Zelenskiy Yevropa bo‘ylab safarga otlandi
Olam
−
10 Oktabr
3751Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ertaga, 11 oktyabr kuni Berlinga boradi. Tashrif davomida u Germaniya kansleri Olaf Shols va Germaniya federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan uchrashadi. Bu haqda kecha, 9 oktyabr kuni Germaniya hukumati vakili ma’lum qildi.
Shu bilan birga, bugun, 10 oktyabr kuni Vladimir Zelenskiy Parijga boradi va uni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron qabul qiladi.
“Uchrashuv Prezidentga Fransiyaning Ukraina va uning xalqiga uzoq muddatli istiqbolda va barcha ittifoqchilar bilan birgalikda cheksiz yordam ko‘rsatishda davom etishdagi qat’iyligini tasdiqlash imkoniyatini beradi”, deya xabar beradi Yelisey saroyi.
O‘z navbatida, Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni idorasi 10 oktyabr kuni Rimda Zelenskiy bilan ham uchrashishini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Ukraina Prezidenti Vatikanda Rim papasi Fransisk tomonidan qabul qilinadi.
Zelenskiyning o‘zi Xorvatiya Bosh vaziri Andrey Plenkovich bilan Dubrovnikda o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida yaqin kunlarda Buyuk Britaniyaga rejalashtirilgan tashrifini ma’lum qildi. U yerda Bosh vazir Kir Starmer bilan uchrashadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Jo Bayden ikki tomonlama munosabatlar doirasidagi ilk tashrifi uchun 10 oktyabr kuni Berlinga uchishi rejalashtirilgan edi. 8 oktyabr kuni Vashington Baydenning safari “Milton” to‘foni tufayli qoldirilganini e’lon qildi.
Germaniya hukumati, xususan, Baydenning tashrifi bekor qilingani sababli Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer Germaniyaga kelmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi