Zelenskiy Tramp bilan qo‘ng‘iroqlashdi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 8 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Ukraina rahbari o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.

Zelenskiyning yozishicha, u Tramp bilan tinchlikka erishish uchun keyingi sa’y-harakatlar, jumladan, olinishi mumkin bo‘lgan aniq qadamlar zarurligini muhokama qilgan.

“Prezident Tramp jang maydonidagi vaziyat haqida so‘radi va men unga qisqacha ma’lumot berdim. Shuningdek, men Ukraina bugundan boshlab 30 kunlik otashkesimga tayyor ekanini aytdim.  Biz Rossiyadan bu taklifga rozi bo‘lishini kutamiz. Shuningdek, Ukraina har qanday formatdagi muzokaralarga tayyor ekanligini tasdiqladim. Lekin buning uchun Rossiya to‘liq va so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatishdan boshlab, urushni tugatish niyatining jiddiyligini ko‘rsatishi kerak”, deya yozadi Zelenskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp “bu urush tugashini xohlashini, yordam berishga tayyorligini va o‘t ochishni to‘xtatish zarurligini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlagan”.

Zelenskiyning fikricha, AQSH Rossiyani 30 kunlik sulhga rozi qilishi mumkin.

“Rossiyaliklar o‘t ochishni to‘xtatishni qo‘llab-quvvatlashi kerak. Ular urushni tugatishga tayyor ekanliklarini isbotlashlari kerak. Tinchlik yillarining boshlanishi bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘ttiz kun. O‘t ochishni uzoq va ishonchli to‘xtatishning o‘zi tinchlik sari harakatning haqiqiy ko‘rsatkichi bo‘ladi. Amerika bunga yordam berishi mumkin. Dunyo 80 yil avvalgidek Amerikaga muhtoj”, degan Ukraina rahbari.

Ma’lumot uchun, kecha, 8 may yarim tundan boshlab Rossiya tomonidan e’lon qilingan sulh amal qiladi, u 11 may yarim tungacha davom etadi. Moskva Kiyevni unga rioya qilishga chaqirdi, aks holda “samarali javob” berishga va’da berdi. Zelenskiy tashabbusni rad etib, 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qildi va “uch, besh, yetti kun ichida hech narsa haqida kelishib bo‘lmasligini” tushuntirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘anga murojaat qilib, Ukrainadagi mojaroda vositachilik qilishni so‘ragan edi. Donald Tramp Erdo‘g‘anning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan ham, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham muloqot olib borish qobiliyatini qayd etgan. Shu munosabat bilan Tramp turkiyalik mavqedoshiga vositachilik qilishni taklif qilgan. Ammo Turkiya rahbarining bu iltimosga javobi ma’lum qilinmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing