Zelenskiyning legitimligi o‘z o‘rnida...mi?
Tahlil
−
04 iyun 2024 11519 8 daqiqa
Ortda qolgan 15 kun ichida Ukrainaning ayni damdagi qonuniy rahbari Vladimir Zelenskiyning legitimligi haqida turli gap-so‘zlar yangray boshladi. Bu haqda eng birinchilardan bo‘lib o‘z faoliyati davomida oz emas, ko‘p emas naqd 5 marotaba prezident etib saylangan va 24 yildan buyon mamlakatni boshqarib kelayotgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin so‘z ochdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiyning qonuniy prezidentlik davri tugagan va Ukraina bo‘yicha kim bilan muzokara olib borish masalasi so‘roq ostida qolgan. Bu gaplar ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagan. Sababi Ukrainaning amaldagi rahbari 2019 yil 20 maydan o‘z lavozimiga kirishgan. Ukrainada Prezident mandati 5 yil ekanligini hisobga olsak, bu yil ortda qolgan 20 may kunida Zelenskiyning boshqaruv muddati tugagan. Saylovlar joriy yilning mart oyida bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq harbiy harakatlarning davom etishi bunga yo‘l bermadi. Shu o‘rinda, mamlakat rahbarining hokimiyati qonuniy yoki aksincha ekanligiga oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan asosiy hujjat Konstitutsiya ekanligini esdan chiqarmaslik lozim. Ammo, afsuski, bu holatda masalani hal qilishda Ukraina Konstitutsiyasi biroz oqsoqlanmoqda. Bunga asosiy sabab esa ayni damda mamlakat hududida sodir bo‘layotgan urush tufayli prezident saylovlarini tashkil qilish imkoni bo‘lmagan holatda amaldagi davlat rahbarining vakolatlari bilan bog‘liq masala qanday tartibga solinishi aniq qilib belgilanmaganidir. Konstitutsiya borasidagi bo‘shliq hozir ukrain elitasi bilan bir qatorda mamlakat atrofida kechayotgan mojarolarga aloqador bo‘lgan kuchlarni ham chuqur o‘yga toldirgan.
Ayni shu kun kelishi bilan Kreml tomondan bu masala yuzasidan sado keldi. Shuningdek, Putin yaqinda Shveysariyada bo‘lib o‘tishi kutilayotgan tinchlik sammiti Zelenskiyning G‘arb hamjamiyati tomonidan qonuniyligini tasdiqlashga qaratilganini ham ta’kidlab o‘tdi. Biroq Ukraina rahbari hokimiyatining qonuniyligini saqlab qolishi uchun bunga ehtiyoj bormi? Putin nimaga asoslanib bunday fikrlarni ilgari surmoqda? Vaziyatning huquqiy ahvoli qanday? Keling, hozir shu savollarga javob qidirib ko‘ramiz.
Putin nimaga asoslanyapti?
Iyun oyida Shveysariyada tinchlik sammiti bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ayrim qarashlarga ko‘ra, bu sammit Zelenskiyning legitimligini mustahkamlashga qaratilgan, xolos. Biroq gap Prezident hokimiyati ustida ketar ekan, bu masala shu davlatda qaror topgan Konstitutsiya orqali hal qilinadi. Ukraina ham bundan mustasno emas. Shunday ekan, xalqaro darajadagi yig‘inlar va boshqa doiradagi qarorlar mamlakat ichki siyosatidagi eng muhim masalalardan biri bo‘lgan davlat rahbari hokimiyatining qonuniyligi bilan bog‘liq masalaga ta’sir qilishi huquqiy jihatdan noto‘g‘ri. Sammit bu borada Zelenskiyga faqatgina “ma’naviy” qo‘llov taqdim qilishi mumkin, ammo undan buyog‘iga o‘ta olmaydi. Putin tomonidan muhokama markaziga olib chiqilgan legitimlik masalasi faqat Ukraina Konstitutsiyasi bilan belgilanadi.
