Jahon banki O‘zbekistonga $50 mln qarz beryapti. Qarzni kim to‘laydi?
Olam
−
17 fevral 2022
22140Jahon banki O‘zbekistonga 50 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratadi. Bu haqda JBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, JB ijrochi direktorlari kengashi O‘zbekistonga imtiyozli kredit berishni ma’qullagan. Ushbu kredit moliyalashtirish milliy statistika tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha besh yillik loyihani amalga oshirish uchun sarflanadi. Kreditni qoplash bo‘yicha muddat esa 30 yil bo‘lib, 5 yillik imtiyozli davr ham beriladi.
Ta’kidlanishicha, 2020–2025 yillarga mo‘ljallangan statistikani rivojlantirishning Milliy strategiyasi turli xil maqsadlarga erishish uchun muhim bo‘lgan bir nechta komponentlarni va chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi:
1-komponent: Institutsional islohot va Davstatqo‘mning salohiyatini rivojlantirish.
Loyiha milliy statistika tizimining tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish, shuningdek Davstatqo‘mning operatsion, boshqaruv va kadrlar bo‘yicha salohiyatini yaxshilashga yo‘naltirilgan qator chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Statqo‘m xodimlari uchun professional tayyorlov dasturlari, shuningdek mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalari uchun statistika bo‘yicha o‘quv dasturlari ishlab chiqiladi, joriy qilinadi va amalga oshiriladi.
2-komponent: Statistik ma’lumotlarning ishlab chiqilishi.
Loyiha statistikani rivojlantirish bo‘yicha Milliy strategiyada ko‘rsatib o‘tilgan eng muhim statistik ma’lumotlardagi yetishmovchiliklarni bartaraf etish, shuningdek ularni yig‘ish va tahlil qilish jarayonlarini modernizatsiya qilishga ko‘maklashadi. Xususan, milliy hisoblar tizimi (mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatni ta’riflash va tahlil qilishda qo‘llaniladi), aholi farovonligi monitoringi tizimi (masalan, demografiya, asosiy mahsulotlarning narxlari, gender, kambag‘allik va bandlik masalalari bo‘yicha statistikalar) hamda atrof-muhit bilan bog‘liq ma’lumotlar yangilanadi. Turli xil statistik metodlar, standartlar va registrlar takomillashtiriladi. Ushbu komponent 2023-2024 yillarga rejalashtirilgan aholi va uy-joy fondi, qishloq xo‘jaligini umummilliy ro‘yxatga olish ishlariga tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu ro‘yxatga olish ishlari O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng birinchi marotaba o‘tkaziladi.
3-komponent: Davstatqo‘mning moddiy-texnik ta’minoti va statistik ma’lumotlarni tarqatishni yaxshilash.
Ushbu komponent Davstatqo‘mning statistik ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazini modernizatsiya qilish ishlarini moliyalashtiradi. Ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish uchun axborot-kommunikatsiyalari qurilmalari, qog‘oz arxivlarni raqamlashtirish tizimlari, statistik ma’lumotlarni qayta ishlash uchun litsenziyalangan dasturiy ta’minot, kompyuter va planshetlar xarid qilinadi hamda Davstatqo‘mning markaziy apparatidagi va hududiy bo‘linmalaridagi xodimlari orasida tarqatiladi.
Shuningdek, loyiha Davstatqo‘mni ma’lumotlarni yig‘ish va tarqatish uchun qog‘oz hujjatlardan elektron qurilmalarga o‘tishida yordam beradi. Bundan tashqari, statistik yilnomalar va sohalar bo‘yicha turli xil statistik ma’lumotlar o‘rin olgan hisobotlar chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Davstatqo‘mning rasmiy vebsaytini va uning platformasida joylashtirilgan turli xil ma’lumotlar bazalarini rivojlantirish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.
LiveBarchasi