Zelenskiyga Vashingtonda shou qo‘yiladi va u yana urushga yuboriladi – Matviyenko
Olam
−
21 dekabr 2022 7966 3 daqiqa
Rossiya Federatsiyasi Federatsiya Kengashi spikeri Valentina Matviyenkoning aytishicha, u Ukraina bilan yaqin kelajakda muzokaralar olib borish uchun hech qanday shart ko‘rmayapti, chunki Kiyevda gaplashadigan mavzu va gaplashadigan odam yo‘q.
“Ochig‘ini aytaman: bugun men [rasmiy Kiyev bilan] yaqin kelajakda bo‘ladigan muzokaralar uchun zarur shartlarni ko‘rmayapman. Gapiradigan hech narsa va hech kim yo‘q”, deb javob berdi Matviyenko jurnalistlar savoliga.
Matviyenko so‘zida davom etarkan, Ukrainada mustaqil siyosatchilar yo‘qligi uchun ham Kiyev rejimi bilan gaplashadigan hech narsa mavjud emasligini ta’kidlaydi. Unga ko‘ra, Kiyevning kun tartibi Vashington tomonidan belgilanadi.
Matviyenko Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning AQSHga tashrifi chog‘ida tinchlik o‘rnatish shartlari va Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilinmasligiga ishonch bildirdi.
“Zelenskiyning AQSHga tashrifi, Ukrainani tinchlikka va muzokaralarga majburlash uchun hech qanday shart-sharoit bo‘lmasligiga ishonchim komil. U yerda yangi qurol yetkazib berish muhokama qilinadi, Ukrainani harbiy qo‘llab-quvvatlash uchun o‘sib borayotgan byudjet muhokama qilinadi, bu ham muzokaralarni boshlash uchun shart-sharoit yaratmaydi. O‘ylaymanki, ular shou qo‘yishadi, keyin yelkasidan silab, yana xalta berib, urushga jo‘natishadi. Katta ehtimol bilan tashrif faqat shu bilan yakunlanadi”, deydi u.
Matviyenkoning so‘zlariga ko‘ra, agar Vashington Ukraina tomoniga shunchaki barmog‘ini silkitib, muzokara stoliga o‘tirishni aytganida, bu darhol amalga oshirilgan bo‘lardi, buni hamma yaxshi biladi.
“Hozircha, afsuski, jamoaviy G‘arbning maqsadlari Rossiyaning rivojlanishini iloji boricha zaiflashtirish, uni ushlab turish, harbiy kuchimizni zaiflashtirish va Rossiya ustidan qandaydir g‘alabaga erishishga harakat qilishdir, bu mumkin emas. Bunday noprofessionallik, tarixni bilmaslik, yurtimizni bilmaslik, rus xarakterini, fuqarolarimizning xususiyatlarini bilmaslik shunchaki hayratlanarli”, deydi u.
Matviyenkoning ta’kidlashicha, Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar faqat rasmiy Kiyev bugungi kunda mavjud voqelikni tan olgan taqdirdagina muhokama qilinishi mumkin.
“Biz bugun mavjud voqelikni tan olgan holda faqat muzokaralar haqida gapirishimiz mumkinligini bir necha bor ta’kidlaganmiz. Aks holda, muzokaralarni boshlash imkoniyatini ko‘rmayapmiz. Shuning uchun, afsuski, yaqin kelajakda muzokaralar jarayonini boshlash uchun bunday imkoniyatni ko‘rmayapman. Lekin bu bizga bog‘liq emas, bu qanday sabablarga bog‘liq, men buni allaqachon aytdim”, deya xulosa qildi Federatsiya Kengashi spikeri.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun, 21 dekabr kuni AQSH Prezident Jo Bayden bilan muzokara o‘tkazgani Vashingtonga yo‘l oldi. Tashrif davomida Zelenskiy AQSH Kongressida nutq so‘zlashi rejalashtirilgan. Muhim shuki, bu Zelenskiy Rossiya Ukrainaga nisbatan qurolli bosqin boshlaganidan beri ilk bor xorijiy tashrifni amalga oshiryapti.
Live
Barchasi