O‘z o‘rnida, Putin ham Ukraina Konstitutsiyasiga nazar tashlagan holda ayrim moddalarda qayd etilgan jumlalarga ishora qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiyning qonuniyligi haqidagi savolga Ukrainaning o‘zida javob topilishi lozim.
“Biz Ukraina Konstitutsiyasida nima yozilganiga qarashimiz kerak, qaysi davlat organlari Ukraina Konstitutsiyasiga muvofiq, saylovlarsiz, saylov tartib-qoidalarisiz uzaytirilishi mumkin va qaysi biri bu huquqlarga ega emas – bu huquqiy tahlil asosida amalga oshirilishi mumkin. Bular Ukraina siyosiy va huquqiy tizimi uchun savollar”, degandi Rossiya rahbari Toshkentdagi matbuot anjumanida.
Ukraina Konstitutsiyasining Prezident va Oliy Rada bo‘limlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, bu so‘zlari bilan Putin bevosita Konstitutsiyaning 112-moddasiga ishora qilgan bo‘lishi mumkin. Xususan, 112-moddada Ukraina Prezidentining vakolatlari ushbu Konstitutsiyaning 108, 109, 110 va 111-moddalariga muvofiq muddatidan oldin tugatilgan taqdirda, keyingi saylovlargacha bo‘lgan davrda Ukraina Prezidenti lavozimida faoliyat yuritish va Prezident vazifalarini bajarish Ukraina Oliy Radasi raisiga yuklanadi. Lekin yuqorida qayd etilgan moddalardagi holatlar bo‘yichagina Rada raisi Prezident lavozimini vaqtinchalik egallashi mumkin. Bu holatlar sirasiga impichment, sog‘liq bilan bog‘liq muammolar va vafot etish sabablari mavjud. Biroq Oliy Rada raisi prezident mandatlari yakuniga yetgan mahalda davlat rahbarining vakolatlarini zimmasiga olishi mumkinligi to‘g‘risidagi norma mavjud emas. Demak, agar Putin shu moddaga suyangan holda Zelenskiyning legitimligini so‘roq ostiga olgan bo‘lsa, uning bu asoslari o‘rinli emas.
Ammo butun boshli mamlakatning Konstitutsiyasida bundan tashqari yana bir bo‘shliq mavjudligi ushbu voqealar fonida yaqqol ko‘zga tashlandi. Konstitutsion normalarga ko‘ra, Oliy Rada butun mamlakat hududida harbiy yoki favqulodda holat e’lon qilingan davrda muddati tugaganligidan qat’i nazar tarqatib yuborilmaydi. Bu esa Rada o‘z vakolatlarini vaziyat taqozo etgan taqdirda saylovlarsiz ham saqlab qolishi mumkinligini anglatadi. Biroq mamlakat Konstitutsiyasida Prezident bilan bog‘liq shunday mazmundagi modda mavjud emas. Ya’ni, harbiy holat prezident saylovi o‘tkazilishi lozim bo‘lgan davrga to‘g‘ri kelsa, bu holatda amaldagi davlat rahbarining hokimiyati qay tarzda amalga oshirilishi aniq belgilanmagan. Katta ehtimol bilan Putin shu va yuqorida bayon etilgan normalarga asoslangan holda Zelenskiyning hokimiyati amalda bo‘ladigan davr qonuniy jihatdan o‘z yakuniga yetganini ta’kidlamoqda. Bir qarashda Rossiya Prezidenti tomonidan bildirilayotgan fikrlar ma’lum darajada dalillarga ega. Ammo urush holatida ichki beqarorlikdan qochish uchun Konstitutsiyadan “darcha” qidirish unchalik ham yomon qaror emas.
Konstitutsiyadan marginal asos
Ukraina Konstitutsiyasiga ko‘ra, Prezident 5 yilga, faqat 2 muddatgagina saylanishi mumkin. Zelenskiyda esa yana bir muddat imkoniyat saqlanib turibdi. Bu masalada unda muammo mavjud emas. Biroq barcha savollar amaldagi muddat o‘z yakuniga yetganiga qaramay, uning hali ham iqtidorda qolayotgani tufayli kelib chiqmoqda. Ushbu vaziyatga turli prizmalardan qaralmoqda va har kim o‘z fikrini bildirib kelyapti. Masala to‘g‘ridan to‘g‘ri yuridik jihatdan hal qilinishi tufayli yana Ukraina Konstitutsiyasiga murojaat qilishga majburmiz. Ukraina Konstitutsiyasining Prezident bo‘limida qayd etilgan 108-moddasiga ko‘ra, Ukraina Prezidenti o‘z vakolatlarini Ukrainaning yangi saylangan Prezidenti o‘z lavozimiga kirishgunga qadar amalga oshiradi. Keng ommaga tarqatilayotgan xabarlarda Konstitutsiya bo‘yicha Zelenskiyning hokimiyati qonuniy ekanligining isboti sifatida hozircha bundan boshqa yaroqli dalil mavjud emas. Undan tashqari ukrainlarning bosh qomusida Prezident o‘z vakolatlarini hech kimga va hech bir organga topshirishi mumkin emasligi to‘g‘risida ham norma mavjud. Biroq bular ushbu masala yuzasidan Zelenskiy tomonga og‘ishuvchi juda zaif asoslar hisoblanadi. Mazkur dalil amaldagi davlat rahbarining vakolatlari avtomatik tarzda davom etib ketishini yetarli darajada kafolatlamaydi.
Bunday holatda Ukrainaning amaldagi rahbari uchun mustahkam va qat’iy asos lozim edi. Siyosiy elita esa bunday asosni topdi. Konstitutsiyaning Oliy Rada vakolatlari haqidagi moddasida Rada vakolatlari doirasiga Ukraina Prezidenti saylovini tayinlash belgilangan. Bu vakolatdan esa quyidagicha foydalaniladi:
Zelenskiyni qutqarayotgan hujjat
2023 yilning noyabrida Oliy Radadagi fraksiya rahbarlari memorandum imzoladi va unga ko‘ra, saylovlar mamlakatda sodir bo‘layotgan urush tugaganidan keyingina o‘tkazilishi mumkinligi belgilandi. Aslida bu tartib Ukraina milliy qonunchiligida avval ham mavjud edi, biroq bu yerdagi asosiy masala saylov qachon o‘tkazilishi emas, balki prezidentning hokimiyatini qonuniylashtirish ekanini anglash qiyin emasdi. Ukraina Markaziy saylov komissiyasi raisi Oleg Didenko urushni inobatga olgan holda Ukraina rahbarining 20 maydan keyingi vakolatlari avtomatik ravishda yangi saylovlar o‘tkazilgunga qadar uzaytirilishini aytdi. Ukrainadagi siyosiy partiyalar saylovlarni urush oxirigacha qoldirishga kelishib oldi.
Noyabr oyi o‘rtalarida sodir bo‘lgan bu jarayonda Oliy Radada, ya’ni Ukraina parlamentida o‘z vakiliga ega bo‘lgan barcha siyosiy partiyalar memorandum imzolagan. Hujjatga ko‘ra, parlament va prezidentlik saylovlari urush va harbiy holat tugaganidan keyin saylovga tayyorgarlik ko‘rish uchun yetarli vaqtda o‘tkazilishi kerak va amaldagi Prezident vakolat muddati saylovlarsiz uzaytiriladi. Harbiy holat tugaganidan keyin kamida olti oy o‘tgach saylov o‘tkazilishi mumkin, chunki bu muddat saylovga tayyorgarlik ko‘rish uchun yetarli hisoblanadi.
Hujjatni “Xalq xizmatchisi” fraksiyasidan David Araxamiya, “Batkivshina” partiyasidan Yuliya Timoshenko, “Yevropa birdamligi” fraksiyasi hamraisi sifatida Irina Gerashchenko, “Ovoz” fraksiyasidan esa Aleksandra Ustinova va boshqa parlament guruhlari vakillari imzolagan. Hozirda Zelenskiy hokimiyatining dardiga darmon bo‘layotgan yaroqli asos aynan mana shu memorandum hisoblanadi. Qisqa qilib aytganda, Vladimir Zelenskiy uchun ushbu hujjatning varaqlari urushning yakunlanishi va keyingi saylov natijasigacha bo‘lgan muddat davomida “bunker” vazifasini o‘taydi.
Xalqaro munosabat
Albatta, Ukrainada bugun vakolat bilan bog‘liq muammoli vaziyat ro‘y berayotgan bir paytda, dunyo ushbu vaziyatga jim qarab tura olmaydi. Bu jarayonda tashqi dunyodagi hamkorlar Zelenskiyning boshqaruvi huquqiy jihatdan asoslanishi uchun dalil axtarsa va uning mustahkam bo‘lishiga jon kuydirsa, boshqa bir slavyan davlati hisoblanmish Rossiya uning legitimligi tugaganini isbotlash uchun tirishadi. Xalqaro tashkilotlar, xususan, BMT Vladimir Zelenskiyni garchi rasmiy ravishda uning davlat rahbari sifatidagi vakolati 20 mayda tugagan bo‘lsa ham uni Ukraina Prezidenti deb hisoblashda davom etishini e’lon qildi. Tashkilot vakilining so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy BMT uchun Ukraina davlat rahbari bo‘lib qolaveradi.Tashkilot urush muammosi yoniga ichki siyosiy beqarorlik ham qo‘shilishini xohlamagani ko‘rinib turibdi. Shuning uchun ayni damda BMT uchun Zelenskiyning legitimligi juda muhim. BMT Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro ortidan xalqaro munosabatlarda yuzaga kelgan beqarorlik tufayli 2 yildan ortiq vaqt davomida kuchli zo‘riqishlarni boshidan o‘tkazmoqda. Tashkilot dunyoga kerak yoki yo‘q, degan savol anchadan buyon dolzarblashayotgan paytda, Sharqiy Yevropadagi notinchlik BMTning kelajagi haqidagi savollarni yanada urchitdi. Shunday ekan, BMT urush atrofidagi mintaqaviy muammolar bilan bir qatorda ichki mahalliy beqarorliklar ham bo‘y ko‘rsatishini istamaydi.
Rossiya Federatsiyasi esa bu masala yuzasidan chigallik yaratish uchun qo‘lidan kelgancha harakat qilmoqda. So‘nggi kunlarda Rossiya rasmiylari va targ‘ibotchilari bir xil tezisni bir necha bor takrorlab, 2024 yil 20 maydan keyin Vladimir Zelenskiy vakolat muddati tugashi munosabati bilan legitimlikni yo‘qotganligini tinimsiz aytib kelmoqda.
Zelenskiy esa bunga javoban ukrainaliklar o‘z Konstitutsiyasi va qonunlarini bilishini aytdi.
“Ular Rossiyaning noqonuniy Prezidentining Ukraina Prezidentining noqonuniyligiga qarshi bayonotlari, ochig‘ini aytganda, zerikarli ekanini tushunishadi. Qiziq emas. Qonunlarni o‘qishni biladigan barcha adekvat odamlar o‘qib, xulosa topadi. Xullas, rostini aytsam, bu meni unchalik bezovta qilmaydi”, deya mavzuga nuqta qo‘ydi Zelenskiy.
Xulosa qilib aytganda, zamonaviy dunyoda vaziyat siyosiy yechim talab qilganda, huquqning bir chetda sukut saqlab turishi hayratlanarli hodisa bo‘lmay qoldi.