Zelenskiyning “g‘alaba rejasi” nimalarni o‘z ichiga oladi?
Olam
−
17 Oktabr
5877Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat aholisiga murojaat qilib, ularni Prezident devoni tomonidan tayyorlangan va uzoq vaqt davomida sir tutilgan “g‘alaba rejasi”ni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Bu haqda u kecha, 16 oktyabr kuni Oliy Radada so‘z ochdi.
Zelenskiy “g‘alaba rejasi”ni dastlab AQSH Prezidenti Jo Baydenga taqdim etdi, so‘ng Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va Italiya rahbarlari bilan muhokama qildi. Va shundan keyingina, xalqqa murojaat qildi.
Zelenskiyning “g‘alaba rejasi” nimani taklif qiladi?
“G‘alaba rejasi” 5 banddan iborat – geosiyosiy, ikkita harbiy, iqtisodiy va xavfsizlik va yana uchta maxfiy protokol.
Birinchi band – Ukrainani NATOga taklif qilish. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainani NATOga taklif qilish fakti butun dunyo uchun asos bo‘lishi mumkin, shuningdek, Putin uchun uning geosiyosiy hisob-kitoblari yutqazayotganining isboti bo‘lishi mumkin. Prezident, shuningdek, Ukrainaning NATOga qo‘shilishi masalasida hamkorlarning qat’iyligi Yevropa integratsiyasi muqarrarligini anglatishini ta’kidladi.
Ikkinchi band – himoya. Vladimir Zelenskiyning aytishicha, Ukraina armiyasining jangovar samaradorligini saqlab qola oladigan qurollarning aniq ro‘yxati mavjud. Ushbu bandni amalga oshirish Rossiyaning ayrim hududlarida Mudofaa kuchlarining operatsiyalarini davom ettirishni, shuningdek, Ukraina pozitsiyalarini mustahkamlashni va bosib olingan hududda Rossiyaning hujumkor salohiyatini yo‘q qilishni o‘z ichiga oladi.
Bu band, shuningdek, hamkorlarning yordamiga, xususan Ukraina Qurolli kuchlari uchun zaxira brigadalarini jalb qilish, havo mudofaasini kuchaytirish, sheriklar bilan birgalikda Rossiya dron va raketalarini urib tushirish, Ukraina mudofaa ishlab chiqarishiga sarmoya kiritish, cheklovlarni olib tashlashga asoslanadi.
Uchinchi band – cheklash. Vladimir Zelenskiyning tushuntirishicha, Ukraina o‘z hududida yadroviy bo‘lmagan keng qamrovli strategik to‘xtatuvchi paketni joylashtirishni taklif qilmoqda, bu esa mamlakatni Rossiyadan keladigan har qanday harbiy tahdiddan himoya qilish uchun yetarli bo‘ladi.
To‘rtinchi band – strategik iqtisodiy salohiyat. Ukraina strategik hamkorlarni mamlakatda mavjud bo‘lgan muhim resurslarni birgalikda himoya qilish, qo‘shma sarmoya kiritish va tegishli iqtisodiy salohiyatdan foydalanish bo‘yicha maxsus bitim tuzishga taklif qiladi. Gap tabiiy resurslar va muhim metallar, xususan, uran, titan, litiy, grafit va boshqa strategik qimmatli resurslar haqida bormoqda.
Beshinchi band – xavfsizlik. U urushdan keyingi davrga mo‘ljallangan va agar sheriklar rozi bo‘lsa, Yevropada joylashgan AQSH Qurolli kuchlarining alohida harbiy kontingentlarini zamonaviy urush, G‘arb qurollaridan foydalanishning haqiqiy tajribasiga ega bo‘lgan Ukraina bo‘linmalari bilan almashtirishni nazarda tutadi.
“Ukrainaning bu tajribasidan butun ittifoq mudofaasini kuchaytirish va Yevropada xavfsizlikni ta’minlash uchun foydalanish kerak”, deya xulosa qilgan Zelenskiy.
Oliy Radada “g‘alaba rejasi” taqdim etilganidan so‘ng ko‘pchilik deputatlar Prezidentni olqishladi. Shu o‘rinda u muxolifat vakillarining qarshiligiga uchradi.
Tahlilchilarga ko‘ra, Zelenskiyning Oliy Radada taqdim etgani Ukraina Prezidenti xalqaro hamkorlarga taqdim etgan narsaning to‘liq bo‘lmagan variantidir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni YeI sammitida ishtirok etishga taklif qilgandi.
2024 yil sentyabr oxirida AQSHga tashrifi chog‘ida Vladimir Zelenskiy mamlakatning amaldagi Prezidenti Jo Baydenga, shuningdek, bu lavozimga nomzodlar Kamola Harris va Donald Trampga o‘zining "Kreml tomonidan boshlangan urushda Ukraina uchun g‘alaba rejasi“ni taqdim etganini aytdi. Biroq keyinroq “The Wall Street Journal” Oq uydagi manbalariga tayanib, Zelenskiyning rejasi “keng qamrovli strategiya” yo‘qligi sababli Bayden ma’muriyatini “taassurot qoldirmagani” haqida xabar berdi.
LiveBarchasi