ajratishi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

85

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing