Zelenskiy Vashingtonda Bayden va Harris bilan uchrashdi
Olam
−
27 Sentabr
2467Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 26 sentyabr kuni Oq uyda AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan uchrashdi. Bu haqda SNN xabar berdi.
2025 yilning yanvar oyida vakolat muddati tugaydigan Bayden Zelenskiyga Qo‘shma Shtatlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga ishontirdi. Bundan tashqari, u Qo‘shma Shtatlar Kiyevga yangi harbiy yordam paketini ajratishini ma’lum qildi, uning hajmi 2,4 milliard dollarni tashkil qiladi.
“Ochig‘ini aytsam, Rossiya urushda g‘alaba qozonmaydi. Takrorlayman, Rossiya urushda g‘olib kelmaydi. Ukraina g‘alaba qozonadi va biz sizning yoningizda turishda davom etamiz”, dedi Amerika davlat rahbari.
AQSH Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, paketga qo‘shimcha havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari, havodan yerga o‘q-dorilar, dronlar, xavfsiz aloqa vositalari va boshqa harbiy texnika kiradi. Avvalroq, Baydenning prezidentlik muddati tugaguniga qadar Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga jami 8 milliard dollar ajratishi e’lon qilingan edi.
Bundan tashqari, Zelenskiy Vashingtonda AQSH vitse-prezidenti, noyabr oyidagi prezidentlik saylovlarida Demokratik partiyadan nomzod Kamola Harris bilan uchrashdi. Harris ham Ukraina Prezidentini Vashingtonning Kiyevni qo‘llab-quvvatlashi doimiy tarzda bo‘lib qolishiga ishontirdi. Bundan tashqari, u Ukrainani suveren hududining muhim qismidan voz kechishga majburlamoqchi bo‘lganlarni, Ukrainadan betaraflikni qabul qilishni talab qilayotganlarni tanqid qildi.
“Associated France Press” Harrisning gaplarini saylovdagi raqibi respublikachi Donald Tramp tashabbuslarini bilvosita tanqid qilish, deb baholagan.
Ukraina bo‘yicha yangi yig‘ilish Germaniyada bo‘lib o‘tadi
Oq uy bir necha kun oldin Jo Baydenning Germaniyaga tashrifi doirasida oktyabr oyida Ukraina bo‘yicha Ramshteyn formatidagi aloqa guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tishini ma’lum qilgandi. Ushbu yig‘ilishda Ukrainani Rossiya tajovuzidan mudofaa qilishda qo‘llab-quvvatlayotgan 50 dan ortiq davlatlarning sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 12 oktyabr kuni Bayden va Zelenskiyning Germaniyada shaxsiy uchrashuvi o‘tkazilib, u yerda Zelenskiy taqdim etgan “Ukrainaning g‘alaba rejasi” muhokama qilinadi, deya xabar beradi Vashington.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Jo Bayden Germaniya kansleri Olaf Shols, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron hamda Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan Ukrainaga keyingi yordamni muhokama qilish uchun Berlinga tashrif buyurishi xabar qilingandi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Bayden prezidentlik kursisini egallaganidan beri Berlinga ilk bor tashrif buyuradi. U Germaniya poytaxtiga prezidentlik saylovlariga bir oydan kamroq vaqt qolganda – 10 oktyabr kuni tashrif bilan boradi va u yerda 3 kun qoladi. AQSH, Fransiya, Germaniya hamda Britaniya o‘rtasidagi to‘rtlik formatidagi uchrashuv Ukrainani yanada qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlanadi.
LiveBarchasi
06 noyabr