Jahon banki O‘zbekistonga $142 mln qarz beradi

Olam

image

Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga 142 million dollarlik imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi.  Bu haqda Jahon bankining Toshkentdagi vakolatxonasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu mablag‘lar mamlakatning turli hududlarida landshaftlar barqarorligini yaxshilash va o‘rmonlarni qayta tiklashga, shuningdek, O‘zbekistonning transchegaraviy tabiiy zonalarni tiklash bo‘yicha Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar bilan hamkorligini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi loyihani moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Loyiha faoliyatini amalga oshirish uchun Koreya va Jahon banki hamkorlik jamg‘armasi (3 million AQSH dollari) hamda Barqaror landshaftlar bo‘yicha global hamkorlik (8 million AQSH dollari) hisobidan qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston kichik o‘rmonlarga ega mamlakat. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ular 3,68 million gektarni egallaydi, bu mamlakatdagi barcha yer maydonlarining 8,6 foiziga to‘g‘ri keladi.

Oxirgi 30 yil ichida chorvachilikning nazoratsiz rivojlanishi, energiya manbalari nihoyatda cheklangan qishloq joylarida yoqilg‘i manbasi sifatida foydalanish uchun yog‘ochga bo‘lgan talabning ortishi, shuningdek o‘rmon maydonlaridan sug‘orma dehqonchilik sifatida foydalanish natijasida o‘rmonlar qisqardi. Iqlim o‘zgarishi o‘rmonlarning tanazzulga uchrashining yana bir omiliga aylandi, bu yong‘inlar sonining ko‘payishiga, o‘rmon zonalariga daraxtlar zararkunandalari va kasalliklarining kirib kelishiga olib keldi.

Bugungi kunga kelib Jahon bankining O‘zbekistondagi dasturi tashkilotning Turkiyadan keyin Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik loyihasidir. Loyihalarning umumiy qiymati qariyb 5,4 milliard AQSH dollariga teng 29 ta loyihadan iborat.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

68

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing