Zelenskiy sobiq matbuot kotibiga qarshi sanksiyalar joriy qildi
Olam
−
08:31 852 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy sobiq matbuot kotibi Yuliya Mendel va yana to‘qqiz kishiga Rossiya propagandasini tarqatish hamda Moskvaning Ukrainaga qarshi agressiv siyosatini qo‘llab-quvvatlashda ayblab, sanksiyalar joriy qildi. Bu haqdagi farmonni Zelenskiy kecha, 13 sentyabr kuni imzoladi.
Zelenskiyning farmoni bilan joriy etilgan sanksiyalar 10 yil amal qiladi. Ular aktivlarni muzlatish va savdo operatsiyalariga cheklovlar qo‘yishni nazarda tutadi.
Mendel Zelenskiyning 2019–2021 yillardagi birinchi matbuot kotibi bo‘lgan. U Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanishidan oldin Prezident ma’muriyatida ishlagan.
Mendel Facebook'dagi bayonotida Ukraina fuqarolariga nisbatan sanksiyalar joriy etish konstitutsiyaga zid ekanini aytdi. U, shuningdek, sanksiyalar qo‘llanilishini kutganini bildirib, Zelenskiyni Ukrainada tinchlik tarafdori bo‘lganlarga qarshi chora ko‘rishda aybladi.
Sobiq matbuot kotibi o‘tgan yildan buyon Zelenskiy faoliyatini, xususan, Prezidentning yaqin doirasidagi ayrim shaxslar korrupsiya janjallariga aralashganidan keyin, tanqid qilib kelgan. Bu ishlarda gumon qilinganlar o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlarni rad etgan.
Ukraina Prezidenti devoni ma’lum qilishicha, yangi sanksiyalar “dezinformatsiya va Rossiya propagandasini tarqatadigan hamda Rossiyaning Ukrainaga nisbatan agressiv siyosatini qo‘llab-quvvatlaydigan” 10 nafar Rossiya va Ukraina fuqarosiga nisbatan joriy etilgan.
Ukrainada sobiq yuqori martabali siyosatchilarga nisbatan ham sanksiyalar qo‘llangan. Jumladan, 2025 yilda sobiq prezident va muxolifat siyosatchisi Pyotr Poroshenkoga milliy xavfsizlik sabablari bilan aktivlarni muzlatish va mamlakatdan kapital olib chiqishni taqiqlash kabi cheklovlar joriy etilgan.
Live
BarchasiIsroil droni G‘azoda avtomobilga zarba berdi
13 sentabr